Breaking News

Pandemiya yetkazgan zararni sug'urta qoplaydimi?


Pandemiya va sug'urta
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:42 0:00

Koronavirus pandemiyasi tufayli minglab bizneslar yopilgach, ko’pchilik yetkazilgan moddiy zararni sug’urta to’lab berishiga umid qildi. Ammo sug’urta kompaniyalari 2002-yilgi pandemiya ortidan o’z shartlarini o’zgartirishga ulgurgan edi.

Hozir AQShdagi restoranlarning ichki xonalari 50 foizlik quvvat bilan ishlamoqda. Bar odatdagi 20 odam o’rniga bir paytda to’rt kishini qabul qilishi mumkin. Demak, daromad ham ikki barobar qisqaradi. Martdan iyungacha esa ular umuman ishlamadi.

“Ba’zi odamlarni ishdan bo’shatdik, ba’zilarini maoshsiz tanaffusga chiqardik. Ishsizlik nafaqalarini olishdi. Hozir ishga qaytishgan. Deyarli hammani qayta ishga oldik”, - deydi restoran egasi Mark Busher.

“Medium Rare” restorani egasi Mark Busherning aytishicha, pandemiya tufayli u yuz minglab dollar boy berdi. Zararni qoplash uchun sug’urta kompaniyasiga murojaat qildi. U shu paytgacha biznes sug’urtasi uchun 25 ming dollar sarflagan.

“Bizga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra ishlay olmayotganimizni da’vo qilib, boshqa ko’plab bizneslar qatori sug’urta kompaniyamizga ariza bilan chiqdik. Boy berilgan foyda va tushumni qoplab berishlarini so’radik. Lekin ko’p o’tmay, pandemiya yoki virus qoplanishi mumkin bo’lgan zararlar ro’yxatiga kirmaydi, degan javob oldik”, - deydi u.

2002-2003-yillar dunyoga SARS virusi tarqalganda, sug’urta kompaniyalari zarar ko’rgan bizneslarga millionlab dollab to’lab bergan edi. Shundan so’ng ular sug’urta shartlarini o’zgartirdi.

Ba’zilari pandemiya yoki virus yetkazadigan zararlar qoplanmaydi, degan bandlarni qo’shgan bo’lsa, boshqalari mavhumroq so’zlar bilan xuddi shu narsani nazarda tutdi.

Mustaqil ekspertlarga ko’ra, hammasi shartnomada nima yozilganiga bog’liq.

“Odatdagi biznes sug’urtasida jismoniy zararning mavjud bo’lishi talab qilinmasligi kerak. Ba’zilarda shu narsa yo’q, lekin shu narsa borligini baribir ro’kach qilishyapti”, - deydi “Chevy Chase Law” huquqiy firmasi asoschisi Allan Poteshmen.

Sug’urta kompaniyalarining da’vo qilishicha, pandemiyani qoplamaslikdan maqsad to’lov qilishdan bo’yin tovlash emas, aksincha, sug’urta biznesini saqlab qolishdir.

AQSh hech qachon bu qadar katta falokat bilan yuzlashmagan. Bundan avvalgi eng ulkan ofat Katrina to’foni paytida yuz bergan. O’shanda sug’urta kompaniyalari 54 milliard dollar to’lagan. “Covid-19” pandemiyasi esa har oy 250 milliarddan 450 milliard dollargacha zarar yetkazmoqda. Bu faqat kichik bizneslarga oid raqam va sug’urta kompaniyalari kelajakdagi zararlarni qoplash uchun ishlatadigan mablag’larning yarmidan ko’pini tashkil etadi.

“Agar pandemiya sug’urta shartnomasiga kiritilsa, zarar da’volari shu qadar ko’p bo’ladiki, ularni qoplashga sug’urta kompaniyalarining mablag’i yetmaydi”, - deydi “Bravo” sug’urta kompaniyasi egasi Yevgeniy Yeroshenko.

Sug’urta kompaniyalarining aytishicha, bunday paytlarda hukumat yordam berishi kerak. Biznes egalari esa hukumatga yuzlanib, pandemiya kabi holatlar yuz berganda sug’urta kompaniyalari to’lovdan bo’yin tovlashini taqiqlovchi qonun ishlab chiqishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG