Dunyo bo'ylab hukumatlar COVID-19 virusiga qarshi kurash bahonasi bilan o'z fuqarolarining internet huquqlarini kengroq buzishga o'tgan va ular haqida zimdan axborot to'plash harakatlarini kuchaytirgan.
'Freedom House" ("Ozodlik uyi"), Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot, bu borada ogohlantirmoqda. Erkinlikni targ'ib qiluvchi nohukumat muassasa har yili Freedom on the Net report degan nom ostida hisobot chiqarib, internetdagi erkinlik darajasini tahlil qiladi.
Bu yilgi xulosa shuki, pandemiya davrida nafaqat hukumatlar, balki nohukumat va xususiy sektor ham global tarmoqda insonlar huquqlarini ko'proq va qo'polroq ravishda poymol eta boshlagan.
Xitoy singari davlatlarda raqamli texnologiya karantin paytida aholini yaqindan nazorat qilish uchun qo'l kelgani sabab, avtoritar tuzum vaziyat yaxshilangani sari favqulodda choralarni bekor qilar ekan, internetdagi cheklovlarni olib tashlamagan. Aksincha, bu mexanizmlar yanayam takomillashib, doimiy choraga aylanmoqda.
"Tarixdan ma'lumki, inqiroz davrida ishga solingan texnoligiya va chiqarilgan qonunlar amalda qolish ehtimoli baland", - deydi Adrian Shahbaz, "Ozodlik uyi" eksperti.
Shahbaz - texnologiya va demokratiya masalalari bo'yicha mutaxassis. U Amerikada 2001-yilning 11-sentabridagi terror voqealari ketidan qo'llangan choralar keyinchalik boshqa shaklga kirganini eslatadi.
COVID-19 insoniyatni qaqshatar ekan, pandemiyaga qarshi kurash doirasida tadbiq qilingan usullar, texnologiya va siyosat, hukumat nazarida samarali bo'lsa, davomiy tarzda qo'llanaveradi.
O'z xalqini raqamli sistemalar orqali nazorat qilishda Xitoyga yetadigani yo'q, deyiladi hisobotda. Hukumat oddiy va ilg'or vositalarni birdek ishga solgan.
Koronavirusdan saqlash uchun qilinmoqda, deya odamlarning mustaqil axborot olish yo'llari yopilgan. Fuqaro hukumatdan tashqari boshqa hech bir manbaga tayana olmasligi uchun texnologik choralar ko'rilgan.
"Pandemiya davrida Xitoy yangi uskunalarni sinovdan o'tkazdi va hozirda serqirra senzura va nazorat apparatiga ega", - deydi Sara Kuk, hisobot ustida ishlagan ekspert.
Aslida bu texnologiyalar Shinjon viloyatida, uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan mintaqada bu elat vakillariga nisbatan ishlatiladi. Hozirda butun mamlakat bo'ylab qo'llanmoqda, deydi mutaxassislar.
Shaxsni aniqlab, harakat va ovozni analiz qiluvchi sistemalar inson erkinligiga befarq, huquq-tartibot organlari esa ularga effektiv jihozlar deb qaraydi.
Karantin nazorati deya bu uskunalar odamlarning uylariga va tashqariga o'rnatilib, organlar ular orqali fuqaroning butun hatti-harakatini, so'z va fikr erkinligini ham cheklamoqda.
Bunday usullar va ular ortidagi texnologiya boshqa hukumatlar tomonidan ham sotib olingani, ayni damda ko'plab davlatlar ularga intilayotgani va Xitoy bilan bu borada ishlayotgani ma'lum.
"Ozodlik uyi" hisobotiga ko'ra, Pekin o'z hamkorlariga namuna.
Markaziy Osiyo davlatlarida internet erkinligi borasida progress kuzatilmaydi. Besh respublika ichida nisbatan erkin hisoblanadigan Qirg'izistonda ham bu yil vaziyat salbiylashgan.
O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmaniston - "Ozodlik uyi" xaritasida binafsha rangda, ya'ni erkin bo'lmagan jamiyatlar, barcha yo'nalishlarda.
Kanada va Estoniya internet eng erkin davlatlar deb topilgan. AQSh bu borada yettinchi o'rinda va uning hukumati to'rt yildan beri global tarmoqni cheklanayotganlikda tanqid qilinadi.