21-oktabr Afg’onistonda ham milliy o’zbek tili kuni deya qayd qilingan. Bu kun bayram sifatida prezident saroyida nishonlangan.
Ushbu munosabat bilan prezident saroyida o’tkazilgan tadbirda Afg’onistonga rasmiy tashrif bilan kelgan O’zbekiston Bosh vaziri o’rinbosari Sardor Umurzoqov ham qatnashgan.
Nutqini o’zbek tilida boshlagan Prezident Ashraf G’ani o’zbek tili Afg’onistonning tarixiy qadriyatlaridan bo’lganini ta’kidladi.
“O’zbek tili bu mamlakatning qimmatli ganjlaridan biridir. Bu tilning rivojlanishi va ravnaqi uchun kerakli fursatlarni yaratishga sodiqman. O’tgan besh yil ichida Afg’oniston davlati bu to’g’rida munosib zaminlar yaratib berdi, ammo bu yetarli emas”,- dedi G’ani.
Afg’onistonda qo’llaniladigan tillar haqida gapirgan prezident, har bir til rivoji mintaqaviy aloqalarni kuchaytirishga va hamkorlikni oshirishga hissa qo’shishini ta’kidladi.
“Yana yuz yildan so’ng, Afg’oniston-O’zbekiston uzluksiz munosabatlarni tikladi. Markaziy Osiyo besh davlatining tarixiy, iqtisodiy va madaniy hamkori bo’lgan Afg’onitson yana bir safda turibdi. Kun-sayin munosabatlarimiz kuchaymoqda. Natijada ham biz, ham Markaziy Osiyo davlatlari barqarorlik sari yo’l olmoqda”, - dedi G’ani.
Pashtu va dari tillari yonida o’zbek tili ham oliy o’rin egallashi uchun harakat ketyapti, deydi davlat rahbari.
“O’zbek tili rivojlanishi uchun hanuz ham oliy ta’lim va maorif vazirliklari va davlat idoralarida qiyinchiliklar mavjud, ammo bu muammolar hal bo’lishi uchun irodamiz kuchli”, - dedi prezident.
2019-yil bir qator ziyolilar tashabbusi va harakati bilan Afg’onistonda milliy o’zbek tili kunini nishonlash yo’lga qo’yildi. O’zbek tili kuni bir qator viloyatlarda ham bayram qilinmoqda.