Tojikistonlik Humayra Baxtiyor
Terrorizmga qarshi siyosatni yoritgani uchun Humayra Baxtiyor vatani Tojikistonni tark etishga majbur bo'lgan. Davlat xavfsizlik organlari uni muntazam kuzatar, qo'rqitar va har safar maqolasi chiqqanida tahdid qilishar edi.
Humayra Germaniyadan boshpana oldi, lekin faoliyatini to'xtatmadi. Tojikiston rasmiy idoralari ham unga do'q-po'pisani davom ettirmoqda. Oldinlari bevosita o'zi xavf ostida ekanini aytishar edi. Hozir esa mutasaddilar uning yaqinlari va oilasiga bosim o'tkazmoqda.
Humayra jurnalist sifatida 2007-yilda ish boshlagan. Qariyb to'qqiz yil mobaynida parlamentni yoritgan. Mana shu jarayonda u ko'plab korrupsiya ishlarini fosh etgan.
Nepotizm va yulg'ichlik, xotin-qizlar huquqlarining toptalishi, so'z va matbuot erkinligining bo'g'ilishi, ta'lim sohasidagi muammolar - Humayra bu mavzularni qo'rqmasdan ko'tara olgan va har biri amaldagi siyosatga va rahbariyatga borib taqalishini ko'rsatgan.
2013-yildan boshlab, xavfsizlik idoralari uni bezovta qilishga tushadi. Maqolalari ularning asabiga tegayotgani ma'lum edi. Yozishdan to'xtamasa, tirik qolmasligi haqida ham ogohlantirishlar bo'lgan.
Humayrani bir necha bor tekshirishadi. Jurnalist organlarning ko'z ostida ekani eslatib turiladi. Faoliyatini davom ettirar ekan, u haqda uydirmalar tarqatib, ayolni behayolikda, hatto fohishalikda ham ayblovchi tasvirlar chiqarib, uning sha'ni va nomusiga tahdid solishadi.
2015-yilda "Nemis to'lqini" unga Germaniyada amaliyot taklif qiladi. U yerdan turib ham jiddiy mavzularda maqolalar yozar ekan, Humayra va uning oilasi xavf bilan yuzlashaveradi.
Jurnalist xorijda qolishga ahd qiladi. Biroq Tojikistondagi yaqinlariga tahdidlar hali ham to'xtamagan. 2018-yilda Humayraga qarshi jinoiy ish ochildi. Hukumat uni terroristlar bilan aloqada, ularni quvvatlaganlikda hamda ekstremizmni targ'ib qiluvchi materiallar tarqatganlikda ayblaydi.
Humayraga rasmiylar telefon qilib, turli shartlar qo'yishgan. Qaytsa, qamalmasligi mumkinligi haqida ham aytishgan. Lekin unga qo'yilgan ayblovlar asosida jurnalist yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
"Amerika Ovozi" Tojikiston mutasaddilariga Humayra Baxtiyor ishi yuzasidan qayta-qayta murojaat qilib, masalani tushuntirishni so'ragan, ammo hanuz javob yo'q.
Turkmanistnlik Ak Velsapar
Ak Velsapar SSSR paytidayoq matbuot va so'z erkinligi uchun kurashib, qora ro'yxatga tushgan va sudlangan.
Turkmaniston mustaqil davlat bo'ldi, ammo erkinlik kelmadi. Mamlakat yanada yopildi va aholi diktatura azobida qoldi, deydi Velsapar.
Hayoti xavf ostida ekan, u vatandan 1993-yilda chiqib ketadi. Velsapar oilasi bilan hozir Shvetsiyada yashaydi.
Jurnalistik faoliyatini to'xtatmadi, aksincha o'ziga yangi imkoniyatlar ochdi. Bugungi kunda "YouTube"da o'z kanali bor. Shuningdek, Velsapar o'z nashriyotini ham yuritadi. Turkman va Yevropa tillarida kitoblar chiqaradi.
Vatandagi hayotini o'ksinib eslaydi, chunki tanqidiy materiallari uchun uni davlat va xalq dushmaniga chiqarishgan. 11 yoshli farzandi 1991-yilda shubhali tarzda jon bergan.
Boshida Velsapar uch bolasi va rafiqasini ortda qoldirib, Moskvaga boradi. "Ozodlik" Turkman xizmatiga ishlaydi. Turkmaniston hukumati oilasiga tinchlik bermaydi. Shaxsiy hayoti buziladi. Xotini o'qituvchilikdan olinadi.
1994-yilda oilasi bilan birlashadi. Rossiyada yashay olmasligini tan olib, Velsapar BMT orqali boshqa davlatdan boshpana so'raydi. Shvetsiya unga eshigini ochadi.
"2006-yilda diktator Saparmurod Niyozov olamdan o'tdi va biz umidga to'ldik", - deydi Versapar. "Ammo hammasi puchga chiqdi".
Velsapar, tahdidlarga qaramasdan, vatanga intildi, lekin viza ololmadi.
Ota-onasi olamdan o'tib ketdi. Jurnalist 27 yildan beri uzoqda, biroq Turkmaniston hukumati uchun u hamon dushman. Birorta qarindoshini chet elga chiqarishmaydi. Yaqinlari Velsapar bilan umuman aloqa qilmasa-da, uni qoralab, undan rasman voz kechishga majbur. Ular uchun vatanda tinchroq yashash shuni talab qiladi.