Bayden NATOga yaqinlashish, Rossiyaga qarshi keskin siyosat yuritish tarafdori

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident etib saylangan Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putin kabi avtokrat yetakchilarga keskin qarshi turishga va’da bergan. Ayni paytda u NATO bilan aloqalarni qayta kuchaytirish niyatida.

Prezident Donald Trampning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan do’stona munosabat qurishga intilishi va uni tanqid qilishdan tiyilishi ko’pchilikni ajablantirgan edi.

“Bu narsa Donald Trampning biznes karyerasiga bog’liq; siyosatga emas, balki biznesga aloqador tajriba va maqsadlaridan kelib chiqqan”, - deydi tadqiqotchi Maykl Kimmaj.

Jo Baydenning qarashlari esa aniq. U Putinga qarshi turishga hamda Prezident Tramp tomonidan putur yetkazilgan AQSh-NATO aloqalarini qayta tiklashga so’z bergan.

Trampga ko’ra, Germaniya kabi NATO a’zolari AQShdan o’z manfaati yo’lida foydalanib, mudofaa uchun yetarli mablag’ ajratmagan. Ba’zi ekspertlar fikricha, Trampning bunday keskin bayonotlari ancha qimmatga tushdi.

“Tramp solayotgan xavf, asosan, trans-Antantika ittifoqini savol ostiga olishida. U 2016-yilgi saylov kampaniyasi paytida tashkilotni eskirgan deb atagan edi. Oq uyga kelgach, bu so’ziga ergashmagan bo’lsa-da, shunday deganining o’zi katta gap”, - deydi Kimmaj.

Yevropa yetakchilari Baydenning g’alabasini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Germaniya mudofaa vaziriga ko’ra, AQSh Yevropaning eng muhim hamkori bo’lib qoladi.

“Amerikaning yadro va an’anaviy harbiy saholiyatisiz Germaniya va Yevropa o’zini himoya qila olmaydi. Bu achchiq haqiqat”, - deydi Germaniya Mudofaa vaziri Annegret Kremp-Karrenbauer.

Tramp AQSh-Rossiya aloqalarini yaxshilashga harakat qildi, ammo saylovga Kremlning aralashganiga oid tergovlar bunga xalal berdi. Baydenda bunday muammo yo’q, deydi kuzatuvchilar.

“Amerika aholisi orasida va Kongressdagi respublikachilarda ham, demokratlarda ham Tramp Rossiya bilan qilayotgan har qanday ishga nisbatan shubha kuchli edi. Shu bois u Rossiya bo’yicha hech narsa qila olmadi. Baydenda vaziyat boshqacha bo’ladi”, - deydi ekspert Maykl Kimmaj.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Putin yetakchi bo’lib qolar ekan, Vashington-Moskva aloqalarida hech narsa o’zgarmaydi.

“Putin o’z siyosatini o’zgartirishni istamaydi. Busiz nimadir qilish qiyin. Hech kimda hozir Rossiya bilan aloqalarni qayta yo’lga qo’yish ishtiyoqi yo’q”, - deydi Xeriteyj jamg’armasi tadqiqotchisi Jeyms Karafano.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya Gruziya va Ukraining hududiy yaxlitligiga daxl qilishda davom etib, Qrimdagi harbiylari sonini oshirib bormoqda. Demak, 2021-yilda NATO va Bayden ma’muriyati uchun amaldagi ziddiyatlar davom etadi.