Breaking News

Siyosatdonlar AQSh-Rossiya aloqalarida iliqlik kutmayapti


AQSh prezidentlari Jorj Bush va Barak Obama ilk bor saylanganida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan til topishib, ikki davlat munosabatlarini tezda yaxshilay olishiga ishongan edi. Oradan ko’p o’tmay ularning Putin haqidagi fikr-qarashlari o’zgardi.

Putin bilan birinchi yuzma-yuz uchrashuvdan so’ng Bush shunday degan:

“Ko’ziga tik qarab, yuradiga nima borligini bilib oldim. Juda to’g’riso’z va ishonchli odam ekan”.

Oradan sakkiz yil o’tib, Barak Obamaning Kreml bilan aloqalarni yangilash sa’y-harakatlari Rossiyaning 2014-yilda Qrimni bosib olishi bilan yakun topdi.

Diplomatlar va tahlilchilarga ko’ra, vitse-prezidentligi davrida Obamaning strategiyasini yoqlagan Jo Bayden endi bu yo’ldan bormaydi. “Rossiya bizga raqib ekaniga ishonaman”, dedi u oktabr oyidagi debatda. Saylov kampaniyasi davomida Bayden Donald Trampni Rossiyaga nisbatan yumshoqlikda aybladi.

“Rossiya Oq uyda Donald Tramp qolishini istamaydi, chunki Rossiyaga nisbatan hech kim menchalik qattiq bo’lmagan”, - deya javob bergan edi Prezident Tramp.

Oy boshida Bayden Trampni Rossiya muxolifati lideri Aleksey Navalniyning zaharlangani yuzasidan sukut saqlanayotganlikda tanqid qildi, voqeada to’g’ridan-to’g’ri Moskvani aybladi.

“Kreml siyosiy raqibinining ovozini o’chirish uchun yana bir bor sevimli qurolini, “novichok” turidagi kimyoviy moddani ishga soldi. Rossiyadagi rejim shunchalik paranoyaga berilganki, hech qanday tanqid yoki e’tirozni ko’tara olmaydi”, - degan Bayden.

Ammo nomzodlar kampaniya davomida aytgan gaplariga amal qilmasligi mumkin. Bo’lajak Prezident Bayden, ishora qilayotganidek, Rossiyaga nisbatan qattiq turadimi?

Iliqlik kutmang

“Bayden Putinga xushomadgo’ylik qiladi deb o’ylamayman. Moskva unga qarshi dezinformatsion kampaniyasini davom ettirdi. Bayden qo’l cho’zib, keling hammasini unutamiz demaydi, 2009-yildagi yo’ldan bormaydi”, - deydi Bush ma’muriyatida davlat kotibi muovini bo’lgan Deyvid Kreymer.

Unga ko’ra, pandemiya va iqtisod kabi ichki masalalar ko’proq e’tibor talab qiladi.

“Tashqi siyosat haqida gap ketganda Rossiya [AQSh uchun] prioritet bo’lmasligi kerak, lekin unga qo’l siltab ham bo'lmaydi. Chunki biz yuzlashayotgan qator muammolarda Rossiya omili bor. Fikrimcha, Bayden cheklangan vaqtini muammolarni yechishga tayyor bo’lgan mamlakatlar bilan hamkorlikka sarflashi lozim”, - deydi Kreymer NATOga ishora qilib.

Jo Bayden Vladimir Putin bilan ilgari uchrashgan. 2011-yildagi intervyusida Bayden Putinga “ko’zingizga qarab, sizda qalb ko’rmadim”, deb aytganini ta’kidlagan.

“U menga qarab jilmaydi va “bir-birimizni tushundik” deya javob berdi”, - degan edi Bayden.

Rahbarlar o’rtasida iliqlik yo’qligidan tashqari, tahlilchilar fikricha, aloqalarni yangilash tomon har qanday urinishni iqtisodiy sanksiyalar murakkablashtiradi. Rossiya kiber hujumlar uyushtirayotganini da’vo qilib kelayotgan G’arb sanksiyalarni bekor qilishni rejalayotgani yo’q.

Kiber hujumlar

Sobiq diplomatlarning aytishicha, Kreml G’arb demokratik institutlariga putur yetkazish harakatini to’xtatmas ekan, Vashington va Moskva o’rtasidagi sovuqlik davom etaveradi.

O’tgan hafta Britaniya bosh vazirining xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Mark Sedvil Britaniya tomonidan Rossiya rahbarlari va ularning manfaatlariga qarshi maxfiy kiber hujumlar qilinganini oshkor etdi. Bu Kremlning hujumlariga G’arbdan javob, deydi Sevil.

G’arb razvedkasining ma’lum qilishicha, boshqa davlatlar, jumladan Qo’shma Shtatlar ham Rossiyaga qarshi kiber hujumlar uyushtirmoqda.

G’arb davlatlari Rossiya bilan qator masalalar bo’yicha kelisholmaydi. Jumladan, 2014-yilda Rossiya tomonidan Qrimning bosib olinishi va Ukraina sharqida isyonchilarni qo’llab-quvvatlashi; Putinning Suriya Prezidenti Bashar Assadga yordamlashayotgani va Britaniyada sobiq rus josusi Sergey Skripalning zaharlanishi.

Tahlilchi Xezer Vilyams fikricha, Bayden ma’muriyati ikki masalaga alohida e’tibor qaratadi: qurol nazorati hamda NATO tashkilotini mustahkamlash.

“Bir tomondan, AQSh ittifoqchilar oldida o’ziga bo’lgan ishonchni tiklashi kerak. Boshqa tomondan, qurol nazorati singari mojarolarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni olg’a surishi lozim”, - deydi u.

AQSh prezidentlik saylovining oxirgi kunlarida Kreml kim g’alaba qilishi bo’yicha bir fikrga kelgandek tuyuldi.

Respublikachilar va Prezident Tramp Jo Baydenning o’g’li Xanter Baydenni Ukrainadagi energetik kompaniyada ishlagani va Xitoyda biznes manfaatlari borligini qayd etib, uni korrupsiyada ayblab kelmoqda.

Biroq Putin olovga moy sepish imkoniyatidan foydalanmadi.

“To’g’ri, u Ukrainada biznes qilgan va balki qilayotgandir. Buning bizga dahli yo’q. Bu Amerika va Ukraina o’rtasidagi masala. Hech qanday jinoiy narsa ko’rmayapman”, - deya izohladi Putin.

Rossiya rahbari AQSh bilan umumiy manfaatlar borligiga ishora qilmoqda, xususan yadro qurollari sohasida.

Yadro qurollari

Putin Rossiya va AQSh o’rtasida qurol nazoratiga doir amalda bo’lgan “Yangi START” kelishuvini uzaytirishga tayyor ekanini bildirgan. Uning muddati 2021-yil fevralda tugaydi.

Kelishuvni 2010-yilda prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev imzolagan. Unga binoan har ikki tomon yadro kallaklarini 1550 donagacha, ularni tashish sistemalarini esa 700 tagacha kamaytirgan.

Senatorlik davrida Jo Bayden yadro qurollari nazorati bo’yicha muzokaralarda faol qatnashgan va “Yangi START” bitimini yana besh yilga uzaytirish taklifini qabul qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG