Prezident Jo Bayden uchun hozirgi asosiy vazifa Amerika bo'ylab koronavirus tarqalishini to'xtatish va virusga qarshi chora ko'rish. Senatda sobiq prezident Donald Tramp sudlanar ekan, Oq uy shuni eslatib turibdi.
“Impichment jarayonini kuzatmayapman", - deydi Bayden. "450 mingdan oshiq amerikalik halok bo'ldi. Odamlarning koronavirusdan nobud bo'lishiga chek qo'yishimiz shart. Xalq qiynalmoqda, iqtisodiy qiyinchiliklar oshib bormoqda. Mening e'tiborim shunda".
Bayden impichment haqida fikr bildirmayapti.
Buni ham ko'ring Impichment prokurori: Tramp nafratga undovchi lider edi“Prezident siyosiy sharhlovchi emas. U bahs-munozaralarga aralashmaydi, hatto kuzatmaydi ham", - deydi Jen Psaki, Oq uy matbuot kotibi.
Oq uy ham jarayon yuzasidan o'z bahosini bermoqchi emas.
“Senat hal qiladi hammasini. Prezidentning ishi xalqqa xizmat qilish. Odamlarga ish kerak. Pandemiyadan chiqishimiz kerak", - deydi Psaki.
Bayden shu kunlarda Pentagonga, shuningdek, tibbiy dargohlar va boshqa idora va tashkilotlarga borib, xodimlar bilan muloqot qiladi. Kelasi hafta esa prezident Viskonsin shtatiga borib, jamoatchilik bilan uchrashadi. "CNN" kanalida efirga uzatiladigan jonli dasturda u odamlardan tushgan savollarga javob beradi.
Trampga qo'yilayotgan asosiy ayblov - u 6-yanvar kuni olomonni Kongressga bostirib kirishga undagan, davlatga qarshi nafrat urug'ini sochgan. O'sha kuni Senat va Vakillar palatasi Baydenning prezident saylovida yutganini tasdiqlash uchun yig'ilgan edi. Zo'ravonlik avj olgach, qonunchilar tarqaldi va ertasiga, 7-yanvar kuni tasdiqnoma uchun ovoz berib, u e'lon qilindi.
Bayden o'shanda bu voqealarni demokratiyaga qarshi hujum, deya ta'riflagan edi.