Prezidentlik faoliyatini shu yilning 20-yanvarida boshlagan Jo Bayden oradan 100 kun o'tib, Kongressning qo'shma sessiyasida qonunchilarga va shu tariqa xalqqa murojaat qildi.
"100 kun o'tib, xalqqa ishonch bilan aytamanki, Amerika ildam qadamlar bilan oldinga ketmoqda. Biz o'sa boshladik. Tushkun holatdan chiqdik. Inqirozni imkoniyatga aylantirdik. Chekinishni g'ayratga aylantirib, progress tomon yo'naldik", - deya so'z boshladi prezident.
Amerika tarixida ilk bor davlat rahbari orqasida ikki ayol o'tirdi: Vitse-prezident Kamala Harris va Spiker Nensi Pelosi. Bayden bunga ham alohida e'tibor qaratdi.
Prezidentga ko'ra, o'tgan uch oyda AQSh har bir sohada oldinga siljidi.
220 milliondan oshiq vaksina qo'llangani, amerikaliklarga emlanish uchun sharoit yaratilgani, keksalar va tibbiy xodimlar birinchi navbatda himoyalangani va buning natijasida mamlakat astalik bilan normal holatga qaytayotganini prezident o'z yutuqlari sifatida sanab o'tdi.
"Vaksina - umid. Emlanish odamlarga kelajak borligini anglatadi", - deydi Bayden.
Ishxona va ta'lim dargohlari ochila boshlashi, mehnatkashlar, o'quvchi va talabalar qaytishi, bizneslar faoliyatini tiklashi - bularni ham Bayden prezidentligining samarasi deya ta'rifladi.
Kongress ajratgan trillionlab dollarlik yordam puli, uning aytishicha, xalqqa behisob tayanch bo'lgan. Millionlab ish o'rinlari saqlab qolindi, 1,5 millionga yaqin mehnat imkoniyati yaratildi, deydi prezident.
Xalqaro Valyuta Fondi taxminicha, AQSh iqtisodiyoti bu yili 6 foizga o'sadi.
"Bu ham ulkan yutuq", - deydi Bayden.
AQSh iqtisodiyotini ekologik talablarga moslaydi, u yashillashadi, infratuzilma butkul yangilanadi va zamonaviylashadi, deydi prezident, shu bois o'tgan 75 yildagi eng yirik tiklanish rejasi taklif qilinmoqda.
Dehqonchilikdan tortib texnologiyagacha, hammasida innovatsion yondashuvlarga o'tiladi, deydi Bayden. Muqobil energiyani ko'proq ishlatish millionlab amerikaliklar uchun yangi ish o'rinlari demakdir. Respublikachilar bu tashabbusni yoqlamaydi, chunki ularga ko'ra, Bayden rejasi trillionlab dollar sarmoya talab qiladi. Ish berishi esa shubha ostida, deydi muxolifat.
Bayden deydiki, uning taklifi sakkiz yilga mo'ljallangan va trillionlab dollar foyda keltiradi. Mehnatkashlar ravnaqini ko'zlaydi; mahalliy ishlab chiqarishni kengaytiradi; Amerika ko'proq o'z mahsulotlariga tayana boshlaydi, deydi u.
Minimal maosh esa soatiga kamida 15 dollar bo'lsin, deya undamoqda prezident. Har bir shtat bu borada o'z siyosatini belgilay oladi, lekin federal miqdorni belgilash Oq uy va Kongress qo'lida.
Bayden o'z rejalarini qonunchilar bilan muhokama qilishga va murosaga tayyor.
"Amerika global maydonda boshqalardan ustun bo'lishi uchun avvalo oila va farzandlarga sarmoya qilishi zarur", - deydi Bayden.
Uning ma'muriyati ta'limni arzonlashtirish va ma'lum darajada bepul qilish g'oyalarini olg'a surmoqda.
Bog'chadan tortib universitetgacha, amerikaliklarning bolalari qanday oiladan bo'lishidan qat'i nazar bemalol bilim olish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim, deydi prezident.
Oq uy dori-darmon narxini tushirish, sog'liqni saqlash bahosini ham pasaytirishga undamoqda.
"Biz bunga qanday erishishni bilamiz", - deydi Bayden.
Ijtimoiy himoyani yaxshilash aslida ortiqcha xarajat talab qilmaydi, deydi prezident.
"Sog'liqni saqlash ayrimlarning qurbi yetadigan imkoniyat emas, huquq", - deydi Bayden, har bir amerikalik tibbiy xizmatlardan foydalana olishi zarurligini uqtirib.
Uning ma'mjuriyati xususiy sektor uchun soliqlarni oshirmoqchi. Eng boylar tizimga ko'proq hissa qo'shishi kerak, deydi prezident, ular uchun o'tgan yillarda yaratilgan imtiyozlar bekor qilinishi lozim.
"Biz hech kimni jazolamoqchi emasmiz. Ammo biz o'rta sinf uchun soliqni aslo oshirmaymiz, chunki u allaqachon eng yuqori miqdorda to'lamoqda".
AQShda korporatsiyalarnng rahbarlari hozir xodimidan 370 karradan ko'proq daromad qiladi. Bu, Bayden fikricha, o'ta adolatsiz iqtisodiy va ijtimoiy holat.
O'zi emlanib olgach va yetarlicha vaksinaga ega bo'lgach, Amerika uni dunyoga ko'proq miqdorda ulashadi.
"Biz vaksina arsenali bo'lamiz, xuddi demokratiya arsenali bo'lganimiz kabi", - deydi Bayden, davlati global namuna va targ'ibotchi sifatida turishini aytib.
Tashqi siyosatda Bayden hamma davlatlar xalqaro qonun va normalarga birdek amal qilishi tarafdori.
"Xitoy rahbariga ochiq aytdim: Biz raqobatchimiz, dushman emas. Bu musobaqa, mojaro emas".
"Amerika - tarixdagi eng ajoyib g'oya. Biz har jihatdan o'ziga xos jamiyat va davlatmiz", - deydi u.
Prezident fikricha, Rossiya singari avtokratiyalar buni anglashi lozim.
Iqlimdagi salbiy o'zgarishlardan tortib iqtisodiy hamkorlikkacha, erkinlik va sog'liqni saqlashgacha, xalqaro maydonda Amerika hamjihatlik va hamkorlik yo'lidan boradi. O'zaro manfaatlar birlamchi o'rinda bo'ladi.
AQSh terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashni to'xtatmaydi, xoh Afg'onistonda xoh Yamanda; dunyo bo'ylab barqarorlik yo'lida harakat qiladi, deydi prezident.
"Yurtdoshlarim, biz fuqaro va huquq-tartibot organlari orasida ishonchni ta'minlashimiz zarur. Jamiyatimizda birdamlikka intilish kerak. Buning uchun taklif qilgan dasturlarimni ma'qullang. Boshqacha g'oyalaringiz bo'lsa, keling, muhokama qilamiz".
Bayden irqchilikka qarshi real choralar ko'rmoq zarur, deya ta'kidladi. Qay irq, elat, din va jins vakili bo'lishidan qat'i nazar hech kim Amerikada nafrat bilan yuzlashmasligi kerak.
Gomoseksual (umuman LGBT) insonlar himoyasi uchun yangi qonunlar zarur, deydi Bayden. Oilaviy zo'ravonlik va xotin-qizlarning ezilishiga qarshi choralarni o'z ichiga olgan qonun loyihalarini tezroq ko'rib chiqib, ovozga qo'yish - bular Kongressning hozirgi asosiy vazifasi, deydi prezident.
Qurol nazorati haqida ham alohida to'xtalar ekan, xalq otishmalardan to'yganini qayd etib, har yili minglab odamlarni hayotdan olib ketayotgan holatlarga nisbatan zarur choralar ko'rish ham ayni damda qonunchilar zimmasidagi ustuvor mas'uliyat, dedi prezident.
Demokratlar azaldan qurolni cheklash, respublikachilar esa unga egalik huquqiga aslo tegmaslikni targ'ib qilib keladi.
"Biz konstitutsion o'zgarish qiling, demayapmiz. Har ikki tomonga ma'qul samarali chora zarur".
AQSh immigratsiya tizimini ham isloh qilish kerak. Chegaraga madad so'rab kelayotgan ajnabiylar dardini tushunib, nima uchun vatandan qochayotganini tahlil qilmay turib, bu sistemadagi muammolarni hal etib bo'lmaydi, deydi Bayden.
"Mayli, mening muayyan takliflarimni rad eting, lekin juda bo'lmaganda kelisha oladigan joylarini ma'qullang. Immigratsiya zarurati, uning ijobiy tomonlarini, iqtisodiyotga hissasini hisobga oling".
Mazkur yilning 6-yanvarida Kongressga hujum qilingani Amerika demokratiyasi uchun tarixiy sinov bo'ldi.
"Demokratiyamiz bugungi mashaqqatlardan o'ta oladimi? Albatta o'ta oladi, chunki biz kabi tajriba hech kimda yo'q, chunki tuzumimiz xalq xizmatida, samarasini fuqaro his qiladi. Demak, uni mustahkamlashga, Amerikaning o'ziga xosligini isbotlashga harakat qilaverishimiz kerak".
"Demokratiyamizda xalq asosiy kuch. Har birimiz, har bir fuqaro unga hissa qo'shadi. Kelajak avtokratlar qo'lida emas. Istiqbol - erkinlik va demokratiya, Amerika qo'lida".
"Buni prezident ekanim uchun aytmayapman. Chindan ishonganim uchun eslatayapman", - deydi Bayden.
"Men yillar davomida dunyo rahbarlariga aytib kelganman: hech qachon Amerikaga qarshi bahslashmang. Yutqazasiz".
Prezident Bayden murojaatiga koronavirus sabab barcha qonunchilar kelmadi. Vakillar va senatorlar ijtimoiy masofa saqlagan holda o'tirdi.
Respublikachi senator Tim Skottdan prezident nutqiga javob
Odatda prezident murojaatidan keyin muxolifat munosabat bildiradi. Bu safar mazkur vazifani qora tanli respublikachi senator Tim Skott bajardi.
U Prezident Baydenni Amerikada sotsialist siyosatni targ'ib qilayotganlikda, xalqni adashtirayotganlikda va tarqoqlikni kengaytirayotganlikda aybladi.
"Kelajagimiz Vashingtondagi bunday qilmishlarga emas, sizga bog'liq", - dedi u, ommaga qarata.
"Xalqimiz quruq gaplarga muhtoj emas. Aslida Bayden ma'muriyati siyosiy bo'linishlarni yanada kuchaytirmoqda".
Tanqidlariga qaramasdan Senatning yagona qora tanli a'zosi Skott sobiq senator va hozirda davlat rahbari Baydenni "ko'rinishidan yaxshi inson" deb atadi.
Senator fikricha, Amerikada sistematik irqchilik yo'q va bu jamiyatni irqchi deb atash noto'g'ri. O'tmishdagi quldorlik va kamsitishlarni tan olsa-da, unga ko'ra, hozirda konservativ siyosat - barcha muammolar kaliti.
Demokratlar, uning nazarida, biror masalada murosaga moyil emas.
"Ammo biz harakat qilamiz", - deydi senator.
Skottga ko'ra, hozirgi samarali vaksina dasturi aslida oldingi rahbar Donald Trampdan qolgan. Bayden ma'muriyati bu merosni o'z yutug'i deb atamasligi lozim, deydi senator.
Muxolifatga ko'ra, Oq uy va Kongressdagi liberallar soliqni oshirish hisobiga ulkan loyihalarni ishga solib, Amerika xalqi pulini isrof qilishga urinmoqda.