Bayden ma'muriyati xalqaro maydonda ko'zlagan maqsadlaridan biriga yetganini e'lon qildi. Moliya vaziri Janet Yellenga ko'ra, iqtisodiy diplomatiya samara berib, jahonning 130 yetakchi davlati bilan korporatsiyalarga soliq solishda mininal qiymat ustida kelishilgan. Bu mamlakatlar global yalpi mahsulotning 90 foizini ishlab chiqaradi.
Kelishuvda Xitoy, Rossiya, Hindiston va Katta Yigirmalikdagi barcha davlatlar bor. Minimal soliq 15 foiz deya belgilangan. AQSh ayrim mamlakatlar korporatsiyalarni o'ziga jalb etish uchun ataylab past soliq olayotganini jahon bozoridagi ayyorlik va adolatsizlik deb kelayotgan edi.
“Hech bir tomon bu musobaqada yutmagan", - deydi vazir. "Soliqni pasaytirish yangi bizneslar olib kelmagan, aksincha infrastruktura, ta'lim va sog'liqni saqlash kabi sohalarni investitsiyadan ayirgan. AQSh, xususan, biz korporatsiyalar bu borada mas'uliyat bilan harakat qilishini ta'minlaymiz".
Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqyot Tashkiloti 2013-yilda beri global korporatsiyalarga soliqni tartibga solishga undab kelar edi. Har yili yuzlab milliard dollar soliq sifatida to'lanmay, mamlakatlarni daromaddan ayirar edi, deydi ekspertlar.
Biroq Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilanoq bu masalaga e'tibor qaratdi.
“Tramp ma'muriyati bu yo'ldan borishni ma'qul topmagan edi. Lekin bugungi Oq uy butun siyosiy kuchini ishga solib, qattiq diplomiyat olib bordi", - deydi Daniel Bann, Soliq fondi degan konservativ aql markazri vitse-prezidenti.
Bayden ma'muriyatining qayd etishicha, korporatsiyalar daromad olayotgan, mahsulotlari va xizmatlari pullanayotgan mamlakatlarda soliq to'lashlari shart.
Ya'ni, korporatsiyalar biznes qilayotgan muhit ulardan bevosita va bilvosita foyda ko'rishi kerak. Oldinlari bu shart sifatida qo'yilmagan edi.
Kompaniyalar arzon hudud izlab, faoliyatini soliq olmaydigan yoki juda past oladigan mamlakatlarga ko'chirar, daromadga faqat bu bizneslarnig tepasidagilar sherik bo'lar edi.
AQShning muddaosi shuki, korporatsion qarorlar qayerga sarmoya zarurligi yoki ularning mahsulot va xizmatlariga talab borligiga qarab belgilansin, soliq past ekaniga qarab emas. Har bir davlat birdek minimal soliq solsa, biznes va sarmoya ko'lami ham yaxshilanishi kerak.
Oq uyda Milliy iqtisodiy kengash rahbari Brayan Dis deydiki, bu kelishuv amaliyotini ta'minlash oson bo'lmaydi.
Ekspert Geri Hafbauer tahlilicha, kelishuv parlamentlarda to'siqlarga uchrashi tayin, xususan AQSh Kongressining o'zida. Xususiy sektor manfaatlari uchun kurash avj olib, qonunchilar kelishuvni tasdiqlashdan bosh tortishi mumkin.
Yevropa Ittifoqida ham qator davlatlar bu kelishuvni hozircha yoqlamagan.
Murosa hozircha Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqyot Tashkiloti doirasida, deydi mutaxassislar, va buning o'zi ham salmoqli yutuq. Ammo global me'yorlarni yangilash va qabul qildirish uchun kurash endi boshlanadi.