Tolibon bilan muzokara boshi berk ko'chada ekan, Afg'onistonda xotin-qizlar o'z kelajagidan yanayam qattiq xavotirda. O'tgan 20 yildagi eng ulkan yutuqlardan biri ayollarning hayoti osonlashgani - ular ishlaydi, o'qiydi, ovoz bera oladi, erkinroq harakatlana oladi.
Afg'oniston o'tgan yillarda qator vazir va hokim ayollarni ko'rdi.
"Afg'onlarning yangi avlodi endi Tolibonning mutaassib mafkurasini qabul qila olmaydi. Umid qilamizki, kelajak erkin bo'ladi, rahbarlar ayollarni yana azob-uqubat ichiga tashlamaydi", - deydi sport murabbiyi Zahro Fayoziy.
Xotin-qizlarni himoya qilib keladigan Amerika chiqib ketmoqda.
Chet el harbiylaridan keyingi Afg'oniston yana yopiq jamiyatga aylanishi mumkin, degan qo'rqinch doimiy muhokamada.
Tolibon xalq norozi bo'ishi mumkinligini biladi. Yaqinda harakat liderlari xotin-qizlar ishlashi va ilm olishiga qarshi emasligini bayon qildi.
Ammo toliblar bosib olgan hududlarda ayollar ko'chaga chiqa olmayotgai, erkin yurganlari jazolanayotgani, qiynoqlarga solinayotgani ma'lum.
Your browser doesn’t support HTML5
"Odamni dahshatga soladigani shuki, toliblar yana eski tuzumni joriy etadi. Vahshiylik, tosh bo'ron, kallani olish... bularni oldin ko'rganmiz. Muzokara qanday murosa bilan tugashi odamni xavotirga soladi. Ayollar manfaatglarini hisobga olishmasa-chi?" deydi Habiba Sodiqiy, Kobulda ma'muriy vazifada ishlaydigan ayol.
Tolibon Afg'onistonda 1995-2001 yillarda hukmronlik qilgan. Dindor ayollar ham u kunlarni zulmat davri deya eslaydi. Yashash azob edi.
Xotin-qizlar eshik xatlab tashqariga chiqa olmas edi. Ish va o'qish man etilgan. Butkul o'ranib yurish shart edi. Ayol kishi yolg'iz yursa, jazolanardi.
Xotin-qizlar mulk sifatida ko'rilib, siyosat u yoqda tursin, hatto o'z hayoti bilan bevosita bog'liq mavzularga ham aralasha olmas edi.
"Xotin-qizlar xavotiri ularning uzviy huquqlari bilan bog'liq. Ko'chaga bemalol chiqa olamanmi? Kim bilan turmush qurish, ilm olish, ishlash... Tolibon hokimiyatga qaytsa, ayollar yana qamoqda bo'ladi, nur ko'rmay yashaymiz, degan qo'rqinch hukmron", - deydi Roziya Donish, Kotib universiteti professori.
Tolibon uchun ayol kishi erkakning moli, harakat a'zolari uchun bu tamoyil o'zgarmagan. Shu bois uning so'nggi bayonotlariga ishonch juda past. Xotin-qizlar himoyasi toliblar uchun umuman muhim emas, deydi Donish.
Muzokaralar qanday tugashidan qat'i nazar, deydi afg'on ayollari, mamlakatda xotin-qizlarga insoniy muomala qilinishi uchun qattiqroq harakat qilish lozim.