AQSh Afg'oniston liderlariga: "kelajak sizning zimmangizda"

  • Amerika Ovozi

Hirot ko'chlarida, 1-avgust, 2021

Tolibon tuman va shaharlarni birma-bir hukumat nazoratidan tortib olar ekan, AQSh afg'on liderlarini birlashishga undamoqda. Bayden ma'muriyati nazarida boshqa yo'l yo'q. Tolibonga munosib javob bera olmaslikning asosiy sababi ichki ziddiyatlardir, deya eslatib turibdi Vashington.

"Afg'on yetakchilar bir yoqadan bosh chiqarishi kerak. Kelajak sizning zimmangizda", - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ularga qarata.

AQShga ko'ra, Afg'oniston qurolli kuchlari Tolibondan ustun kelish uchun zarur qurol-aslaha va boshqa zaruratlarga ega.

"Gap siyosiy irodada, uning qanchalik kuchli yoki zaif ekanida", - deydi Psaki.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi ham shu gapni takrorlaydi.

"Biz Prezident G'aniga aql o'rgatmoqchi emasmiz. Bu uning davlati. U - bosh qo'mondn. Bu uning siyosiy boshqaruviga asoslangan tizim. Uning irodasi, tabiiyki, Afg'onistonda ko'p narsani belgilaydi", - deydi Kirbi.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki

Prezident Jo Bayden qo'shinlarni Afg'onistondan olib chiqish qarorini asosli deb biladi.

"20 yil mobaynida biz bir trilliondan oshiq mablag' sarfladik. 300 mingdan ziyod afg'on harbiylarini treningdan o'tkazdik, ularni zamonaviy texnika bilan ta'minladik. Son jihatdan ular toliblardan ko'p", - deydi Bayden.

"Afg'oniston kuchlari jang qilishi kerak".

Vashington Kobuldagi sustlik va zaiflikdan norozi.

AQSh Mudofaa vazirligi Afg'oniston armiyasini oyoqqa turgazish uchun qattiq ter to'kkanini ta'kidlaydi. Biroq bir hafta ichida Tolibon to'qqiz viloyatda ulardan hududlarni tortib olgan.

Iyul oyida AQSh Tolibonga qarshi havo hujumlarida yordamlashgan. Tolibonning qurol omborlarini nishonga olgan. Amerika qator viloyatlarda afg'on armiyasiga madad ko'rsatgan.

Buni ham ko'ring Pokiston: Afg'onlar tinchligi uchun qattiq ishlayapmiz

Pentagon Afg'onistonda markaziy hukumat ishni eplay olmayotganida AQShning ham aybi bor degan tanqidni inkor etadi.

"Afg'onistonda harbiylar har yerda toliblardan qochmoqda, degan xulosa asossiz. Afg'on kuchlari ko'p joylarda qattiq jang qilmoqda", - deydi Kirdbi.

"Ammo ularga kuchli harbiy va siyosiy boshqaruv zarur".

Bir oy ichida Tolibon Kobulni egallashi mumkinmi? Bu borada xavotir kuchayar ekan, ko'plab ekspert taxminlarga qaramay, Oq uy va Pentagon bu ehtimolni tan olmayapti.

"Avgust oyi oxirigacha afg'on qurolli kuchlariga yordamlashamiz. Undan keyin nima bo'ladi, bu borada taxminlarga berilmayman", - deydi AQSh Mudofaa vazirligi so'zlovchisi.