Tolibon Afg'onistonda o'z hokimiyatini o'rnatar ekan, AQSh rahbari Jo Bayden ilk bor bu borada o'z xalqiga murojaat qilib, qo'shinlarni olib chiqish siyosatini tushuntirdi. Oq uy Kobuldagi holatdan norozi, ammo qarordan afsusda emas, pozitsiyada qat'iy.
Buni ham ko'ring Bayden: Tolibon qadamini o'ylab tashlamasa, keskin javob beriladiAQSh Afg'onistonga 20 yil oldin terroristlarga qarshi kurashish uchun kirgan, birlashgan demokratik davlat barpo etish uchun emas, dedi Bayden. Terrorizm - global muammo, Afg'oniston esa uning o'chog'i edi, deydi prezident.
Amerika hukumati Tolibon bu qadar shiddat bilan Kobulga yetib keladi, viloyatma-viloyat nazoratni qo'lga oladi, deya kutmagan.
Harakat hozir poytaxtni ham egallab bo'lgani Amerika bu davlatni tark etayotgani to'g'ri ish ekanini anglatadi, deydi Bayden.
Ashraf G'ani kuni kecha prezidentlikdan voz kechib, mamlakatdan chiqib ketar ekan, AQSh prezidenti Kemp Deyvid dala hovlisida edi. Bayden jarayonlarni u yerdan kuzatgan.
Buni ham ko'ring Afg'onlar: Odamdek yashashni xohlaymizRejaga ko'ra, AQSh 31-avgustgacha Afg'onistonni butkul tark etadi.
"Bir yilmi yoki besh yil, AQSh harbiylari u yerda qolishining ahamiyati yo'q. Afg'oniston qurolli kuchlari o'z mamlakatini himoya qila olishi kerak. Boshqa bir davlatning ichki mojarolarida Amerikaning mavhum tarzda ishtirok etishiga yo'l qo'ymayman", - deydi Bayden.
Baydendan oldingi uch rahbar uchun Afg'oniston ulkan muammo edi. Bayden o'z prezidentligi davrida bu masalaga nuqta qo'ymoqchi va o'zidan keyingi rahbarga uni meros qilib qoldirmoqchi emas.
Afg'onistondan askarlarni olib chiqish qarori Donald Tramp prezidentligi paytida, 2020-yilda qabul qilingan.
AQSh qatori NATOning boshqa a'zolari ham harbiylarni olib chiqar ekan, Tolibon tumanma-tuman hujumlarga zo'r berdi. Afg'on armiyasi ularga qarshi tura olmadi.
Vashington shundan norozi va Afg'oniston hukumatini har jihatdan ta'minlangan qurolli kuchlarga yetakchilik qila olmaganlikda, idorasizlikda ayblamoqda.
"Afg'oniston qanday davlat bo'lishini afg'onlarning o'zi hal qiladi', - deydi Bayden.
Amerika o'z fuqarolari va unga ishlagan afg'onlarni olib chiqib ketish bilan band. Jarayon og'ir, ammo Kobuldagi xalqaro aeroport uning nazoratida. Minglab afg'onlar samolyotlarga chiqishga harakat qilmoqda, o'rinlar talash va muhit nihoyatda tartibsiz.
AQSh hukumati Tolibon bu qadar tez g'alaba qozonganidan karaxt ekanini yashirmaydi, ammo uning qo'shinlari ketar ekan, harakat kuchga to'lishi mumkinligi oldindan taxmin qilingan.
Respublikachilar Afg'onistonda vaziyat izdan chiqqanida demokrat prezidentni ayblaydi. Ular nazarida Bayden Trampdan qolgan bitim amaliyotini eplay olmadi va tarixiy taktik xatolar qildi.