NATO: Qudratimizga shubha qilmang

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Pentagonda AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan, 4-oktabr, 2021

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg deydiki, Afg'onistondan chiqib ketishiga va u yerdagi hozirgi vaziyatga qarab, Shimoliy Atlantika harbiy alyansiga zaif blok sifatida qarash xato bo'ladi.

A'zolar yakdil, ittifoq mustahkam, deydi Stoltenberg.

"Afg'onistondagi ahvol og'ir, buni tan olamiz. Ammo NATO inqirozlarga munosib javob bera olmaydi deb o'ylasangiz, adashasiz. Biz birgamiz va bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilamiz".

Bu hafta Vashingtonda ekan, Stoltenberg AQSh NATO bilan kelishmay qadam tashlamoqda, degan tanqidni inkor etdi.

"Amerika biz bilan maslahatlashgan holda ish tutdi va tutmoqda", - deydi NATO rahbari.

A'zolar ayrim masalalarda til topishishga qiynalishi tabiiy, deydi Stoltenberg, ammo mushtarak manfaatlar hamisha e'tiborda va inobatga olinadi.

Stoltenberg Vashington siyosat ahli bilan muloqotda Xitoy harbiy jihatdan kuchayib borayotganini xavotir bilan tilga olib, munosib choralar ko'rish lozimligini aytgan.

Ammo Stoltenberg nazarida asosiy muammo hozir "Rossiya bilan aloqalar eng tarang nuqtada" ekanida.

NATO Bosh kotibi Moskvani xalqaro kelishuvlar va normalarni buzayotganlikda, strategik qurollarni ishga solayotganlikda ayblaydi.

"Rossiya nihoyatda aggressivlashgan, nafaqat o'z hududida, balki xorijda ham".

Qrim sohillarida Rossiya kuchlari harbiy mashqda, 2014

Rossiya Ukraina va Gruziyaning NATOga kirishiga qarshi.

"Suveren davlatlar bu masalani o'zlari hal qiladi. Rossiya ularni buning uchun jazolay olmaydi va bunga aslo haqqi yo'q", - deydi Stoltenberg.

Ukraina va Gruziya Shimoliy Atlantika harbiy alyansiga qachon qo'shilishini, Stoltenbergga ko'ra, faqat vaqt ko'rsatadi, ammo bu asosan Tbilisi va Kiyevga bog'liq.

Oq uyda Prezident Jo Bayden bilan muloqotda bu borada alohida so'z ketgan.

"Biz bu mamlakatlarni quvvatlashimiz, salohiyatini oshiirishida yordamlashishimiz, islohotlarni kuchaytirishida ko'maklashib, korrupsiyaga qarshi keskin kurashishi va xavfsizlik-mudofaa tizimlarini mustahkamlashi uchun real madad ko'satishimiz zarur", - deydi Stoltenberg.

Oq uyga ko'ra ham yangi a'zolar har jihatdan qudratli va o'ziga ishongan sistemalar bo'lmog'i lozim va AQSh NATO doirasida ularni qo'llashga tayyor.