Tolibon harakati rahbari Haybatulla Oxunzoda Afg’oniston janubidagi Qandahor shahrida tarafdorlari bilan uchrashgan. U 2016-yilda rahbar etib tayinlanganidan buyon omma oldida ko’rinish bermagan edi.
Natijada Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin Oxunzoda hukumatda qanday rol o’ynashi, hatto u o’lgani haqida mish-mishlar tarqalgan.
Tolibon vakillariga ko’ra, 30-oktabr kun Haybatulla Oxunzoda “jasur askarlari va shogirdlari bilan gaplashish” uchun Darul Ulum Hakima madrasasiga borgan.
Tadbirda xavfsizlik choralari kuchli bo’lgani, video yoki fotosuratlar olishga ruxsat berilmagani xabar qilinmoqda. Ammo Tolibon ijtimoiy tarmoqlarda tadbirdan yozib olingan 10 daqiqali audioni ulashdi.
Unda Amirul Mo’minin deya ta'riflanmish Oxunzoda Tolibon rahbariyati uchun xudoning marhamatini so’raydi, yaralangan toliblar va islomiy amirlik muvaffaqiyati uchun duo qiladi.
Aksariyat fikricha, Oxunzoda harbiy qo’mondon emas, balki harakatning diniy yetakchisi sifatida xizmat qilish uchun tanlangan. Uning so’nggi bayonotlari yangi hukumatda u faollashishi haqidagi taxminlarni kuchaytirishi mumkin.
Birlashtiruvchi
Oxunzoda 2016-yilda Tolibonning avvalgi rahbari Mulla Axtar Mansur AQShning dron hujumida o’ldirilgach, quyi darajadagi diniy arbobdan tezda rahbar darajasiga ko’tarilgan.
Oxunzodani o’shanda Al-Qoida rahbari Ayman al-Zavohiriy ham qo’llab-quvvatlagan, uni “mo’minlar amiri” deb maqtagan. Zavohiriy uni ma’qullashi natijasida Oxunzodaning Tolibon ittifoqchilari orasidagi obro’si ham ko’tarilgan.
Buni ham ko'ring Xalilzod: Kobulning qulashiga prezident G'ani va xudbin elita aybdorAxtarning o’limi hamda Tolibon asoschisi Mulla Umarning vafoti sir tutilgani haqidagi xabarlar ketidan harakat parchalanishi to’g’risida bashoratlar yangragan. Oxunzodaga harakatni birlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Haybatulla Oxunzoda shu paytgacha faqat islomiy bayramlarda tabrik yo’llash bilan cheklangan. U ko’p vaqtini Qandahor o’tkazishi taxmin qilinadi. Oxunzodaning 7-sentabrdagi so’nggi ko’rsatmasida Tolibon hukumatiga shariat qonunlariga amal qilish buyurilgan edi.
O’tgan hafta Tolibon tomonidan tayinlangan Qandahor hokimi Mulla Yusuf Vafo “AFP” axborot agentligi bilan suhbatda Oxunzoda bilan yaqin aloqada ekanini aytgan.
“Afg’onistiondagi vaziyatni qanday nazorat qilish, hukumatni yaxshilash bo’yicha muntazam uchrashuvlar o’tkazamiz. U bizning ustozimiz, undan o’rganishga harakat qilamiz, – deydi Vafo. – U Afg’oniston islom amirligining har bir rahbariga tavsiyalar beradi. Uning qoidalari, maslahatiga amal qilamiz. Agar kelajakda progressiv hukumat bo’lsa, bu ham uning maslahati bilan bo’ladi”.
"AFP" axborot agentligi ma'lumotlaridan foydalanildi