Qo’shma Shtatlar Xitoyni 2022-yilgi Qishki Olimpiya o’yinlari haqida reportajlar tayyorlayotgan jurnalistlar faoliyatiga to’sqinlik qilmaslikka chaqirmoqda.
Amerika sportchilari bu o’yinlarda ishtirok etishi yoki etmasligi hozircha noma’lum. Ammo Vashington Xitoydagi inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni tilga olishda davom etishini bildirgan.
Buni ham ko'ring NBA o'yinchisi Enes Kanter uyg'urlarni himoya qilib chiqdiPekindagi jurnalistlar shu hafta qilgan bayonotida olimpiadani yoritish haqida gap ketganda “shaffoflik va aniqlik yo’q”, deya xavotir bildirdi.
Xitoyning Xorijiy muxbirlar klubi tarqatgan tvitda esa shunday deyiladi:
“O’tgan bir yil davomida xorijiy muxbirlar Qishki Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlikni yoritishda muntazam to’siqlarga uchradi, oddiy tadbirlarga va sport maydonlariga kiritilmadi”.
“Olimpiya musobaqalari o’tkaziladigan joyni ko’zdan kechirgach, televizion lavha tayyorladik, unda inson huquqlari bo’yicha boykotlarni ham tilga oldik. Ko’p o’tmay tur tashkilotchisi “WeChat” ilovasi orqali telefon qilib, inglizcha va xitoychada baqirib berdi. Turlarda boshqa qatnashmaysiz, deb dag’dag’a qildi. O’shandan beri ruxsat berishgani yo’q”, - deydi muxbirlardan biri.
“Katta Yigirmalik” davlatlarining olimpiadaga doir bayonotidan so’ng AQSh Shinjondagi vaziyatni, inson huquqlari borasida qator muammolarni yana bir bor eslatgan.
Oktabr oxirida Rimda o’tgan sammit dekralatsiyasida “2022-yilda Pekin Qishki Olimpiya o’yinlarini kutib qolamiz”, deyiladi. Xitoy rasmiylari ushbu bayonotni 4-20 fevralda o’tadigan musobaqaning xalqaro hamjamiyat tomonidan ma’qullanishi, deya talqin qilmoqda.
“Tadbirga yaxshi tilaklar tilandi. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi va ko’plab mamlakat qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.
Pekin qishki o’yinlar “inklyuziv va ochiq” tarzda o’tishini qayd etsa-da, ularning Xitoyda o’tkazilishiga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Buni ham ko'ring Pekin Olimpiadasiga qarshi dunyo bo'ylab noroziliklarBoykot
Huquq faollari qatorida AQSh qonunchilari ham Xitoydagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol tufayli o’yinlarni boykot qilishga chaqirmoqda.
Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar manfaatlar mushtarak bo’lgan sohalarda, masalan, Eron, Shimoliy Koreya va iqlim o’zgarishi bo’yicha Xitoy bilan hamkorlik qilsa-da, inson huquqlariga alohida e’tibor qaratadi.
Blinken “Katta Yigirmalik” majlisida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan muloqot qilgan. Yaqin orada AQSh va Xitoy prezidentlarining virtual uchrashuvi ham bo’lib o’tadi.
12-noyabrda Yangi Zelandiya Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, APEK sammitiga mezbonlik qiladi. Ammo Jo Bayden va Si Zinpinning virtual uchrashuvi bu sammit doirasida o’tishi kutilmayapti.
AQSh rasmiylariga ko’ra, Vashington va Pekin o’rtasidagi raqobatni mas’uliyatli tarzda boshqarish, harbiy mojarolarni bartaraf etishning bir yo’li aloqa kanallarini ochiq saqlashdir.
Siyosatshunos Dru Tompsonning qayd etishicha, AQSh xavfni kamaytirish va tushunmovchiliklarning oldini olish haqida ochiq gapirayotgan bo’lsa, Pekin uchun prioritet bu emas, balki Vashingtonning o’z xatolarini tan olishiga va yondashuvini o’zgartirishiga erishishdir.
4-noyabr kuni o’tgan brifingda Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays AQSh “Yagona Xitoy” siyosatiga amal qilishini, ammo bu Xitoy versiyasidan farqli ekanini qayd etdi.