Orzular diyorining muhojir qonunchilari 

  • Amerika Ovozi

Kolorado shtati parlamenti

Amerika - turli diasporalar mamlakati. Bu diyorga yoshlikda qochqin, muhojir sifatida kelib, katta lavozimlarda, jumladan, parlamentda qonunchi bo’lib ishlab yurgan arboblar bor.

Nakitta Riks ana shunday arboblardan. Kolorado shtati Quyi palatasining a‘zosi.


“Kolorodada har 10 kishidan biri immigrant. Kichik biznezlarning har oltitasidan biri menga o’xshagan migrantlar tomonidan tashkil etilgan“, - deydi qonunchi.

Riksning oilasi Koloradoga 1980-yilda kelgan, Liberiyadagi qonli harbiy to’ntarishdan so’ng. “Onamga ikki soat qurol bilan o’qtalib turishgan, men va singlim shuni ko’rganmiz. Shu damda onam o’lish yoki tirik qolishini bilmaganmiz. Uni so’roq qilishganlarining sababi - uning hukumat rasmiysi bilan shaxsiy aloqasi borligi edi. Qallig’ini topishganida, u va onamni sudrab olib chiqib ketishgan. Lekin xudoning marhamati bilan onamni tashlab ketishdi. Bir necha kundan so’ng hukumatning 13 vazirini bog’lab, otishgan”, - deb xotirlaydi ayol.

Ana shu alg’ov-dalg’ov voqealardan ikki oy o’tib, oila AQShga qochib kelgan.

Vakillar palatasida o’z okrugimning vakili sifatida qatnashar ekanman, bu men uchun juda hayajonli damlar bo’ldi. Fikrimcha, Amerika orzusi haqida gapirganimizda, aynan shular haqida oy’laymiz. O’ylashimcha, odamlar dunyoning turli joylaridan ochlik, urush, biz boshimizdan kechirgan voqealarga o’xshash siyosiy notinchliklardan qochib keladi, yaxshi hayot izlab”, -deydi yangi jamiyatda ham o’z o’rnini topa olgan ayol.


Riks o’z biznesiga ham ega. Jamiyat taraqqiyoti uchun hissa qo’sha olish - baxt, deydi u.

“Onam qattiq ishlardi, hammasiga ulgurish uchun, hammasini yangidan boshlash uchun”, - deb eslaydi muhojir qonunchi. Riksning onasi oila Amerikaga kelganidan 10 yil o’tib, saratondan vafot etadi.

Men va singlim onasiz qoldik, otam ham ko’p o’tmay vafot etdi. Boshimizdan ko’p narsalar o’tdi. Bu haqda ko’p to’xtalmayman. Lekin, shuni bilamanki, boshqacha hayot kechirishimiz uchun ko’p narsalar qilishdi, orzularimizga erishishimiz uchun. Fikrimcha, doim orzu qilish kerak, biror narsaga erishishga harakat qilish kerak, maqsad bo’lishi kerak.

Boshimdan ko’p og’ir kunlar o’tgan. Lekin ichimdagi bir narsa doim olg’a borishga undaydi. E’tiqodim bor. Ibodat qilaman. Yiqilsam, turaman. Taslim bo’lmayman. Orzularimdan voz kechmayman. Har kuni yangi kun boshlanadi, qiyosh chiqadi. Orzularingizdan qaytmang, hech qachon”, - deya hayotiy tajribalari bilan bo’lishadi muhojir qonunchi ayol.