“PEN America” nomli nohukumat tashkilot Nyu-Yorkda Rossiya konsulligi oldida norozilik namoyishi o’tkazdi. Ukraina sharqida va Qrimda qamoqqa olingan jurnalistlar ozod etilsin, deya talab qildi faollar.
“Ozodlik” radiosi muxbiri Vladislav Yesipenko hoziroq chiqsin, deydi hamkasblari, bo’sh stulga ishora qilib.
Bo’sh kursi - panjara ortidagi yozuvchi va jurnalistlar timsoli. Bu yilgi targ’ibotda e’tibor sharqiy Ukraina va Qrimda.
Vladislav Yesipenko mart oyida Qrimda josuslikda ayblanib, ushlangan. Yesipenko aholi turmushini yoritgan.
“Kasbi uchun tiqishdi uni” – deydi Polina Sadovskaya, faol. “Jurnalist ekani, Qrimdagi vaziyat haqida haqqoniy ma’lumot berayotgani uchun”.
Yesipenko qamoqda qiynoqqa solingan bo’lishi mumkin. Yaqinlari shuni o’ylab dahshatda.
Your browser doesn’t support HTML5
Stanislav Aseyev ham jurnalist. Donbassda ikki yil hibsda o’tirgan. Rossiya uchun kurashgan separatistlar uni azoblagan. Keyin mahbus almashinuvida qo’yib yuborilgan.
“Meni birinchi kuni qiynashgan. Nima xohlashsa, xo’p deb, imzo chekkanman, keyin tinch qo’yishgan. Meni yashirishgan, odamlarni u yerda qattiq urishar edi. Vaxshiy edi ular. Mahbuslarni o’zini xursand qilish uchun ham do’pposlashar edi”, - deya eslaydi Aseyev.
Juliya Savko, Olena Fedoruk ismli jurnalistning qizi. Fedoruk ham Ukraina hukumati josusi deb tamg’alangan. 11 yilga qamalgan.
“2017-yildan beri qamoqda onam… Hamma ayblovlar uydirma. Hozir u ayollar koloniyasida. Naqadar adolatsizlik”.
“Jim tursak, Rossiya hukumati va uning Ukrainadagi tarafdorlari mamnun bo’lishadi albatta. Nega axborot izlagan, uni tarqatgan, dunyo ahlini Ukraina va Qrim haqida ogoh qilgan odamlar jazolanmoqda?” – deydi Anna Kuper, jurnalist.
“PEN America” tashkiloti namoyishlarni va targ’ibotni boshqa shaharlarda ham davom ettirmoqda.