Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda 28-noyabrdagi parlament saylovining natijasidan norozi partiyalarning vakillari norozilik namoyishiga chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Norozilar Markaziy saylov komissiyasining binosi yoniga toʻplanib, saylovning natijasini bekor qilib, nima sababdan Markaziy saylov komissiyasining 40 daqiqaga yaqin ishlamay turgani boʻyicha maxsus tekshiruv oʻtkazilishini talab qilishdi.
Avvalroq, 29-noyabrga oʻtar kechasi «Ata Meken», “Reforma”, “Sotsial-demokratlar”, «Azattiq» va «Uluttar birimdigi» partiyalarining liderlari mahalliy telekanallardan biri orqali qoʻshma bayonot eʼlon qilib, parlament saylovi natijalarini tan olmasligini bildirib, Vazirlar kabineti darhol isteʼfoga chiqishini va qayta saylov oʻtkazishni talab qilgan edi.
Bayonotda ular saylov soxta oʻtgani va hukumat ayrim partiyalarning 40 mingdan 70 minggacha ovozi tortib olinganini daʼvo qilmoqda.
Parlament saylovi
28-noyabr kuni Qirgʻizistonda parlament deputatligi uchun saylov boʻlib oʻtdi. Bir yil avvalgi saylov natijalari katta noroziliklar sabab bekor qilingan edi. Shu sabab saylov oradan bir yil oʻtib, yangi qoidalar asosida oʻtkazildi.
Dastlabki natijalarga koʻra, hozircha olti partiya – «Ata Jurt», «Ishenim», «Intimaq», “Alyans”, “Butun Qirgʻiziston”, “Iymon Nuri” besh foizlik toʻsiqdan oʻta olgan.
Buni ham ko'ring Qirg'iziston parlamenti Jeenbekov iste'fosini ma'qulladiSaylovda parlamentdagi 90 oʻrin uchun 21 partiya kurash olib bordi.
Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan maʼlumotga koʻra, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 3 milliondan ortiq fuqaroning ichidan saylovda ishtirok etganlar qariyb 30 foizni tashkil qilgan.
Oʻsh shahrida saylov uchastkalaridan birida kuzatuvchi boʻlib ishlagan Nargiza Qoʻchqorovaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, parlament saylovi 2020-yilda oʻtgan saylovga nisbatan haqqoniy va tashqi aralashuvlarsiz oʻtgan. Ammo bu galgi saylovda texnik xatolar koʻp boʻlib, saylovoldi uyushtirish ishlari yetarli darajada boʻlmagan.
«Saylov 2020-yilgi, davlat toʻntarishiga sabab boʻlgan saylovga nisbatan ancha toza oʻtdi. Saylov uchastkalarining yoniga nomzod va partiyalarning vakillari toʻplanib olib, ovoz sotib olayotganlarni bemalol kuzatish mumkin edi. Bu saylovda ushbu holatni kuzatmadik.
Saylov uchastkalari komissiya aʼzolarining tubdan yangilanganini koʻrishimiz mumkin. Mahalla kvartal komitetlari ham saylov jarayoniga aralasha olmadilar. Saylov jarayonida kerakli boʻlgan “aqlli urnalar” - ASUda juda koʻplab «sboylar», ishdan chiqish, qotib qolish yoki byulletenni qabul qilmay qolishini kuzatdim. Bu texnik holatni oldindan nazorat qilmaganligim uchun tushunmadim. Shu holatga eʼtibor qaratish kerak edi. Chunki partiya uchun alohida va nomzod uchun alohida ovoz berilgandan keyin, byulletenlarning hajmi ancha uzunligi sababli ASUlar tezda toʻlib qolib yoki “chaynab” qoʻygan holatlari koʻp kuzatildi. Oldindan urnalar shu holatga tayyormidi, yoʻqmi tekshirish amaliyotlari yaxshi olib borilmagan.
Xalqimizga esa byulletenini qanday belgilash katakchalarda nomzodlarning nomlari nega yoʻqligi tushuntirilmagan. Demak, televideniye orqali berilgan koʻrsatuvlar yetarli boʻlmagan. Saylovga kelgan saylovchilar byulletenini olib, nimani belgilashni bilmay ancha qiynaldi. Ayniqsa, yoshi katta saylovchilar toʻgʻri belgilay olmay, yaroqsiz byulletenlar soni oshib ketdi. Tushuntirish ishlari olib borilmaganligini koʻrishimiz mumkin», - deydi oʻshlik Nargiza Qoʻchqorova.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, parlament saylovida ovoz berish uchun qoʻllanilgan byulletenlarning 9,64%, yaʼni 116 246 tasi yaroqsiz deb topilgan. Markaziy saylov komissiyasi notoʻgʻri belgilangan, umuman belgi qoʻyilmagan yoki yana boshqa shaklda buzilgan byulletenlar hisobdan chiqarilganini bildirdi.
Buni ham ko'ring Qirgʻiziston prezidenti “toza saylov” o’tkazmoqchi, o'zbek nomzodlar kamShu bilan birga ovoz berish oxiriga yetgandan keyin Markaziy saylov komissiyasining ovozlarni hisoblovchi avtomatlashtirilgan tizimi ishlamay qolgan. Tizim qayta tuzatilgan vaqtda natijalar oʻzgarib ketgani sabab, Markaziy saylov komissiyasining faoliyati noroziliklarga sabab boʻldi.
Markaziy saylov komissiyasining yetakchisi Nurjan Shayldabekova esa chindan ham texnik xatolar boʻlganini, ammo bu ovozlarni hisoblashga taʼsir qilmaganini aytmoqda.
Prezident Sadir Japarov esa saylov natijalaridan norozi boʻlgan partiyalar byulletenlarni qoʻl bilan sanab chiqishda ishtirok etishishi mumkinligini va daʼvolar isbotlansa, Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari javobgarlikka tortilishini bildirdi.
Xakerlik hujumi, sabotaj va hokimiyatni bosib olishga urinish
Markaziy saylov komissiyasi saylov uchastkalari yopilishi bilan parlament saylovining dastlabki natijalarini chiqara boshlagan. Saytda avtomatik urnadagi maʼlumotlarning 80 foizi hisoblab boʻlingandan keyin tizimda muammo yuzaga kelib ishlamay qolgan.
Markaziy saylov komissiyasidan asosiy dasturda uzilish boʻlmaganini, saytdagi maʼlumotlar “jadvaldagi kichik bir formula xato yozilib qolgani sabab” oʻzgarib ketganini aytishmoqda.
Ammo Vazirlar kabineti yetakchisining oʻrinbosari Edil Baysalovning fikriga koʻra, bu Qirgʻiz davlatchiligiga putur yetkazishni istagan kuchlarning sabotaji boʻlishi mumkin.
“Uzilish — bu yerda barimiz janjallashib ketishimiz uchun qilingan katta fitna. Bu oʻyinchoq emas. Bu barimizga qilingan hujum, diversiya, sabotaj hamda davlatchiligimizga putur yetkazish harakati”, — deb bildirgan Baysalov “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati tayyorlagan efirlardan birida.
Baysalovning fikrini qoʻllagan Xavfsizlik kengashining kotibi Marat Imankulov ham Markaziy saylov komissiyasining serveri xakerlik hujumiga uchraganini bildirgan.
Saylovga sanoqli kunlar qolganda, 26-noyabrda Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasi parlament saylovidan keyin hokimiyatni kuch bilan egallashga urinayotgan guruhning 15 aʼzosini qoʻlga olganini bildirgan.
Maxsus xizmatning matbuot kotibi Kumushbek Shabdanovning bergan maʼlumotiga koʻra, qoʻlga olinganlar ming kishini toʻplab, saylovdan keyin ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishni koʻzlagan.
Shuningdek, Xavfsizlik xizmati mazkur shaxslar parlament deputatlarining va sobiq amaldorlarning rahbarligi ostida ishlaganini bildirgan.
Ammo qoʻlga olingan va davlat toʻntarishi urinishida gumonlanayotgan shaxslarning ismlari oshkor qilinmagan.
Avvalroq Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov ayrim siyosatchilar mamlakatda qurolli toʻntarishni amalga oshirishni rejalashtirayotganini, ammo bu boʻyicha barcha dalillar toʻplanganini, saylovdan keyin ularga nisbatan keskin choralar koʻrilishini bildirgan edi.
Buni ham ko'ring Qirg’izistonda saylovdan keyin nima o’zgaradi?Xalqaro kuzatuvchilarning fikri qanday?
Xalqaro kuzatuvchilar Qirgʻizistonda aholining saylovga qiziqishi yoʻqolgan deb hisoblamoqda. Bu haqda 29-noyabrda parlament saylovini kuzatgan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) kuzatuvchilari oʻtkazgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
Shu bilan birga xalqaro kuzatuvchilarga koʻra, Qirgʻizistonda oʻtkazilgan parlament saylovida asl raqobat mavjud boʻlgan va saylovchilarga keng tanlov berilgan, ammo saylov jarayoniga shoshilinch yondashilgan.
YXHT kuzatuvchilari elektron tizimdagi muammolar haqida batafsil maʼlumot berilishi kerakligini ham taʼkidlab oʻtdi.
Qirgʻizistonga parlament saylovini kuzatish uchun kelgan Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining yetakchisi, xalqaro kuzatuvchi Zayniddin Nizamxoʻjayev esa parlament saylovi oliy darajada uyushtirilgan deb hisoblaydi.
“Qabar” davlat axborot agentligining yozishicha, Zayniddin Nizamxoʻjayev kuzatuvlari natijasida Qirgʻizistonning Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarga fuqarolik burchini bajarish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi degan xulosaga kelgan.
Shuningdek, yana bir necha davlatlardan kelgan kuzatuvchilar parlament saylovi adolatli va shaffof boʻlib oʻtgani haqida bildirgan.
Qirgʻizistonda 2020-yili oʻtgan parlament saylovidan keyin noroziliklar avj olib, hukumat almashgan edi. Mazkur voqea ortidan prezidentlikka kelgan Sadir Japarov bu safar butun dunyo hayron qoladigan darajadagi “toza saylov” oʻtkazilishini vaʼda bergan.
Ammo ovoz berish jarayoni tugagandan keyin Markaziy saylov komissiyasining ovozlarni hisoblovchi avtomatlashtirilgan tizimi bir necha daqiqaga ishlamay qolishi Sadir Japarovning vaʼdasi ustiga “soya soldi”.
Ayrim partiya vakillari saylov natijalarining bekor qilinishini talab qilmoqda.
28-noyabrda oʻtgan parlament saylovining dastlabki natijasiga koʻra, olti partiya 5% toʻsiqdan oʻtib, saylovda gʻalaba qozongani aytilmoqda.