Breaking News

Qirgʻiziston prezidenti “toza saylov” o’tkazmoqchi, o'zbek nomzodlar kam


Qirgʻizistonda oʻtishi kutilayotgan parlament sayloviga sanoqli kunlar qoldi. Hozirda deputatlikka nomzodlarning tashviqot ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Avvalgi parlament saylovi 2020-yilning 4-oktyabrida boʻlib oʻtgan. Ammo saylov natijalariga qarshi oʻtkazilgan namoyishlar oqibatida prezident va hukumat isteʼfoga chiqqan edi. Shu sababli natijasi bekor qilingan parlament saylovi ortidan prezidentlikka kelgan Sadir Japarov va uning tarafdorlari oldida bu galgi saylovning tinch hamda adolatli oʻtishi muhim.

Davlat rahbari saylov oldi tashviqotlari boshlanishidan avval Jogorku Kenesh deputatlariga murojaat qilib, ular “ovoz sotib olishni toʻxtatsa, maʼmuriy resursdan foydalanishga yoʻl qoʻymasligini” aytib vaʼda bergan.

“Bundan keyin barcha saylovlar toza oʻtadi. Bor kuchimizni sarflaymiz. Maʼmuriy resurs umuman qoʻllanilmaydi”, — degan prezident Sadir Japarov.

Kuzatuvchilarning fikricha, garchi saylov oldi tashviqoti vaqtida shu vaqtga qadar bir qator qonunbuzarliklar qayd etilgan boʻlsa ham, avvalgi saylovlardagi kabi ochiq ovoz sotib olish holatlari, davlat ishida ishlaganlarning tashviqot faoliyatiga bevosita aralashishi deyarlik kuzatilmayapti.

“Hozircha ochiqdan-ochiq ovoz sotib olamiz degan gap yoʻq. (Avvalgi saylovda ovoz sotib olishga urinish deyarlik oshkora boʻlgan edi). Lekin, kechasi yoki saylovga oz kun qolganda ovozlar uchun pul tarqatilish ehtimoli borligi va bunga qarshi tayyor turish kerak deb xavfsizlik xizmatining yetakchi ham aytdi. Meni fikrimcha pul berishdan oldin oʻylanib koʻrishadi va oʻtgan safargi saylovlardan oʻzlariga tegishli xulosalarni chiqargan boʻlsa kerak, ayrim partiyalar”, — deydi siyosiy tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev.

Parlament sayloviga nomzodlardan biri Dilnoza Topvoldiyeva esa saylovni haqqoniy oʻtkazish vaʼdasini nafaqat hozirgi prezident, balki undan avvalgilari ham doim takrorlab kelganini va chinakam adolatli saylov oʻtishiga shubhasi borligini aytadi.

Qirg'izistonda parlament saylovlari: o'zbek nomzodlar?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:04 0:00

“Chiqmagan jondan umid. Umid bor. Lekin bu galgi saylov ham toza oʻtmasligiga koʻzim yetib turibdi. Bunga bir prezident aybdor demoqchi emasman. Sabablari koʻp. Masalan, men nomzod qatori saylovchilar bilan uchrashish vaqtida saylovni kutib, koʻmir olmayotgan odamlarni koʻrdim. Mendan, [ovoz uchun] qancha berasizlar deb soʻrayapti. Chunki, berib oʻrgatib qoʻyganmiz-da. Aybdorni qidirsangiz, aybdor juda koʻp. Lekin, bizni partiya hech bir saylovda ovozlarni sotib olmagan”, — deydi nomzod.

Mustaqil jurnalist Shohruh Soipov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda saylovoldi kampaniyasi vaqtida bir qator qonunbuzarliklar qayd etilgan boʻlsa ham, maʼmuriy resursdan avvalgidek foydalanilmayotgani sezilib turganini aytadi.

“Ammo saylovchilar bu galgi saylovda faol emas. Nomzodlarning va partiyalarning oʻzlari ham charchagandek tuyulmoqda”, — deydi u.

Qirgʻiziston mustaqillikka erishgandan beri oʻtkazilgan har bir saylovda mamlakatda son jihatidan ikkinchi oʻrinda turgan mahalliy oʻzbeklarning ovoziga saylov natijalaridagi muhim omil qatori qarab kelingan. Ammo bugungi kunda mahalliy oʻzbeklar ichidan chiqqan deputatlikka nomzodlarning siyosiy tajribasi kam, oʻzbek saylovchilarining ham ovozi tarqoq deydi, siyosiy tahlilchilar.

Soipovning aytishicha bu safargi saylovda mahalliy oʻzbeklar orasidan chiqqan nomzodlar soni kam va ularning siyosiy tajribasi ham oz.

“O'zbek millatiga mansub nomzodlar ichida butun respublikaga tanilgan, avvaldan xalq xizmatida boʻlib tanilgan siyosatchilar yoʻq hisobida. Ular asosan biznes vakillari va maʼlum bir kichik hududda taniladilar xolos. Qirgʻizistondagi kam sonli millatlarga, ayollarga bu safar kam oʻrinlar ajratilgan va konstitutsiyaga kirilgan yangi oʻzgarishlar sabab bu galgi saylovda davlat Janubidagi aholining asosiy qismini tashkil qiluvchi oʻzbeklarning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas”, — deydi jurnalist.

Qirgʻizistonda parlament saylovi 28-noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Natijasi bekor qilingan avvalgi saylovdan keyingi bir yil ichida davlat konstitutsiyasi oʻzgartirilib, parlament deputatlarining soni qisqargan. Shu bilan birga deputatlarning vakolatlari ham kamaytirilgan.

Jogorku Keneshdagi 90 oʻringa siyosiy partiyalardan 54, bir mandatli okruglardan 36 deputat saylanadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG