Tolibon o‘zbeklar va turkmanlarni uyidan haydaganlikda ayblanmoqda

Tolibon askarlari Kobul ko'chalarida

Tolibon jangarilari Afg‘oniston shimolida 1000 dan ortiq odam majburan uyidan quvib chiqarilishiga yordam berganlikda ayblanmoqda. Xabarlarga ko‘ra, aynan etnik o‘zbek va turkmanlar uyidan quvib solingan.

Bu odamlarning da’volariga ko‘ra, Jo‘zjon viloyatida pushtunlar ularning uy-joylari va yerlarini Tolibon yordamida tortib olgan.

Tolibon avgust oyida hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri besh viloyatda yuzlab shia hazora oilaning uyi va fermalaridan haydab chiqargani aytilmoqda.

Huquq tashkilotlariga ko‘ra, Tolibon tortib olingan mulklarni o‘z tarafdorlariga taqsimlash va sobiq hukumatni qo‘llab-quvvatlagan jamoalarni jazolash maqsadida aholini uyidan quvib chiqarmoqda.

Jo‘zjonning Darzab tumanida yashovchi Abdullohning aytishicha, u uyidan quvib chiqarilganlarning biridir.

Abdullohning so‘zlariga ko‘ra, 27-noyabr kuni Tolibon jangarilari pushtun ko‘chmanchilar bilan birga Darzab va Qo‘shtepa tumanlarida 1000 dan ortiq etnik o‘zbek va turkmanni uyi va fermalaridan haydab chiqarishgan.

Buni ham ko'ring Afg'onistonda qancha o'zbek bor?

Abdulloh "Ozodlik" radiosi afg‘on xizmatiga haqiqiy ismini oshkor qilmaslik sharti bilan bergan intervyusida viloyatdagi Tolibon rasmiylari yer egallab olingani haqidagi da’volarni tekshirish uchun hay’at yuborishga va’da berishganini aytdi, ammo uning so‘zlariga ko‘ra, 8-dekabrgacha hech kim kelmagan.

"Bu yer yuzlab yillardan beri bizniki bo‘lib keladi. Biz uni parvarish qilib kelamiz va u bizga tegishli", dedi u.

Qo‘shtepalik Fayzullaning aytishicha, pushtun ko‘chmanchilari Tolibon yordamida ularning 20 ming gektardan ortiq yerini egallab olgan.

"Hech kim qarshilik qila olmadi", - dedi u.

"Agar ovozimizni ko‘tarsak, bizni o‘ldirib yuborishadi".

Jo‘zjondagi pushtun ko‘chmanchilar vakili G‘ulom Sarvar Alizayning aytishicha, yerga egalik ko‘pincha noaniq, chunki bahsli mulklar davlat erlarida joylashgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chmanchilar yigirma yil davomida foydalana olmagan yaylovlarga qaytishni xohlashadi.

"Ba’zi (o‘zbek va turkman) birodarlarimiz yer hukumatga tegishli ekanini tan olishadi, lekin ular taqir yerlarni o‘zlashtirish uchun ko‘p mehnat qilishgan", - dedi u "Ozodlik" radiosiga.

"Har tomondan besh vakildan iborat qabila kengashi echim topish uchun eng yaxshi variantdir".

Tolibon Ozodlik radiosining izoh so‘rab qilgan qo‘ng‘iroqlari va maktublariga javob bermadi.

Buni ham ko'ring Afg'onistonlik o'zbek O'zbekistonga: Ziyolilarimizni qutqaring

Ammo 29-noyabr kuni Tolibon kotibi Bilol Karimiy "BBC" teleradiosiga Jo‘zjonda hech qanday majburiy ko‘chirishlar bo‘lmaganini ta’kidladi.

"Bunday voqea sodir bo‘lgani yo‘q, Qo‘shtepada vaziyat tinch", - dedi u.

Kotib rasmiylar bu masalani o‘rganib chiqayotgani, "hech kim yoki hech bir guruh birovning mulkiga tajovuz qilishiga yo‘l qo‘yilmasligini" qo‘shimcha qildi.

Tolibon o‘zini chinakam milliy harakat sifatida ko‘rsatishga urinayotgan bo‘lsa-da, tanqidchilarni guruhni faqat etnik pushtunlar manfaatlarini himoya qilishda ayblab keladi.

Tolibon etakchilari va jangchilarining asosiy qismi pushtunlardir.

Afg‘onistondagi turli etnik guruhlarning soni to‘g‘risida ishonchli statistika mavjud emas, chunki Afg‘onistonda biror marta aholi to‘liq ro‘yxatga olinmagan. So‘nggi urinish 1970-yillarning oxirida samarasiz yakunlangan.

1970-yillardan to‘plangan bahsli statistikaga ko‘ra, pushtunlar soni 40 foizdan sal ko‘proq, etnik tojiklar soni 30 foizga etmaydi, hazoralar va o‘zbeklar soni esa 10 foiz atrofidadir. Aholining qolgan qismini turli kichik etnik ozchiliklar tashkil qiladi.

Tolibon hokimiyatni qayta qo‘lga kiritganidan beri butun mamlakat bo‘ylab minglab odamni majburan haydab chiqarishda ayblanmoqda.

Oktabr oyida Tolibon Afg‘oniston janubidagi Hilmond viloyati va shimoliy Balx viloyatida yuzlab hazora oilani majburan uyidan quvib chiqardi.

Sentabr oyi oxirida Daykundi viloyatida 700 ga yaqin hazora Tolibon tomonidan majburan quvib chiqarilgandi. O‘shanda Tolibon sud bu yerlarni dastlabki egalariga qaytarish bo‘yicha hukm chiqarganini iddao qildi.

Buni ham ko'ring To'ra Bobolov: Afg'oniston bilan chegaradosh viloyat hokimi nimaga qodir?


Tolibon nafaqat boshqa xalqlarni, balki pushtunlarni ham uyidan haydab chiqargan holatlar qayd etildi. Xususan, Tolibon janubdagi Qandahor viloyatida sobiq hukumat yoki uning qurolli kuchlarida xizmat qilgan millatdoshlarini ham quvib chiqardi.

"Human Rights Watch" (HRW) tashkilotining Osiyo bo‘yicha direktori o‘rinbosari Patrisiya Gossman Ozodlik bilan suhbatda:

"Tolibon majburan ko‘chirishlarni bas qilishi va yerga oid nizolarni qonun va adolatli jarayon asosida hal qilishi kerak", - dedi.

Gossmann Afg‘oniston shimolida kollektiv jazo va majburiy ko‘chirishlarning uzoq tarixi borligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2001-yilda AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibon tuzumini hokimiyatdan ag‘darganidan keyin, AQSh dastaklagan Shimoliy Alyans "mahalliy pushtunlarni quvib chiqargan".

1996-yildan 2001-yilgacha Tolibon hukmronligiga qarshilik ko‘rsatgan sobiq Shimoliy Alyans a’zolari asosan etnik tojiklar, o‘zbeklar va hazoralardan iborat bo‘lgan.

Gossman Shimoliy Alyansdan oldin Tolibon boshqa guruhlarni majburan uyidan quvib chiqarganini aytdi.

Buni ham ko'ring Termizdagi afg'onlar: Chegara va bozor

"2001 yildan keyin erga egalik tizimini isloh qilish urinishlari ta’sirga ega shaxslar va qo‘mondonlar, jumladan, davlat ma’muriyati va parlamentdagilar qudrati tufayli natija bermadi", - dedi u.

Afg‘oniston shimolidagi ko‘plab er nizolari XIX asrda pushtunlarning majburiy va ixtiyoriy ko‘chirilishi ortidan yuzaga kelgan.

1880-yillardan boshlab pushtun afg‘on qiroli Abdurrahmon Xon bir-biriga raqib bo‘lgan pushtun jamoalardan minglab odamni Afg‘onistonning sharqiy qismidan shimoliga majburan ko‘chirgan. Ungacha mamlakat shimolida pushtunlar juda oz bo‘lgan. Ko‘chmanchi pushtunlarga ko‘pincha tekin yer berilgan va ular soliq to‘lashdan ozod qilingan. Shuningdek, XX asrda pushtunlar ixtiyoriy ravishda Afg‘oniston shimoliga ko‘chib borgan.

"Majburan ko‘chirilganlarga ham, o‘z ixtiyori bilan borganlarga ham markaziy hukumat tomonidan er ajratilgan, bu esa qishloq yerlari va yaylovlardan mahrum bo‘lgan jamoalar bilan ziddiyatni kuchaytirgan", - deyiladi HRW 2002-yilda e’lon qilgan hisobotda.

XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Afg‘oniston shimoliga Markaziy Osiyodan ham qochqinlar borgan. Ularning ko‘pchiligi chor Rossiyasining Markaziy Osiyoga bostirib kirishi va Sovet Ittifoqining barpo bo‘lishidan qochib qutulishni ko‘zlagan.