E'tirozlarga qaramay Ozarbayjon OAV to'g'risidagi yangi qonunni qabul qildi

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjonda ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyatiga oid yangi qonun mustaqil jurnalistikani yanada cheklaydi, degan xavotirlarga qaramasdan mamlakat parlamenti shu hafta uni ma’qulladi.

Hujjatga binoan mamlakatda OAV ro’yxati tuziladi, jurnalistlardan davlat ro’yxatidan o’tish talab qilinadi.

Poytaxt Bokuda o’nlab jurnalistlar namoyishga chiqib, yangi qonunni qoraladi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, politsiya bilan to’qnashuvda kamida bir kishi jarohatlangan.

Mahalliy OAV va huquq tashkilotlari deydiki, qonun Ozarbayjonda kim jurnalist deb tan olinishini hukumat belgilashiga yo’l ochib berishi, yangi reyestr jurnalistlar haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni o’z ichiga olishi mumkin.

Chetdan turib faoliyat olib borayotgan OAVning Ozarbayjonda ro’yxatdan o’tmasdan xabar tarqatishi ham qiyinlashadi. Qonunda norasmiy manbalarga tayanib ma’lumot tarqatishni taqiqlovchi bandlar bor.

“Hujjatda ko’plab muammolar borligini aytib, 40 tagacha moddaga o’zgartirishlar kiritishni taklif qildik. Afsuski, inobatga olishmadi. Hukumatning bu qadami Ozarbayjonda jurnalistika va OAV erkinligi bilan bog’liq vaziyatni yaxshilamaydi, aksincha yomonlashtiradi”, - deydi Bokuda media bo’yicha ekspert Alasgar Mammadli.

Jurnalistlar, deydi u, imkon qadar tezroq sudlarga murojaat qilishi, kerak bo’lsa Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudiga arz qilishi lozim.

“Axborot ustidan davlat nazorati kuchaytirilayotganidan dalolat bu”, - deb hisoblaydi “Turon” axborot agentligi direktori Mehmon Aliyev.

Buni ham ko'ring AQSh matbuot erkinligini kengroq targ'ib qilishi kerak, deydi taniqli huquq faoli

Iqtidordagi partiya a’zosi, qonunchi Oydin Mirzazoda esa qonun loyihasi keng muhokama etilgani, media vakillari ham unga hissa qo’shganini ta'kidlaydi.

“Qonun OAV, davlat va jamiyat o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Boshqacha aytganda, qonun OAV mustaqilligi va so’z erkinligini himoya qiladi, mediaga hech qanday cheklovlar joriy etmaydi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda”, - deydi Mirzazoda.

U yangi qonun Ozarbayjon konstitutsiyasiga zid ekani haqidagi da’volarni rad etadi.

“Agar qonunni konstitutsiyaga zid deb hisoblashsa, aynan qaysi bandlari zid ekanini sudga ko’rsatishsin. Muammoning yechimi oddiy, – deydi Mirzazoda. – Bir tomondan ular qonunni reaksion deyishyapti, boshqa tomondan o’z fikrlarini ochiq aytishyapti. Ya’ni xatti-harakatlari so’zlariga zid”.

Tilga olinayotgan eng katta xavotir qonun yuqoridagilarga jurnalistikada kim ishlashi mumkinligini hal qilish vakolatini berayotganidir. “Eurasianet” nashriga ko’ra, avval sudlanganlar akkreditatsiyadan o’tkazilmaydi, noshirlar esa Ozarbayjon fuqarosi bo’lishi va mamlakatda muqim yashashi shart.

Akkreditatsiya jarayoni ixtiyoriy bo’lsa-da, Xadicha Ismoilova singari jurnalistlar endi ro’yxatdan o’ta olmaydi. Ismoilova, deydi huquq tashkilotlari, korrupsiya to’g’risidagi maqolalari tufayli soxta ayblovlar bilan 500 kun qamoqda o'tirgan.

Xadicha Ismoilova

Rasmiy guvohnomasiz muxbirlarning amaldorlarga savol bilan chiqishi, ayrim tadbirlarga kirishi qiyinlashadi. Noshirlarning Ozarbayjonda yashashi talabi repressiv muhit tufayli mamlakat tashqarisida tashkil etilgan mustaqil OAV faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi.

“Noaniq jumlalar va ziddiyatlarga boy bu qonun OAV ustidan nazoratni kuchaytirish va senzurani qonuniylashtirishga qaratilgan. Davlat jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga aralashib, mustaqil media va so’z erkinligi bo’yicha ekspertlar bilan maslahatlashmasdan ish tutib, vakolatidan chetga chiqmoqda”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Jan Kavelyer.

Ozarbayjon matbuot erkinligi bo’yicha global ro’yxatda 180 davlat ichida 167-o’rinda.