44 yoshli xitoylik Shang Hayatao Missuri shtatida joylashgan "Monsanto" agrokompaniyasidan maxfiy ma'lmotlarni o'marganlik aybini tan oldi. 2008-2017 yillarda u bu kompaniyaga tegishli firmada ishlagan.
AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, Shang yangi programmalarni qo'lga kiritib, ularni Xitoyga uzatgan. Bu programmalar hosilni oshirishda yordam beradigan vositalar bo'lgan.
Buni ham ko'ring Baydenning Xitoy siyosati: Ham muzokara, ham kurashmi?"Aslida Shang "Monsanto" intellektual mulkini himoya qilishga so'z bergan, buning uchun maxsus treninglardan o'tgan. Biroq maxfiy ma'lumotlarni yashirin ko'chirib, Pekinga jo'natib turgan", - deydi Adliya vaziri muovini Metyu Olsen.
"Shang yirik xalqaro kompaniya unga mutaxassis sifatida ish berib, zimmasiga muhim vazifani yuklab, unga bildirgan ishonchni suiiste'mol qilgan", - deydi Seyler Fleming, Missuri shtati prokurori.
"AQSh fuqarosimi yoki xorijiy, hech kim bu mamlakatdagi biror biznesga tegishli maxfiy ma'lumotni boshqa davlatdagi raqobatchilarga ulasha olmaydi, bu - jinoyat", - deydi Fleming.
Shang 7-aprelda sud hukmini eshitadi. Unga uzog'i bilan 15 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin, shuningdek, undan 5 million dollargacha jarima undirilishi kutilmoqda.
Xitoy hukumatiga ko'ra, Shang ishi bilan Vashington Pekinga nisbatan tuhmatlarini asoslashga urinmoqda. Xitoy biznes sirlar o'g'risi degan ayblov azaldan yangrab keladi va bunday qoralash, Pekin rasmiylariga ko'ra, asossiz.
"Xitoy intellektual mulk o'g'risi degan da'volarni ilk marta eshitmayapmiz. Bu ishni isbot sifatida ko'rsatishlariga qat'iy qarshimiz", - deydi Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Geng Shuang.