Tojikiston: To‘qayev hukumatini qo‘llab-quvvatlaymiz

Your browser doesn’t support HTML5

8-yanvar kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefonda suhbatlashdi. Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar Qozog‘istonda so’nggi kunlarda yuz bergan voqealarni muhokama qilgan. To‘qayev namoyishchilarning yakuniy maqsadi amaldagi hokimiyatni kuch bilan ag‘darish bo‘lganligini aytgan. Shuningdek, u KXSHT doirasida harbiy yordam yuborganligi uchun Tojikistonga minnatdorchilik bildirgan.

7-yanvar kuni Tojikiston parlamentining ikkala palatasi qo‘shma yig‘ilish o‘tkazib, davlat armiyasi hisobidan qurolli kuchlarni mamlakat hududidan tashqariga yuborishga rozilik berdi. Shu kuni Tojikiston Prezidenti KXSHT raisligini olib borayotgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham telefonda muloqot qildi. Tomonlar KXSHTning Qozog‘istonga birgalikda harbiylar yuborish qarori ijrosini muhokama qilgach, Tojikiston ham Qozog‘istonga 200 nafar harbiy yubordi.

Qozog‘istonda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 6-yanvar kuni rasmiy bayonot berib, voqealar rivojini “samimiy hamdardlik” bilan kuzatib borayotganligini ma’lum qildi.

“Biz tinch aholi va huquq-tartibot organlari vakillariga nisbatan zo‘ravonlik, davlat organlarini egallab olish, talon-taroj qilish holatlarini jiddiy tashvish bilan qayd etamiz. Ruxsat etilmagan namoyishlarning noqonuniy qurollangan va maxsus texnikalarga ega bo‘lgan guruhlar paydo bo‘lishiga olib kelgani katta tashvish uyg‘otadi. Biz Qozog‘iston rahbariyatining norozilik kayfiyatini uyg‘otish orqali mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar haqidagi xavotiriga to‘liq qo‘shilamiz”, deyiladi bayonotda.

Ammo tojikistonlik mustaqil tahlilchi va jamoat faollari orasida parlament va hukumat pozitsiyasini tanqid qilayotganlar ham bor.

Buni ham ko'ring Xalqaro hamjamiyat Qozog'istondagi zo'ravonliklarni qoralamoqda

Jamoatchilik faoli Rustam Gulovning aytishicha, Qozog‘istonga harbiy yordam yuborish to‘g‘ri emas.

“KXSHT u yoki bu a’zo davlatlarning ichki tahdidlari emas, bu davlatga bo‘layotgan tashqi tahdidlardan himoyalanish uchun tashkil bo‘lgan tuzilma. To‘qayev o‘zining fuqarolarini “terrorchi” , deb atashining o‘zi Qozog‘istonning tashqi hujumga uchragani va tajovuzkorlikdan himoyalanish zarurligini anglatmaydi. Tashqaridan hech qanday tajovuz yo‘q. Demak, KXSHT mamlakatlari qo‘shinlarini kiritish uchun ham qonuniy asos yo‘q, - deydi Gulov. - Harbiylarimiz u yerda qiladigan ish yo‘q. Qozog‘istondagi vaziyat Qozog‘iston fuqarolarining o‘zlari va ularning hokimiyat organlariga tegishli masala. Qolaversa, bu KXSHT Nizomnomasining 5-moddasiga zid bo‘lib, unda bunday holatlarga aralashmaslik aniq belgilab qo‘yilgan”.

Tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, Qozog‘iston Prezidenti To‘qayevning “voqealar tashqaridan boshqarilyapti” va “terrorchi kuchlar” uyushtirmoqda, degan fikrlari asos talab qiladi. Bu holatlarning isboti ko‘rsatilmas ekan, bu Qozog‘istonning ichki ishi bo‘lib qolaveradi va ichki mojarolarga KXSHT harbiy kuchlarini jalb etish to‘g‘ri emas.

“Qozog‘istonda norozilik namoyishlari kelib chiqishining ko‘plab sabablarini aytish mumkin, jumladan, mamlakatni uzoq yillardan beri Sobiq Sovet ittifoqi kadrlari boshqarib kelayotganligi va bugungi yoshlar bilan ularning orasidagi tafovutlarning kengayib borishi, jamiyatda adolatsizliklar, shu jumladan, yuqori elita tomonidan bizneslarning monopoliyalashtirb olinishi va yana bir psixologik omil, har qanday rahbar vazifada uzoq muddat o‘tirsa, unga nisbatan negativlar ortib boraveradi. Yillar davomida yig‘ilgan noroziliklar jamlanmasi to‘planib, inqirozlarni keltirib chiqaradi”, - deydi Yusupov.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari

Tojikiston Prezidenti qoshidagi Strategik tadqiqotlar markazi Mintaqaviy xavfsizlik masalalarini o‘rganish Boshqarmasi boshlig‘i Komron Hidoyatzoda rasmiy Dushanbening Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlar yuborishdan maqsadi nima ekanligini shunday sharhladi:

“KXSHT tinchlikparvar kuchlarini yuborish tashabbusi Qozog‘iston tinch aholisi xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan birgalikdagi say’-harakatlardir. Mamlakatimizda tinchlik o‘rnatilishida MDH a’zo davlatlarining tarkibida Qozog‘iston zobitlari ham bo‘lgan tinchlikparvar kuchlarining o‘rni katta. 1990-yillarda Tojikistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun 50 nafardan ortiq qozog‘istonlik zobitlar halok bo‘lgan. Tojikiston va Qozog‘istonni nafaqat mustaqillik yillarining yaxshi munosabatlari, balki tarixiy va madaniy omillar ham bog‘lab turadi. Sobiq Sovet ittifoqi tarkibida birga yashash tajribasi mavjud”, - deydi Hidoyatzoda.

Siyosiy tahlilchilar fikricha, KXSHT a’zo davlatlari rahbarlari Qozog‘istonga yordam qo‘lini cho‘zib, harbiy kuch yuborar ekan, ayni paytda o‘z hokimiyati barqarorligini ham o‘ylab bu ishga qo‘l urmoqda.

Tahlilchi Abdumalik Qodirov fikricha, Qozog‘iston voqealari mintaqa davlatlariga, ayniqsa, mintaqaning sobiq Sovet ittifoqi tarkibidan chiqqan mamlakatlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

“Qo‘shni davlatlar hukumatlari uchun bu bir dars bo‘lishi kerak. Xalq muammolarini bugun hal qilish kerak. Bunday hodisa bizda ro‘y bermaydi, degan fikrdan yiroq bo‘lish kerak. Chunki voqealar boshlanganidan keyin allaqachon kech bo‘ladi”, - deydi Qodirov.

Your browser doesn’t support HTML5

Almati, Qozog'iston: 6-yanvar, 2022