AQSh sobiq elchisi Jorj Krol: To'qayev Qozog'istonni qanchalik o'zgartira oladi?

AQSh diplomati Jorj Krol Qozog'istonda elchilik qilgan paytda Qosim-Jo'mart To'qayev respublika Senatining raisi edi, 13-sentabr, 2018

AQShning Qozog'iston va O'zbekistondagi sobiq elchisi Jorj Krol fikricha, Qosim-Jo'mart To'qayev davlat rahbari sifatida yangi bir davrni boshladi. Ulkan sinov davri. Oldingi prezident, elboshi Nursulton Nazarboyev soyasida mamlakatni boshqarish uning uchun qiyin kechayotgan edi.

Nazarboyev Milliy xavfsizlik kengashi raisligidan ketdi va hozirda siyosatdan tamoman chetlatilgandek. Respublikaning Britaniyadagi elchisi Erlan Idrissovga ko'ra, Nazarboyev hamon vatanda, xorijga chiqib ketmagan.

Buyog'iga, deydi Krol Vashingtonda Uilson ilmiy-tadqiqot markazi onlayn forumida so'zlar ekan, quyidagi omillar ko'p narsani hal qiladi:

- To'qayev Nazarboyev yaratgan siyosiy va iqtisodiy tizimni qay tarzda o'zgartirishga harakat qiladi? Qanchalik yangilay oladi?

- Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va unga yetakchilik qiladigan Rossiya bundan keyin qanday qadamlar tashlaydi? Qozog'istondagi qisqa missiya tugagach, bu davlat bilan hamkorlik qay tusga kiradi?

- Sistematik islohotlar samarasi Qozog'istonning xalqaro nufuzi, unga nisbatan ishonch, xususan, hamkorlar va investorlar bilan rishtalar kelajagini belgilaydi.

"To'qayev xalq dardini tinglab, unga qarab ish tutamiz, deyapti. Ommani buncha ishontira oladimi? Bu ishni eplay oladimi? – deya so'raydi Krol. –Hukumat mamlakat g'arbiga komissiya yuborib, bu jarayonni boshlaganini aytmoqda."

Buni ham ko'ring Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?


"Xalqdan tushgan shikoyat va murojaatlar tegishli tizimlar va parlament tomonidan qanchalik o'rganiladi? Muammolar hal qilinishi uchun plyuralistik choralar ko'riladimi, ya'ni turli taraflarni o'z ichiga olgan harakat shakllanadimi?"

Bunday o'zgarishlarsiz yangi davr boshlanmaydi, deydi Amerikaning iste'fodagi diplomati.

"Prezident To'qayev shu strukturaning odami va uning hukumatidagi barcha shu tizimdan chiqqan. Ulardan Qozog'iston xalqi nima kuta oladi? Uning talabini qondira oladigan o'zgarishlar qila olishadimi?"

"Bularni vaqt ko'rsatadi. To'qayev, agar istasa, atrofida uni quvvatlovchilarga tayanib, real islohotlar qila oladi. Hammaning manfaatlarini inobatga oluvchi, qo'shnilar, sharq va g'arbdagi hamkorlar bilan hamkorlikni saqlab, bu rishtalarni kuchaytiruvchi ishlar qila oladi".

Jorj Krol nazarida AQSh Qozog'istonga KXShT va Rossiya bilan yaqinlik yuzasidan bosim o'tkazishi qiyin, chunki respublika bu borada erkin qaror qilish huquqiga ega. Lekin Vashinton o'z xulosalarini qilishga haqli va imkon qadar yordamlashadi, uning suverenitetini quvvatlaydi. KXShT vaqtida chiqib ketsa bu ham muhim bir voqea, deydi u.

Buni ham ko'ring AQSh ekspertlari Qozog'istondagi voqealarni qanday tahlil qilmoqda?

Qozog'istonda kim hokimiyatda bo'lishidan qat'i nazar bu davlat yirik qo'shnisi bilan yaxshi munosabatda bo'lishdan manfaatdor, deydi Krol. "Rossiya - eng yaqin, eng strategik va yuqori ahamiyatga ega sherik", - deya izohlaydi sobiq elchi.

"Qozog'iston Rossiya yoki AQShdan birini tanlashdek qiyin sharoitda qolishni xohlamaydi. Hayot-mamot masalasiga kelganda, kim muhimroq ekanini bilamiz".

Krol nazarida, To'qayev yanvar boshidagi inqiroz paytida nafaqat Rossiya, balki Xitoydek yirik qo'shnisi bilan ham yaqindan muloqotda bo'lgani tabiiy hol va zarurat. Atrofdagi davlatlar barqarorlik xohlaydi.

"O'sha paytda Rossiya, Xitoy va O'zbekiston bilan chegaralar Qozog'iston iltimosi bilan yopilsa ham hayron bo'lmas edim, chunki qo'shnilar ham tinchlik istaydi", - deydi u.

Qozog'iston uchun yana bir sinov, deydi Krol, yangi parlamentni shakllantira olish. Buni xohlayotganlar ko'p. Mamlakat adolatli va demokratik tanlovlarga tayyormi? Buni ham ko'rsata olishi kerak, aks holda saylov ko'p narsani o'zgartirmaydi.