Tahlilchilarga ko'ra, ikki davlat umumiy chegaraga ega bo’lmasa-da, Qozog‘istonda shu oy yuz bergan voqealar Tojikiston iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Qozog‘iston Tojikistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri. Ikki davlat orasida mahsulot aylanish hajmi Tojikiston-O‘zbekiston orasidagi ko‘rsatkichlardan yuqoriroq.
Oxirgi yillarda Qozog‘iston Tojikiston uchun savdo bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallamoqda. 2020-2021 yillarda ikki davlat orasidagi yillik tovar aylanmasi o‘rtacha 800 million dollarga teng bo‘ldi.
2021-yilning mayida Qosim-Jo‘mart Toqayev Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon bilan iqtisodiy aloqalarni muhokama qilgan. Tomonlar kelgusi 5 yilda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishga kelishib olgan edi.
Buni ham ko'ring Tojikiston: To‘qayev hukumatini qo‘llab-quvvatlaymiz“Qozog‘istondagi inqiroz, avvalo, Tojikistonga iqtisodiy jihatdan salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Poyezdlar, yuk mashinalari, umuman, tranzit yuklar o‘tishi va Qozog‘istonning o‘zidan Tojikistonga import qilinadigan mahsulotlar kelishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tojikistonga ko‘proq g‘alla keltiriladi, shu masalada manfiy ta’sirni kuzatish mumkin. Qozog‘istonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tojikistonliklarga, Qozog‘istonda yashab, ishlaydigan mehnat muhojirlari bo‘lgan tojikistonliklarga ham ta’sir etadi”, - deydi siyosatshunos Sayfullo Safarov.
Uning fikricha, eng katta xavf – Tojikiston oziq-ovqat bozori va yoqilg‘i narxiga kuchli ta’sir.
“Qozog‘istondagi notinchliklar, siyosiy inqirozlarning Tojikistonga bo‘lgan iqtisodiy ta’siri uning siyosiy ta’siridan ortiqroq bo‘ladi va u yerda barqarorlikning tez tiklanishidan Tojikiston manfaatdor”, - deydi Safarov.
Tijoratchilarning aytishicha, hozircha Tojikiston bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i narxida sezilarli o‘zgarish kuzatilgani yo‘q. Ammo haqiqiy holat Qozog‘istondan navbatdagi buyurtmalarning o‘z vaqtida kelish-kelmasligiga bog‘liq.
Mahalliy tadbirkorlardan biri Abdunaim G‘afurov deydiki, agar u tarafdan buyurtmalar o‘z vaqtida yuborilib turilsa, muammo bo‘lmaydi.
“Qozog‘istondagi voqealar agar uzoqroq davom etganida, Tojikiston bozorida mahsulotlar taqchilligi kelib chiqishi mumkin edi. Qozog‘istonda tez orada tinchlik o‘rnatilgani biz tojirlarni xotirjam qilmoqda. Umid qilamizki, bizga buyurtmalarimiz odatdagidek kelishda davom etadi”, - deydi u.
Iqtisodchilar fikricha, kundalik hayotda eng muhim bo‘lgan oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlarini Qozog‘istondan import qilgani bois ham ta'sir salmoqli.
“Tojikiston agrar davlat bo‘lishiga qaramay mamlakat o‘z aholisini non va non mahsulotlari bilan ta’minlay olmaydi. Tojikistonga bug‘doy, asosan, Qozog‘istondan keltiriladi. Benzin, solyarka kabi neft mahsulotlarining katta qismi ham Qozog‘istondan yoki Qozog‘iston orqali keltiriladi. Ayniqsa Qirg‘iziston chegara mojarolari ortidan aloqalar, tranzit mollar o‘tishi ham to‘xtatilganidan keyin Tojikiston butunlay Qozog‘istonga bog‘lanib qoldi. Shuning uchun Qozog‘istondagi o‘zgarishlarning ta’siri Tojikistonda o‘z aks-sadosini berishi mumkin. Lekin narxlar yangi yilgacha qanday bo‘lsa, shundayligicha turibdi. Chunki Qozog‘istonda notinchliklar qisqa fursatda barham topganligi tufayli buning ta’siri sezilarsiz o‘tib ketishi mumkin”, - deydi Ravshan Norbo‘tayev.
Tahlilchi Abdumalik Qodirov deydiki, aslida aksariyat siyosiy inqirozlar iqtisodiy yetishmovchiliklar ortidan kelib chiqadi.
“Aksariyat hollarda norozilik namoyishlari, mitinglar iqtisodiy yetishmovchilik yoki ijtimoiy muammolardan kelib chiqadi. Qozog‘istonning o‘zida ham gaz narxining qimmatlashishidan kelib chiqqan namoyish siyosiy tus olib ketdi. Shuning uchun Markaziy Osiyoning boshqa davlat rahbarlari ham mavjud iqtisodiy, ijtimoiy muammolarini o‘z vaqtida hal etishga kirishishi kerak”.