Nursulton Nazarboyev hozir qayerda? Qozog'istonning Britaniyadagi elchisi Erlan Idrissovga ko'ra, sobiq prezident vatanda. Biroq omma uni bir necha kundan beri ko'rmagan, bu borada hukumat lom-mim demaydi. Nazarboyevning 30 yillik saltanati esa, deydi kuzatuvchilar, Qozog’istondagi namoyishlar ortidan qulay boshladi.
Bugunga kelib uning kuyovlari va boshqa qarindoshlari ishdan chetlatildi. Qizlarining, jumladan o’zining taqdiri ham mavhum. Mamlakatda Nursulton Nazarboyevga qo’yilgan haykallar qulatilmoqda, buzilmoqda, xotirasi o’chirilmoqda. Poytaxt Nursultonga avvalgi nomi Ostonani qaytarish uchun harakatlar boshlangan.
Ayni paytda turli tasdiqlanmagan xabarlar avjga chiqmoqda, Nazarboyevning og’ir kasal ekan, hatto uning vafot etgani xususida shov-shuvlar bor. Yana bir tasdiqlangan ma'lumotga ko’ra, Nazarboyev Birlashgan Arab Amirligida; Qozog’istonni 3-yanvar kuni tark etgan.
Buni ham ko'ring Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?Qozog’iston hukumati bu ma’lumotlarga nisbatan biror munosabat bildirmayapti.
Bu esa ko’plarga O'zbekistonda Islom Karimov o’limi bilan bog’liq voqealarni eslatmoqda. Karimov salomatligi, o’limiga doir ma’lumot ham bir necha kun davomida jamoatchilikka ochiqlanmagan edi.
Karimov va Nazarboyev 1989-yildan boshlab o'z republikalarida hokimiyatni boshqargan. 2019-yilda lavozimni rasman o’z ixtiyori bilan topshirgan Nazarboyev bugunga kelib, xalq noroziligi ortidan hokimiyatdan mutlaq chetlatilmoqda.
Nazarboyev Karimovni so’ngi intervularidan birida eslab, uni murakkab xarakterli va yumshoq ko’ngilli shaxs sifatida xotirlagan edi.
Buni ham ko'ring AQSh sobiq elchisi Jorj Krol: To'qayev Qozog'istonni qanchalik o'zgartira oladi?Biroq, deydi tanqidchilar, Karimovni yumshoq ko’nigilli arbob sifatida baholash, ayniqsa uning diktaturasi nazar tutilsa, haqiqatdan yiroq ko’rinadi. Buning ustiga O’zbekistonda ham, Qozog’istonda ham namoyishlar har doim kuch bilan bostirib kelingani inobatga olinsa.
Bundan qat’i nazar, Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat ko'p jihatdan shu ikki lider olib borgan siyosat mahsuli. Ular boshqaruvi asoratlari hali uzoq davr o'z ta'sirini ko'rsatadi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan sharhlovchilar.
Qozoq suhbatdoshlarga ko’ra, Nazarboyev ayniqsa Karimovning tashqi siyosatdagi pozitsiyasiga havas, shu bilan birga hasad qilib kelgan, xususan uning Rossiyaga nisbatan masofa saqlashiga, O’zbekistonga mustaqil siyosat yuritish imkoniyatini taqdim eta olganiga.
Biroq Qozog’istonning bugungi rivojlanishida Nazarboyevning o’rni muhimligini ta’kidlovchi fikrlar ham bor.
Your browser doesn’t support HTML5