AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2020-yil 6-yanvarda yuz bergan Kapitoliy g’alayonidan bir yil o’tib, Arizona shtatida 15 000 dan ortiq tarafdorlari oldida ilk yirik nutqini so‘zladi. 93 daqiqalik chiqishida u 2020-yilgi saylovlar undan oʻgʻirlangani haqidagi yolgʻon daʼvosini takrorlab, 2024-yilgi prezidentlik saylovida respublikachilar nomzodi gʻalaba qozonishini bashorat qildi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu bilan u saylovda yana qayta qatnashishi mumkinligiga ishora bergan.
Noyabr oyida bo'lib o'tadigan oraliq Kongress saylovlari oldidan Tramp ko'proq mitinglar o'tkazishi kutilmoqda. Shtatlar bo’ylab yurib, u o‘ziga sodiq, fikrlarini tasdiqlovchi respublikachilarning g’alaba qozonish imkoniyatini oshirishga urinadi.
Saylovchilar orasida Trampning qaytishini kutayotganlar oz emas.
2016 va 2020-yillardagi saylovda Trampga ovoz bergan nyu-orleanlik advokat Robert Ellis “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Trampning AQSh siyosiy hayotida muhim figura bo’lib qolishiga ishonadi.
"U shunday bo'lib qolishi kerak. Prezidentlik davrida yaxshi natijalarga erishdi va biz hozir Baydenning muvaffaqiyatsizliklarini qanchalik ko'p ko'rsak, Donald Trumpning qanchalar haq bo’lganini anglaymiz”, - deydi u.
Aksincha, ko'plab mo'tadil respublikachilar va mustaqil saylovchilar esa sobiq prezidentning bo’luvchi siyosati mamlakat yoki Respublikachilar partiyasi uchun zararli ekanini aytadi.
Denverlik tadbirkor Chelsi Jaramillo ana shunday mustaqil saylovchilardan biri.
"To'g'risini aytsam, uning mavjudligi Respublikachilar partiyasiga zarar yetkazadi deb o'ylayman, - deydi u. - Hatto ko'plab respublikachilar ham uning safsatasidan, o’zidan boshqa hech kimga foyda keltirmaydigan nafrat va ayblovlaridan charchagan".
Tramp tarafdorlari
Shanba kuni qilgan nutqida sobiq prezident amaldagi Prezident Jo Baydenning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, AQSh iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar bo’yicha olib borayotgan siyosatini hujum ostiga oldi. U, shuningdek, Kapitoliy g'alayonidan keyin unga qarshi impichment ishida demokratlar bilan birga ovoz bergan respublikachilarni ham nishonga oldi. Bu respublikachilarning bir qismi keyingi saylovda qatnashmasligini ma’lum qilgan; boshqalarining esa siyosiy kelajagi mavhum.
“Ular tez va alamli tarzda qulamoqda. Impichment uchun ovoz berganlardan tezda qutulyapmiz”, - dedi Tramp.
Nyu-Orleandagi Dillard universitetining shaharshunoslik va jamoat siyosati bo’yicha professori Robert Kollinzning aytishicha, Tramp nutqida ajablanarli narsa yo'q.
"Aksariyati odatdagi gaplar, - deydi u. - Ammo bir joyda Tramp 2024-yilda yana prezidentlikka nomzod bo'lishi mumkinligini his qilgan olomon ancha junbushga kelganini eshitdik".
Yaqinda Markett yuridik maktabida o‘tkazilgan so‘rovning ko‘rsatishicha, respublikachi saylovchilarning 60 foizi 2024-yilda Tramp yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi kerak, degan fikrda.
"Bu Respublikachilar nominatsiyasida g'alaba qozonish uchun kerak bo’ladigan miqdordan ko'p, - dedi Kollinz, - U o'z nomzodini qo'yishga qaror qilsa, yaxshi imkoniyatga ega".
Buni ham ko'ring 6-yanvar g'alayoni: Tramp eski da'volarini takrorlamoqdaYangi orleanlik tibbiyot xodimi Brandon Legnion Trampni yana saylovda ko’rish fikriga ochiq. U o’zi uchun abort masalasi va pandemiyaga qarshi kurash eng muhim mavzular ekanini aytadi.
“Men vaksina va niqoblarni koʻplab konservatorlar ishonganidek “erkinlikka qarshi” narsa deb bilmayman, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Lekin, menimcha, respublikachi saylovchilar bu masalada Baydendan ko’ra ko’proq Trampni tinglaydi. Agar u 2024-yilgi saylovda qatnashsa, men unga ovoz bergan bo'lardim".
Yangi sahifa kerak
Respublikachi saylovchilarning katta qismi Donald Tramp prezidentlik uchun partiya nomzodini qo‘lga kiritgan taqdirda, unga ovoz berishlarini aytsa-da, ba’zilar partiyani boshqarish uchun boshqa nomzod paydo bo‘lishiga umid qilmoqda.
"Trampning mustaqil, vatanparvar munosabati; chegara nazorati, ish o'rinlari va iqtisodiyotimiz bo’yicha olib borgan faoliyati uning partiyamizda yetakchi ovozga aylanishiga olib keldi, – deydi Indiana shtatidan respublikachi saylovchi Jerri Bell. – Lekin men 2024-yilda yangi nomzod bo'lishi kerak deb o'ylayman. Konservativ boshqaruv qarashlarimizga yangi qon kerak, toki “Amerikani yana buyuk qilaylik”.
14 - 20-dekabr kunlari Amxersdagi Massachusets universitetida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko’ra, respublikachilarning 71 foizi Jo Bayden noqonuniy saylangan degan soxta qarashga ishonadi. Tramp tanqidchilari bu qarashni “Katta yolg‘on” deb ataydi.
Legnion o'tmishga e'tibor qaratishni samarasiz deb biladi.
"Olg’a yurish vaqti keldi. O'tgan saylovlarni o’lguncha eslab yurish Amerikani umuman birlashtirmaydi", - deydi u.
Trampning faolligi respublikachilar uchun foydami yoki zarar?
Sobiq prezidentning 2020-yilgi saylovga oid bahslarni qayta qo’zg’ashi Respublikachilar partiyasiga oraliq va keyingi prezidentlik saylovlarida yordam beradimi yoki aksincha, zararmi? Bu haqda ekspertlar va siyosatchilar fikri turlicha.
"Amaldagi prezidentning siyosiy partiyasi deyarli har doim Vakillar palatasini oraliq saylovlarda boy beradi. Trampning ishtirokidan qat'i nazar, bor-budingiz bilan garov o’ynashingiz mumkin, bu yil ham shunday bo’ladi", - deydi Dillard universitetidan Robert Kollinz.
Senatdagi vaziyat esa unchalik aniq emas, deydi u.
"Vakillik palatasining har bir o'rni har ikki yilda saylanadi, Senatning esa atigi uchdan bir qismi, - deydi Kollinz. - Va ular orasida, ehtimol, faqat besh-sakkizta o’rin ustida kurash keskin kechadi. Shu yerda Trampning ta’siri ko‘proq seziladi”.
Your browser doesn’t support HTML5
Kollinz kabi ekspertlar orasida keng tarqalgan fikr shuki, Tramp o’ziga sodiq boʻlgan respublikachi nomzodlar uchun saylovchilar e’tiborini oshirishi mumkin boʻlsa-da, bu nomzodlarning baʼzilari, jumladan, u Arizonadagi nutqida maqtagan ayrimlari kurash keskin kechadigan shtatlarda g’alaba qozonishi oson bo’lmaydi.
“Men Donald Trampning oraliq nomzodlarni qoʻllab-quvvatlashiga qarshi emasman”, - deydi Florida shtatining Tampa shahridan Ronald Robichoux.
U 2016 va 2020-yillarda Trampga ovoz berganini aytadi, lekin Tramp yana eski asossiz gaplarni qo’zg’ab, saylovchilarni bo’lib qo’yishidan norozi.
Kollinzning fikricha, Tramp kamroq fitna qo’z’gasa, respublikachilar uchun zarar ham kamroq bo’ladi.