AQSh hukumati koronavirusga qarshi o'tgan yildan beri qo'llanilayotgan "Moderna" vaksinasini to'liq ma'qulladi. 2021-yildan beri bu vosita Amerika va dunyo bo'ylab yuzlab million insonga berilgan. Hukumat uning ishlatilishiga favqullodda chora sifatida ruxsat bergan edi. 2020-yilning dekabridan beri Amerikaning o'zida 200 milliondan oshiq doza ishlatilgan. "Pfizer" vaksinasi o'tgan yilning avgustida 1oo foiz tasdiqlangan edi.
Sog'liqni saqlash tizimi bu qarorlar odamlarning emlanishga nisbatan ishonchini oshirib, shu kungacha vaksinani rad etgan odamlar qaroridan qaytadi, degan umidda.
211 million amerikalik, aholining 63 foizi, hozirda to'liq emlangan. Qariyb 86 millioni esa buster, ya'ni vaksina kuchini oshiruvchi vositani ham olgan.
O'tgan bahorda Amerikada kuniga 3 milliondan ziyod doza ishlatilayotgan edi, endilikda 750 mingdan oz.
Koronavirusning omikron shtammi keng tarqala boshlaganidan beri emlanish sur'ati tushgan, ko'lami toraygan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Moderna" vaksinasi ta'sirini izchil o'rganib chiqqan ekspert kengash xulosalariga ko'ra, uning eng og'ir salbiy effekti yosh erkaklarda ikkinchi dozadan keyin yurak yallig'lanishidir. Lekin bemorlar tez tuzaladi va bu holatlar uzoqqa cho'zilmaydi.
AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon agentligidan bosh mutaxassis Piter Marks deydiki, kengash "Moderna" vaksina ishlab chiqarish jarayonini yaqindan nazorat qilgan.
“Omma bilsinki, agentligimiz har bir bosqichni va vaksina tarkibini ilmiy jihatdan serqirra tarzda o'rgandi", - deydi Marks.
Massachusetts shtatida asoslangan "Moderna" kompaniyasi mahsulotni endi "Spikevax" brendi asosida bozorga chiqara boshlaydi.
"Moderna" hozircha faqat katta yoshdagilar uchun ko'zlangan, o'smirlar uchun qanchalik ma'qul ekani o'rganilmoqda.
"Johnson & Johnson" hali to'liq tasdiq uchun murojaat qilmagan, ammo u ham favqulodda chora sifatida amalda.
"Novavax" kompaniyasi ham koronavirusga qarshi vaksinasini ma'qullashni so'ramoqda.
(AP axborot agentligi xabariga asoslandi)