Xitoy “omikron” bilan kurashar ekan, AQSh kompaniyalari tashvishda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoyning koronarivusga qarshi agressiv choralari ta’minot zanjirida qo’shimcha muammolar yaratmoqda. Xitoydan AQShga mahsulotlar vaqtida yetib kelmayapti.

Yang Shultz Xitoydan kiyim-kechak va boshqa tovarlarni import qiladi, ularni AQSh do’konlariga uzatadi. Pandemiyadan oldin mahsulot Xitoydan Shultzning Janubiy Kaliforniyadagi korxonasiga uch haftada yetib kelar edi. Endi esa, deydi tadbirkor, qo’shimcha 45 kun vaqt kerak.

“Beshta konteyner 22-yanvar kuni yo’lga chiqishi kerak edi. Uzr, 1-fevralda yo’lga chiqadigan bo’ldi, deb elektron maktub yozishdi”, - deydi Shultz.

Ekspertlarning aytishicha, kechikishlarni bashorat qilish imkonsiz bo’lib qolaveradi, chunki koronavirusning “omikron” va “delta” shtammlari Xitoyning ko’plab provinsiyalarida, jumladan port shaharlarida tarqalmoqda. Shu sababdan mamlakatda joriy etilgan lokdaun va ommaviy testlar global ta’minot tizimiga ta’sir ko’rsatmoqda.

“Omikron” paydo bo’lishidan va Xitoydagi so’nggi infeksiyalardan oldin global ta’minot tizimi shundoq ham beqaror edi. Bu holat ikki yildan beri davom etayapti. Xitoy portlaridagi hozirgi vaziyat muammoni yanada chigallashtiryapti”, - deydi savdo va moliya bo’yicha ekspert Jon Ferguson.

Bir port yopilsa, yukni boshqasiga olib borish oson emas.

“Xitoyda, ayniqsa kattaroq shaharlarda, boshqa shahardan kelganlarni xush ko’rishmaydi, chunki tashqaridan kelganlar aholi uchun xavf degani. Kamida 14 kun karantin talab qilinadi”, - deydi Shultz.

Kemalar AQShga yetib kelganidan keyin yana kutish kerak.

“Konteynerlardan tashqari omborlarda ishchilar va haydovchilar ham yetishmayapti”, - deydi biznes maslahatchi Atul Vashista.

Ta’minotdagi uzilishlarning moliyaviy oqibatlari ham bor. Masalan, ilgari 3-4 ming dollarga jo’natilgan konteyner hozir 20 ming dollarga tushmoqda. Los-Anjeles porti haftasiga yetti kun to’xtamasdan ishlab turibdi.

“Lekin Xitoy va boshqa mamlakatlar o’z yangi yilini nishonlayotgani sabab fevralda ish sekinlashishi kutilyapti. Buning ustiga, “omikron” jadvalni yanada orqaga suradimi, yo’qmi, ko’ramiz”, - deydi port vakili Filip Sanfild.

Tahlilchilarning aytishicha, muammo mahsulot uchun Xitoyga tobe’likdan kelib chiqayapti.

“Kompaniyalar tushunyaptiki, bundan ikki yil oldin muqobil ta’minot manbalarini izlab topishganda edi, bugun ancha oson bo’lardi”, - deydi Atul Vashista.

Elektr velosipedlar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari Don Dikostanzo aynan shunday qilgan. Tariflar oshgani tufayli boshqa hamkorlarni qidirgan. U pandemiya bo’lishini kutmagan edi.

“Mahsulot bizga Vyetnam, Xitoy va Tayvandan kelayotgani inqirozni yengishga yordam berayapti. Bu uch mamlakatda karantin bir paytda ro’y bermaydi”, - deydi suhbatdosh.

Dikostanzo ikki emas, to’rt oylik mahsulotni zaxirada saqlaydi.

Koronavirusning yangi shtammlari paydo bo’lar ekan, ta’minotdagi uzilishlar davom etishi hamda narx-navo yanada oshishi kutilyapti.