Breaking News

Inflyatsiya tufayli muhtojlarga kamroq oziq-ovqat tarqatilmoqda


AQShda pandemiya davrida xayriya tashkilotlari tarqatuvchi bepul oziq-ovqatga talab oshgan. Bu tashkilotlar endi boshqa bir muammo bilan yuzlashmoqda – inflyatsiya va ta’minotdagi uzilishlar.

Xarajat oshgani va cheklangan zaxiralar tufayli oilalarga o’tgan bir yilda narxi ikki baravar oshgan yeryong’oq yog’i kabi mahsulotlar kamroq miqdorda beriladi.

“Oziq-ovqat narxi ko’tarilishi bilan ehtiyojmand qatlamning ahvoli og’irlashadi”, - deydi Keyti Fitsjerald, Amerika bo’ylab 200 dan ziyod oziq-ovqat markazlarini boshqaruvchi “Amerikani Oziqlantirish” tashkiloti rahbari.

Pandemiya davrida bu markazlar faoliyatini talabga muvofiq kengaytirdi. Ammo, deydi Fitsjerald, mahsulotlar endi ikki-uch baravar qimmat ekan, ular ishini hozirgi ko’lamda davom ettirishi qiyin.

Ta’minotdagi uzilishlar, zaxira kamayishi va ishchi kuchi yetishmasligi AQSh bo’ylab millionlab odamga yordam beruvchi xayriya tashkilotlarining xarajatlari oshishiga olib kelmoqda. Yuk tashish qimmatlashgani, zavod va portlarda yuzaga kelgan navbatlar tufayli hozirda barcha turdagi tovarlarni olish qiyinlashgan.

Masalan, San-Fransiskodek qimmat hududda joylashgan Alameda okrugi oziq-ovqat markazi mahsulot xarid qilishga oyiga qo’shimcha 60 ming dollar sarflamoqda. Ijarani ham qo’shib hisoblaganda, 2000 tonna yegulikni tarqatish uchun har oy 1 million dollar ketyapti, deydi markaz vakili Maykl Altfest.

Pandemiyadan oldin 1200 tonna oziq-ovqatni tarqatish uchun 250 ming dollar sarflanar edi.

Har chorshanba Kaliforniyaning Ouklend shahridagi Shilo cherkovi qarshisida yuzlab odam yigi’ladi, 300 oilaga oziq-ovqat tarqatiladi. Pandemiyaning ilk kunlarida 1100 oilani ovqatlantirar edik, deydi cherkov xodimi Jeyson Bautista.

“Har hafta yangi odamlar keladi, ovqatga puli yetmasligini aytadi. Ba’zi narsalarni sotib olishga ularning puli bor, lekin ko'pga yetmaydi”, - deydi u.

Cherkov dehqon bozorini ham tashkil qilgan. Sonya Luan-Perez tovuq, piyoz, non va kartoshka oldi. Uning uch yoshli qizi va 18 yoshli o’g’li bor. Perez nogiron qizi uchun mahalliy hukumatdan yordam puli oladi, lekin ijara oyiga 2200 dollar ekan, tirikchilik uchun yetmaydi, deydi u.

Hukumat yordami, jumladan Kaliforniya maktablarida bolalar uchun bepul tushlik dasturi kengaytirilgani oziq-ovqat narxlari o’sishini qay darajada qoplashi noma’lum.

Oziq-ovqat markazlariga mahsulot yetkazib beruvchi “Transnational Foods” kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Nikolsning aytishicha, Osiyodan olib kelinadigan konservalangan ovqat vaqtida yetib kelmayapti, chunki hozirda dunyo bo'ylab konteynerlar yetarli emas.

Ta’minot bilan bog’liq muammolar sekin-asta hal bo’lib, narxlar barqarorlashyapti, deydi u, biroq hozircha xarajatlar yuqoriligicha qoladi, chunki pandemiya paytida ko’plab yuk tashish bizneslari yopilib ketgan.

“Pandemiyadan oldin Osiyodan o’rtacha konteynerni olib kelish 4000 dollar edi, hozir 18000 dollar atrofida”, - deydi u.

Kolorado shtatidagi “Care and Share” oziq-ovqat markazi rahbari Lin Telfordga ko’ra, bir mashina to’ldirilgan yeryong’oq yog’i (18 100 kilogramm) 2019-yilning yozidan buyon 80 foizga qimmatlagan, mol go’shtining ulgurji narxi esa uch oyda 5 foizga o’sgan. Xayr-ehson miqdori ham kamayib ketgan.

Ushbu markaz o’tgan yili 200 ming odamga 11,3 tonna oziq-ovqat tarqatgan.

"AP" axborot agentligi ma'lumotlaridan foydalanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG