Pandemiya davrida berilgan ishsizlik nafaqasi to’xtashi ortidan ishsiz amerikaliklar mamlakatda hozir mavjud o’n million bo’sh ish o’rnini egallashi umid qilinmoqda. Ammo jarayon kutilganidan ko’ra sekin kechmoqda.
Virjiniyaning Lizburg shahrida o’tkazilgan ish ko’rgazmasi Liset Bez joniga oro kirdi. U pandemiya davrida ishini yo’qotgan 9 million amerikaliklardan biri. 4-sentabr kuni ishsizlarga shu paytgacha berilgan yordam puli to’xtatildi.
“Ko’plab odamlar ish qidirib yuribdi, chunki ishsizlik nafaqasi hamma xarajatlarni qoplamaydi. Uy olish, sug’urta yoki oila ehtiyojlari uchun yetmaydi”, - deydi Liset.
Ayni paytda mamlakatda 10 million bo’sh ish o’rni borligi, ularni to’ldirish uchun odam yetishmayotgani aytiladi.
Mamlakatda ikkinchi eng katta jamoat transporti bo’lgan Vashington metrosi 400 ta ish o’rni e’lon qildi. Yaxshi maosh taklif qilinsa ham, koronavirus paytida odam topish qiyin bo’lmoqda, deydi tashkilot rasmiysi Alberto Marino.
“Balki odamlar jamoat joyida ishlashdan hanuz qo’rqayotgandir. Odamlarga ish nimadan iboratligini, barcha xavfsizlik choralari ko’rilayotganini aytyapmiz”, - deydi Marino.
2020-yil mart oyidan beri ishsizlarga 700 milliard dollar yordam ko’rsatildi. Federal byudjet kamomadi bu yil 3 trillionga yetishi kutilmoqda. Shu bois moliyaviy yordam davom etishini kutish qiyin, deydi Mas’uliyatli federal byudjet qo’mitasi rasmiysi Mayk Farkuson.
“Iqtisodiyot uchun yaxshi bo’ldi, chunki bu pullar iqtisodiyotga sarflandi. Endi bu pul kelishi to’xtadi, odamlar ishga qaytishi kerak”, - deydi u.
Har hafta berilgan 300 dollarlik yordam puli to’xtar ekan, bu odamlarning ishga yollanishini tezlashtirishi haqidagi taxminlar noaniq. Ayniqsa, eng kam maosh to’lanadigan ishlarda.
“Iqtisodiyot olg’a yurishidan umidvorman. Odamlar uzoq vaqt ish bozoridan chetda qolsa, bu milliy samaradorlikni pasaytiradi. Qancha uzoq ishlamasangiz, ishga qaytishingiz shuncha qiyinlashadi”, - deydi tadqiqotchi Maykl Farren.
“Pandemiya tufayli katta hudud va sektorlarda ish o’rinlari boy berildi. Shtatlar mavjud federal resurslardan foydalangan holda yordam puli to’lashni davom ettirib turishi kerak”, - deydi ishchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakili Demon Silvers.
Aleks Jordan Ku pandemiya paytida bir nechta vaqtinchalik ishlarda ishladi. Ishsizlik nafaqasiga bog’lanib qolishni xohlamayman; tezroq to’liq ish topishim kerak, deydi u.
“Vaksinaga dosh berayotgan virusning yangi turlaridan xavotirdaman. Ko’proq odam qiynalayotganini ko’rib, xavfsizligimdan yanada tashvishlanyapman”, - deydi Aleks.
Facebook Forum