Yevropa Ittifoqi Rossiya-Ukraina ziddiyatlari kuchayishi bilan Rossiyadan Yevropaga gaz oqimi cheklanishidan xavotirda. Gazning katta qismi – 40 foizi Fransiya, Polsha, Germaniya va Italiyaga uzatiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ukraina quvuriga hujum kabi mayda hodisalar sodir bo’lishi mumkin deya taxmin qilyapman. Bu Rossiyaga Ukraina bilan uzoq muddatli tranzit kelishuvidan chiqishga bahona bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi tahlilchi Aura Sabadus.
AQShning da’vo qilishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi hujum boshlashga bahona qidirmoqda. Moskva bunday da’volarni rad etadi.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Kreml Yevropani bo’lib qo’yish uchun yoqilg’i ta’minotidan foydalanishi mumkin. Rossiyaning Boltiq dengizi tubi orqali Germaniyagacha yotqizilgan
“Shimoliy oqim-2” gaz quvuri Yevropada ayrim davlatlar tanqidiga uchramoqda. U ishga tushishi uchun Germaniya va Yevropa Ittifoqi uni tasdiqlashi kerak, biroq AQSh qarshilik ko’rsatmoqda.
“Rossiya quvurdan Yevropaga va, ayniqsa, uning ishga tushishiga ruxsat berishga aloqador mamlakatlarga tahdid solishda siyosiy qurol sifatida foydalanishni maqsad qilgani aniq. Rossiyaning asl maqsadi qit’aga nafaqat gaz uzatib, balki u yerdagi quvurlarga ham egalik qilib, qanday bosim qo’yishni, ushbu quvurlar orqali qancha gaz o’tishini hal qilish uchun Yevropa Ittifoqini monopoliyaga qarshi qoidalarini o’zgartirishga undashdir”, - deydi AQSh davlat kotibi muovinining sobiq yordamchisi Debra Kagan.
AQSh va Yevropa agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, “Shimoliy oqim-2” quvuri bundan zarar ko’rishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
“Quvur xususida germaniyalik ittifoqchilarimiz bilan juda qattiq va aniq muloqot qilyapmiz. Rossiya Ukrainani bosib olsa, “Shimoliy oqim-2” to’xtab qolishini ta’kidlamoqchiman”, - deydi AQSh davlat kotibining o’rinbosari Viktoriya Nuland.
Rossiya Yevropaga gaz uzatishni to’xtatsa, inqirozni hal etishda yordam berish uchun Qo’shma Shtatlar Qatar va yoqilg’iga boy boshqa davlatlarga murojaat qilgan.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmaning bildirishicha, AQShning Yevropaga suyultirgan tabiiy gaz eksporti o’tgan yili oldingi yillarga qaraganda 40 foizga ko’paygan.
Biroq, deydi mutaxassislar, bu Yevropa ehtiyojlarini qisqa muddatda rus gazichalik qondirish uchun yetarli emas.
“Yanvar oyida Yevropa rekord darajada suyultirgan gaz sotib oldi – yarmini AQShdan”, - deydi Sabadus.
Debra Kaganning aytishicha, Rossiya ta’minotidagi uzilish nafaqat Yevropaga, balki AQShning o’ziga ham ta’sir qiladi.
“AQSh Yevropaga rus gazini kamaytirishi kerakligini aytsa-da, uning o’zi har oy Rossiyadan 18 million barrelga yaqin neft import qiladi”, - deydi u.
Yevropa mamlakatlari rus gaziga tobelikni tugatish uchun muqobil energiya manbalarini izlamoqda.
Yevropa gaz omborlarida 10 foizdan kam yoqilg’i bor. “Gazprom” uzoq muddatli shartnomalariga rioya qilayotganini bildirmoqda, biroq Yevropa Ittifoqi rasmiylari uni gaz ta’minotini kamaytirganlikda ayblamoqda.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyenning aytishicha, yoqilg’i narxlari va talab Yevropada yuqori bo’lgan bir paytda ta’minotni oshirish o’rniga kamaytirish g’alati holat.
"Kreml gaz ta’minotidan siyosiy bosim qo’yishda foydalanishda davom etayotganiga tobora ko’p ishora ko’ryapmiz”, - dedi u.
AQShda Rossiya hujumining muqarrarligiga shubha yo'q
Rossiya Belarusda qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazayotgan bir paytda AQSh Yevropada qo’shinlari sonini oshirishda davom etmoqda. Xususan, Amerikaning 82-desantchi diviziyasi harbiylari Polshaga safarbar etildi.
“Bu bilan Yevropadagi barcha ittifoqchilarimizga birdamligimizni ko’rsatyapmiz. Mana bunday mavhumlik davrida kuch – birligimizda”, - deydi diviziya vakili general Kris Donaxyu.
Vashington Ukrainaga 650 million dollarlik qurol va boshqa turdagi yordam ham yetkazgan. Ukraina G’arbning “Rossiya hujumi muqarrar” deyishiga e’tiroz bildirsa-da, AQSh va NATO rasmiylari bu haqda bong urishda davom etmoqda.
“Vladimir Putin Ukrainaga qarshi hujum boshlashni buyurishi ehtimoli yuqori degan fikrdamiz. Bu bir necha shaklda yuz berishi mumkin. Hujum hatto ertaga yoki bir necha haftadan so’ng boshlanishi mumkin. Qo’shinlarni joylashtirish bilan Putin istalgan payt Ukrainaga qarshi agressiv ravishda harakat qilish imkoniga ega”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.
Unga ko’ra, AQSh taranglikni Rossiya bilan hali ham diplomatik yo’l orqali hal qilish niyatida. Ukraina mavzusi boshqa masalalarda odatda tarqoq amerikalik qonunchilarni birlashtirdi.
“Urush ehtimoli yuqori. Buning uchun barcha sharoitlar mavjud. Sirtmoq hozirlanmoqda. Shu on Ukraina atrofiga solinyapti. Xavfli zamonda yashayapmiz. Vaqt g’animat. Bu Yevropada Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta bosqin bo’ladi”, - deydi Kongressning respublikachi vakili Maykl Makkol.