Vatani Rossiya tomonidan bosib olingan va ayni damda yana urush tahdidini boshdan kechirayotgan qrim-tatarlar O’zbekistonga Moskva boshqaradigan ittifoqlarga qaytmaslikni tavsiya qilmoqda.
Bunday xavotir uchun sabablar yetarli, deydi ular. Ukraina va Rossiya o’rtasidagi ziddiyat nafaqat Yevropa Ittifoqi balki Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham soya tashlay boshlagan. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning mintaqa davlatlari, xususan O’zbekistonga doir bayonotlaridan buni sezish mumkin.
Lukashenko Markaziy Osiyoga Rossiya iznidan chiqmang, deya ishora bermoqda.
Qozog’istondagi noroziliklar bostirilishi Rossiya liderligidagi harbiy ittifoq mamlakatlar ichki ishiga ham aralashish mumkinligini ko’rsatdi.
Belarus prezidentining bayonotlariga ko'ra, bu blok boshqa davlatlar, hatto Ukraina ziddiyatiga ham tortilishi ehtimoldan xoli emas, deydi kuzatuvchilar.
Lukashenkoning O'zbekistonda ham Qozog’istondagi kabi g'alayonlar bo'lishi mumkin, degan gaplarini Toshkent qoralagan.
Buni ham ko'ring Qrim-tatarlar Rossiya yana urush boshlashidan xavotirdaQrim-tatarlar o'zini Markaziy Osiyoga, jumladan O’zbekistonga yaqin tutadi. Milliy Majlis a’zosi, Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari Iskandar Bariyev O'zbekistonda tug'ilgan.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Bariyev O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqda emasligini geosiyosiy imkoniyat deb ataydi. O’zbekiston bu imkoniyatdan foydalanishi lozim, deydi u, toki mintaqa unga ergashsin.
"Men O’zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida emasligini qo’llab quvvatlayman. Bu bilan O’zbekiston o’zining subyektligini namoyon etmoqda, hamkorlarga ochiqligini ko’rsatmoqda, ayniqsa Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalasida. Qolaversa, so’ngi paytda O’zbekistonda demokratik o’zgarishlar ketayotgani inobatga olinsa, mamlakat rivojlanishda davom etadi", - deydi Bariyev.
"Biz qrim- tatarlar uchun O’zbekiston bilan aloqalar juda muhim, xususan xalqimiz deporatatsiya bilan bog’liq masalalarda ham. Bizning markaz hozir bu borada ish olib bormoqda. Ukrainada bu deportatsiya genotsit sifatida tan olindi. O’zbekiston tomonida qrim- tatarlar surguni, uning genotsid ekanligini isbotlovchi ma’lumotlar ko’p".
O’zbekistonda bosmachalik harakati ishtirokchilari oqlangani haqida xabarlar Qrim-tatarlarni xursand qildi, deydi suhbatdosh.
"Sovet davrida milliy ozodlik uchun kurashgan bu fidoyilarni bizga bosmachilar, qaroqchilar sifatida taqdim etib kelishgan edi. Milliy tarixni xolis qayta ko’rib chiqish ketayotgani albatta umidli xabar, chunki O’zbekiston bugun 35 millionga yaqin aholi ega mintaqaning eng yirik davlati. Aynan shuning uchun ham O’zbekistonning mintaqada subyekt sifatida faoliyat yuritishi, xalqaro siyosiy jarayonlarda mustaqil kuch sifatida qatnashishi juda muhim", - deydi Bariyev.
Buni ham ko'ring Tahlilchi: To’qayevning Rossiyaga murojaati suverenitetni boy berishdirUning fikricha, Ukraina va O’zbekiston munosabatlarini ham yangi bosqichga chiqarish vaqti kelgan.
"Chunki har ikki tomonda ham buning uchun imkoniyatlar yetarli. Rossiya ta’siriga kelsak, ha albatta bu bor, ayniqsa Markaziy Osiyoda bu kuchli. Bu ta’sirdan xalos bo’lish oson emasligini ham tushunish kerak, chunki ta’sir mexanizmlari juda ko’p. Ularni birdaniga yo’qotish juda qiyin. Ammo men O’zbekistonda tug’ilgan, bu yurtda 17 yil yashagan odam sifatida so’ngi yillarda mamlakatda kuzatilayotgan o’zgarishlardan xursandman".
Bir muddat avval Ukraina Turk davlatlari tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo’shilishi mumkinligiga doir ma’lumotlar paydo bo’lgan edi. Ukrainada rostan ham shunday maqsad-harakat bormi?
"Ha shunday harakat bor. Ukraina Turk davlatlari kengashiga kuzatuvchi maqomida qo’shilish uchun ariza bergan. Mening nazarimda, u bunga to’la haqli, chunki mamlakatda qrim-tatarlari va boshqa turkiy xalqlar tub aholisi sifatida topildi. Va shuni aytishim kerakki, bu tashabbus ortida Qrim-tatar Milliy Majlisi turibdi. Biz albatta Ukrainaning tub aholisi, turk tilli xalq sifatida Turk davlatlari tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo’shilishiga umid qilamiz. Ukraina umumiy nufuzi 300 milliondan oshiq turk dunyosining bir qismiga aylanishi tabiiy o’z ijobiy samarasini ko’rsatadi", - deydi Bariyev.