19 milliondan oshiq aholiga ega Qozog'iston 2022-yilning ilk kunlaridagi norozilik namoyishlari, g'alayonlar va qonli to'qnashuvlar ketidan hamon o'ziga kelmagan. Shu kungacha bu mamlakatda biror fojia mustaqil tekshirilmagan, xolis tergov qilinmagan.
O'nlab insonlarning o'limida kim aybdor? Buzg'unchilik kimning ishi? Hukumatga ko'ra, milliardlab dollar zarar ko'rilgan, ammo uni kim yetkazdi?
Garvard universitetida Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Nargis Assenova nazarida respublika og'ir siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni boshdan kechirmoqda.
Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev "Yangi Qozog'iston" tushunchasini targ'ib qila boshlagan. Sistematik korrupsiyaga qarshi keskin kurashishni va'da qilmoqda. Xalq bilan muloqotni yo'lga qo'ymoqchi va aholi bilan kelishgan holda siyosat yuritmoqchi.
"Amerika Ovozi" tinglagan mutaxassislar deydiki, progress kutayotgan jamoatchilik To'qayevning so'zlariga bir tomondan ishonishni xohlasa, ikkinchi tomondan shubha bilan qaraydi. Chunki bunday va'dalar oldin ham berilgan. 30 yil davomida Nursulton Nazarboyev Qozog'istonni har tomonlama mustahkam davlatga aylantirayotganini aytib keldi. Vaholanki, uning hukmronligi fuqarolarning qoni to'kilishi bilan poyoniga yetdi.
2019-yilda prezidentlikka kelgan To'qayev davri mana endi boshlandi, deydi qozog'istonliklar, ammo Nazarboyevdan qolgan avtoritar tizim huquq va adolatni ta'minlashni hali-beri yo'lga qo'yolmaydi. Ularsiz esa ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshmaydi.
Qozog'istonda Inson huquqlari bo'yicha xalqaro byuro direktori, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatdagi eksperti, qonun ustuvorligini targ'ib qilib tanilgan Yevgeniy Jovtis fikricha, To'qayev bayonotlarining mazmuni tez-tez o'zgarib turgani xavotirli.
"11-fevral kuni qilgan nutqida To'qayev iqtisodni korrupsiyadan tozalamoqchi ekanini aytdi. Oligarxiyaga asoslangan tizimni butkul isloh qilaman, dedi. Ijtimoiy adolatni ta'minlashga bel bog'laganini aytdi. Siyosiy islohotlarni esa sentabr oyidan boshlar emish. Vaholanki, shu haftaning boshida prezident siyosiy islohotlar mart oyidan kuchga kira boshlaydi, degan edi", - deydi Jovtis.
Buni ham ko'ring Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?Huquqshunosga ko'ra, To'qayev agar rostan ham yangi Qozog'iston qurmoqchi bo'lsa, siyosiy islohotlar har bir ishning boshi va oxiridir.
"Sistema ishlamayapti, bu aniq. Huquq va adliyani yaxshilash kuchli siyosiy iroda va shunga mos muhit talab qiladi. Biz hozir mutlaq avtoritar tuzumdamiz".
1-2 yilda Qozog'iston bu botqoqlikdan chiqa olmasa, deydi Jovtis, noroziliik yanada avj olib, parokandalik tomon yo'naladi.
"Qonunchiligimiz xalqaro me'yorlardan yiroq, masalan, so'z va fikr erkinligi, e'tiqod erkinligi, uyushish erkinligi va boshqa uzviy huquqlar borasida. Davlat institutlari hamon sovetcha uslubda. Xavfsizlik organlari, politsiya, adliya, prokuratura. Avlodlar yangilandi, ammo ular ham shu eski tizimga kirib ishlar ekan, yangilik qilmayapti, chunki fundament o'sha-o'sha", - deydi Jovtis.
Eskpert deydiki, To'qayev real islohotlar istasa, mardona harakat qilib, har qanday to'siqlarni bartaraf etishga urinishi lozim.
Xalq qiynoqlar va qotilliklargan g'azabda, deydi Jovtis, bu jinoyatlar bilan bog'liq ma'lumotlar oshkor etilmaydi, sistema yopiq.
Qozog'istonda sud tizimi hamon Ichki ishlar vazirligi ostida. Buni darhol o'zgartirish kerak, deydi Jovtis., jazoni o'tash muassasalari ham vazirlik tarkibida bo'lmasin.
"Qozog'istonga saylov bo'yicha yangi qonun kerak. Yangi konstitutsiya kerak. Prokuratura, razvedka va boshqa idoralar, hammasi shaffoflikni o'rganishi kerak".
Vashingtondagi Jorjtaun universiteti, shuningdek, Katolik universitida tadqiqotchi Sergey Gretsiy tahlilicha, To'qayev aslida Nazarboyev va Nazarboyev klanidan chiqqan prezident orasidagi vaqtincha rahbar edi. Tizimdagilar buni biladi, deydi Gretskiy, ular nazarida elboshi o'ziga haqiqiy merosxo'r tanlaguncha sistemani To'qayevga ishonib topshirgan edi.
"To'qayev esa u chizgan chiziqdan chiqib, mustaqil harakat qilishni boshladi".
Buni ham ko'ring AQSh ekspertlari Qozog'istondagi voqealarni qanday tahlil qilmoqda?Gretskiy deydiki, To'qayev Nazarboyev klani biznes manfaatlariga zid qarorlar qilishga o'tdi, jumladan Xitoy sarmoyasi bilan yangi temir yo'l barpo etilishiga monelik qildi, shuningdek, elboshiga yaqin odamlar egalik qiladigan kompaniyalar soliq to'lashdan bosh tortganlikda ayblandi.
To'qayev uni hokimiyatdan ag'darishga urinishganini da'vo qilib chiqqanida aslida Nazarboyev klani unga qarshi bosh ko'tarayotganini aytmadi, deydi Gretskiy. Elboshining klani To'qayev beqarorlikni eplay olmay, rahbarlikdan o'z xohishi bilan ketadi, deb kutayotgan edi, deydi tadqiqotchi.
To'qayev esa Rossiyaga tayanib, u boshliq xavfsizlik blokini chaqirdi va lavozimda qolish uchun kurashdi.
To'qayevning qonli hujumlarni terroristlar va ekstremistlar qildi, deyishi ko'plab savollar tug'diradi, asos yetishmaydi. Buni alohida tekshirish kerak, deydi olim. Rahbariyat bu borada ochiq gapirishiga Gretskiy ishonmaydi.
Tadqiqotchi Qozog'istonda zudlik bilan o'zgarishlar bo'lishini talab qilayotganlarni sabr-qanoatga undaydi. Bir oyda ancha yangilik bo'ldi, deydi u. Nazarboyev siyosatdan chetlashtirildi. Parlamentga yangi spikey saylandi. Yaqinlashayotgan saylov Qozog'iston qonunchilik organini yangi davrga olib kirib, fuqaroga xizmat qiladigan tizimga aylantirishi kerak.
"Qozog'istonning boy qatlami islohotlarga qarshi turishi aniq va shu bois ham o'zgarish qilish oson kechmaydi", - deydi Gretskiy. "Elita o'z manfaatlari uchun jon-jahdi bilan kurashadi".
Qozog'iston xususiy sektori vakili, "Centras Capital" moliyaviy xizmatlar kompaniyasi rahbari Eldor Abdrazakov deydiki, To'qayev iqtisodiy islohotlar birlamchi maqsad desa-da, hali biror konkret qadam tashlanmagan.
"Yanvar voqealari, ayniqsa qon to'kilishi va buzg'unchiliklar meni dahshatga soldi", -deydi tadbirkor.
Buni ham ko'ring AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasi qanchalik strategik?Abdrazakov hujumga uchragan yirik banklardan birining boshqaruv kengashi raisi. Tinch fuqarolarning norozilik namoyishi bunday halokatlarga yetaklamasligi kerak, deydi u. Pandemiya davri Qozog'iston iqtisodini ancha holdan toldirgan. Mamlakatning har tarafida vaziyat murakkablashgan edi, deydi ishbilarmon.
"Yillar davomida mening o'zim iqtisodiyot raqobatbardosh va mustahkam bo'lishi uchun qilingan harakatlarga hissa qo'shib keldim".
Abdrazakovga ko'ra, o'tgan bir yil ichida inflyatsiya 20-30 foiz orasida edi, rasman ko'rsatilgan raqamlardan farqli ravishda.
"Aholining aksariyat qismi nihoyatda qiyin ahvolda, buni bilamiz. Ko'chmas mulk narxi 30 foizga, ijara esa ikki baravar qimmatlashgan".
Qozog'istonda ishchi kuchining 2,5 foizi konchilik sohasida band. Hukumat yillar davomida iqtisodiyotni xilma-xillashtirish haqida bong urdi, ammo samarasiz siyosat olib bordi, deydi Abdrazakov.
"Ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida ish o'rinlari ko'paydi, ammo tizim eskicha ishlagani uchun aholi bu imkoniyatlardan naf sezmadi".
Abdrazakov ham sistematik islohotlar tarafdori va iqtisodiy tizimni yangidan barpo etish zarur deb hisoblaydi. Yangi sanoatlar yaratilishi uchun tadbirkorlikni quvvatlashning yangi yo'llarini tanishtirish kerak.
Ishbilarmon fikricha, monopoliyalarga qarshi choralar ko'rish payti yetgan va bu ishni hoziroq boshlash joiz.
Strategik kommunikatsiya bo'yicha mutaxassis va shu yo'nalishdagi firma direktori Aida Dossayeva G'arb kompaniyalari, shuningdek, Qozog'istondagi yangi biznes doiralar bilan ishlab keladi.
Dossayeva hukumat va xalq orasidagi aloqa o'ta samarasiz, deya baholaydi.
Qozog'istonda hukumat o'zini targ'ib qilish uchun har yili mamlakatda va chet elda millionlab dollar sarflaydi. Nazarboyev davlat imijini ko'tarish, rahbariyatni effektiv qilib ko'rsatish uchun mablag'ni ayamagan.
Buni ham ko'ring AQSh: Markaziy Osiyo hamisha muhim, hamkorlik aslo susaymaydiRaqamli texnologiya zamonidagi yangi imkoniyatlar, davlat iznidagi axborot vositalari, xususiy media va ularni quvvatlovchi muassasalar, birortasi hukumat va fuqaroni yaqinlashtirish yo'lida salmoqli xizmat qilolmadi, deydi ekspertlar. Dossayeva ham shu fikrda.
"Ijtimoiy tarmoqlarda hokimiyatga nisbatan tanqid va ungan norozilik hissi ortib bormoqda. Rasmiylar va idoralarning sahifalariga kirsangiz, odamlar qoldirgan izohlar ularni faqat qoralaydi. Fuqaro hukumatga ishonmaydi, bu oydek ravshan", - deydi u.
Inqirozli holatlarda mutasaddilar aholiga nima bo'layotganni aniq tushuntirmagani, faktlar taqdim etilmagani, hisobot berilmagani, deydi Dossayeva, sistemani yanada noqobil va ishonchsiz qilib ko'rsatdi.
"Davlat fuqaroni hurmat qilmaydi, uning fikri va talabi mutlaq ahamiyatsiz, degan tushuncha chuqur ildiz otgan. Texnologik taraqqiyot aslida ommani hukumatga yaqinlashtirishi kerak, ammo bunga guvoh emasmiz", -deydi ekspert.
Dossayevaning firmasi o'tkazgan so'rovlarda respondentlarning aksariyati hukumat beradigan ma'lumotlar va rasmiylarning bayonotlariga safsata deb qarashini aytgan.
Xalqaro hamjamiyat bu muammolar yechimi yo'lida beqiyos yordam bera oladi, deydi Jovtis, lekin ko'mak dasturlari qayta ko'rib chiqilishi kerak. Texnik yoki moddiy, har qanday madad yuzasidan hisobdorlik ta'minlanishi lozim.
Amerika yoki G'arbdagi boshqa davlatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar Qozog'iston xalqi bilan muloqotni yo'lga qo'yib, mamlakatga qay sohada qanday yordam berayotganini bayon qilib turishi lozim. Rasmiyatchilikning o'zi yetmaydi, deydi ekspetlar.
Ular qayd etishicha, Qozog'iston barqarorligi ikki yirik qo'shni Rossiya va Xitoy uchun juda muhim. Shunday ekan, ular ham bu davlatda fuqaro talab qilayotgan o'zgarishlar amalga oshishini xohlashi kerak.