Ukrain diasporasi vatandagi vaziyatni dashshat bilan kuzatmoqda

  • Amerika Ovozi

Kiyev

AQSh bo'ylab bir milliondan oshiq ukrain istiqomat qiladi. Diaspora ancha oyoqqa turib olgan.

Mariya Dzyuma AQShda 20 yildan oshiq yashayotgan bo’lsa-da, fikr-xayoli Ukrainada.

“1999-yilda Amerika fuqaroligini olganman, lekin yuragim hamon tug’ilgan joyimda”, - deydi u.

Dzyuma Ukrainadan minglab kilometr uzoqda, AQShning Chikago shahrida yashaydi. Lekin Rossiya qo’shni mamlakatga hujum qilar ekan, ayol do’stlari va qarindoshlaridan xavotirda.

“Bu haqiqatan yuragimni ezadi. Go’zal vatanimizga Rossiya tanklari kirayotgani haqida o’ylasam, ko’zimga yosh keladi”, - deydi suhbatdosh.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShdagi ukrainaliklar: Fikru-xayolimiz ona vatanda

Harbiy harakatlarni kuzatayotgan Yuriy Soroka Ukrainaga borib jang qilish haqida o’ylanmoqda.

“Har kuni xayolimda shu”, - deydi u.

Lekin do’stlarim menga, deydi Soroka, Ukraina butun dunyo bo’ylab himoyachilarga muhtoj deb aytishyapti.

“Oramizda urush nimaligini biladigan azamatlar bor. Ular AQShdan turib ham Ukrainaga yordam bera oladi”, - deydi u.

Yuriy Soroka, Mariya Dzyuma va Illinoys shtatida yashovchi yuzlab boshqa ukrainaliklar yaqinda “Maydon” inqilobining 8 yilligini nishonladi. O’shanda Ukrainaning Rossiyaga xayrixoh hukumati qulatilgan.

“2014-yilning fevralida xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashuvlarda halok bo’lgan, kaltaklangan qahramonlarni yodga olayapmiz”, - deydi Lidiya Tkachuk.

Buni ham ko'ring AQSh Rossiyani agressiyada ayblab, yangi sanksiyalar e'lon qildi

U Chikagodagi Ukraina Milliy muzeyi prezidenti. Ukraina hujum ostida ekan, ukrainaliklar diasporasi uchun bu joy madaniy markazga aylangan.

“Nima ham qilardik? Ukraina xalqini qo’llab-quvvatlaymiz, ibodat qilamiz, ular bilan gaplasha olamiz. Lekin uzoqdamiz”, - deydi Tkachuk.

Ko’pchilikni ilojsizlik, umidsizlik qiynaydi.

“Ukrainada nabiralarimiz, bobo-buvilarimiz, opa-singillarimiz bor. Chetdagi ukrainaliklar ularga qanday yordam beradi oladi?”, - deydi suhbatdosh.

“Bu yerda jamoamiz kuchli. Qo’limizdan kelgancha qo’llab-quvvatlaymiz. Ukrainadagi oilalarimiz, do’stlarimizga moliyaviy yordam beramiz”, - deydi Soroka.

Dunyoning diqqat-e’tibori Ukrainada.

“Amerika ommaviy axborot vositalari mojaroni chuqur yoritayapti, bu yaxshi”, - deydi suhbatdosh.

Mariya Dzyuma Ukraina va Rossiya o’rtasida tinchlik bo’lishi uchun ibodat qiladi. Yangi vatanida qolishi kerakmi, yo’qmi, bu haqda har kuni o’ylanadi.

“Qay tarzda yordam berishimiz kerak? Balki Ukrainaga qaytib, ko’ngilli bo’lib yozilishim kerakdir”, - deydi u.

Hozir Ukrainaga uchib borish ham muammo. Havo hududi yopiq. Aviakompaniyalar parvozlarni bekor qilgan.

Urush manzarasi: Ukraina, 25-fevral, 2022