Tojikistonda mustaqil gazeta va jurnallar tiraji yildan yilga kamayib bormoqda. Tahlillar ko‘rsatadiki, buning bir sababi raqobat, ya’ni odamlar ma’lumotlarni internet orqali olishga o‘rganayotgani bilan bog’liq bo‘lsa, boshqa tarafdan mamlakatda so‘z erkinligi cheklanib borayotgani ham o‘quvchilar gazeta va jurnallardan yuz o‘girishiga sabab bo‘lgani aytiladi.
Tojikistonda vaqtli matbuot nashrlari davlat matbuoti va mustaqil nashrlarga bo‘linadi. Nashrlarni qaydga oluvchi davlat organi – Madaniyat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 376 ta gazeta va 245 ta jurnal mavjud bo’lib, ulardan 112 gazeta va 114 jurnal davlat nashrlari; qolganlari esa mustaqil nashrlar hisoblanadi.
Davlat nashrlari, asosan, hukumat siyosatini targ‘ib-tashviq qilish bilan shug‘allanadi va har yili bu nashrlarga majburiy obuna tashkil etiladi. Mustaqil nashrlar esa erkin bozorda, ba’zilari obunachilar hisobidan chop etiladi, ba’zilari erkin sotuvga chiqariladi, ba’zilari grantlar hisobidan arang kun ko‘rib keladi. Ammo oxirgi o‘n yillarda bu nashrlarning soni va tiraji muntazam kamayib bormoqda. Sariq matbuot oldi-qochdi mavzularni yoritib, kun ko‘rib kelmoqda, ammo ijtimoiy-siyosiy nashrlar og‘ir davrni boshdan o‘tkazmoqda.
Tojikistonda mass-mediani o‘rganadigan «Media konsalting» jamoatchilik tashkiloti direktori Nabi Yusupovning «Amerika Ovozi» bilan suhbatda aytishicha, bosma nashrlarning kamayib borayotganligining bir necha sabablarini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Buni ham ko'ring Tojikiston matbuoti bugun qay ahvolda?«Avvalo, aytish kerakki, axborot almashish sur’ati tezlashgan bugungi zamonda bir haftada bir marta chiqadigan gazetalar noqulay bo‘lib qoldi. Gazetalar har kuni chiqmasligining asosiy sababi esa, mamlakatda ularni samarali tarqatadigan tizimning yo‘qligida. «Tojik pochtasi» davat tashkiloti gazetalarni 2-4 kun oralig‘ida o‘quvchiga yetkazadi. «Tojikmatlubot» mas’uliyati cheklangan hissadorlik jamiyati tezroq yetkazadi, ammo ular faqat gazeta do‘konlarida sotadi, xolos. O‘quvchining manziliga yetkazib bermaydi», - deydi u.
Tahlilchining fikricha, gazetalar narxi ham nisbatan qimmat. Tojikiston sharoitida odamlar 3 somoniydan 5 somoniygacha (25 sentdan 45 sentgacha) gazeta sotib olishga ko‘zi qiymaydi. Gazetalar qimmatligining bir sababi - qog‘oz, rang va boshqa chop etish uchun ishlatiladigan mahsulotlar xorijdan keltiriladi.
«Odamlarning gazeta, jurnal o‘qimay qo‘yganligining asosiy sababi, albatta, konkurensiya. Televideniye, radio va internet resurslari odamlarni jalb etmoqda. Bizning tadqiqotlarimiz yildan yilga internetdagi onlayn platformalar o‘quvchilari ko‘payib borayotganligini ko‘rsatmoqda», - deydi Nabi Yusupov.
«Albatta, onlayn matbuot bir qator afzalliklarga ega. Jumladan, tez-tez yangi xabarlarni cheklanmagan miqdorda va turli manbalardan olish mumkin. Shuningdek, ma’lumotni faqat matn emas, audio, surat va video shaklida ham olish mumkin. Shu va shu kabi sabablar bilan gazeta biznesi o‘lib bormoqda», - deydi «Media-konsalting» tashkiloti direktori.
Tahlilchining aytishicha, Tojikistonda faqatgina gazetalarning tiraji emas, ularning soni ham kamayib bormoqda.
"Bundan o‘n yil odin, 11-mart – «Buxoroi sharif» gazetasi tashkil bo‘lgan kuni, ya’ni «Tojik matbuoti»ning 100 yilligi munosabati bilan Prezident Emomali Rahmon qilgan chiqishida mamlakatda 400 xildagi gazetalar borligini qayd qilgan edi. Hozir ancha kamaygan. Bir qator gazeta, jurnallar yopilib ketdi. Borlarining ham tiraji juda kam. Bir vaqtlar men «Aziya-plyus»da ishlab yurganimda, bu gazeta qish faslida haftada ikki marta 17 ming donadan, yoz faslida 13 mingtadan chop etilar edi», - deydi suhbatdoshimiz.
Buni ham ko'ring Tojikiston va Turkmanistonda internet cheklanishi siyosiy masalaIjtimoiy-siyosiy mavzularni nisbatan obyektiv yoritadigan «Aziya-plyus» gazetasi hozir 1000-1500 dona atrofida chop etilmoqda.
Oxirgi o‘n yil ichida yopilgan gazetalar ichida «Charxi gardun», «Avitsenna», «Kechki Dushanbe», «Vecherka», «Zindagi», «Jomea», «Zamondosh»,«Biznes va politika», «Xiyobon», «Varorud», «Sug‘d», «Dam», «Zamon»,«Bomdod», «Ozodagon», «Nigoh» kabi gazetalar o‘quvchilar orasida yaxshi tanilgan edi.
Jurnalistika tadqiqotchilaridan biri Qironshoh Sharifzoda fikricha, bosma nashrlar yashab qolishi uchun zamon talablariga moslashishi kerak.
«Davriy nashrlar sonining kamayib ketishining sabablari ko‘p. Internet hamma uchun ochiq, uning imkoniyatlari va afzalliklari ko‘p. Hatto mobil telefon yordamida foydalanish mumkin. Biroq bu bosma nashrlar keraksiz yoki axborot bozoridan chiqarib tashlandi, degani emas. Har bir mahsulotning o‘z xaridori bor. Bosma nashrlar axborot bozorining yangi talablarini inobatga olgan holda o‘z auditoriyalarini yo‘qotmaslik, hatto o‘z mijozlarini ko‘paytirish uchun boshqaruv va ijodiy munosabatlarni o‘zgartirishi kerak», - deydi tadqiqotchi olim.
Uning fikricha, bosma nashrlar axborot fazosidagi mavjud reallikda o‘zining yangi o‘rnini egallashi kerak.
«Nashrlar ijodiy jihatdan axborot yo‘nalishini xabarlardan tahliliy materiallarga o‘zgartirishi, xalqning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yoritishda, tegishli muassasa va idoralar faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil etish va tanqid qilishda dadilroq bo‘lishi kerak. Boshqaruv nuqtai nazaridan esa, nashrni yuqori sifatli chop etish, sotish va tarqatish uchun o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlar, masalan, matbaa, pochta, savdo tashkilotlari bilan ishlab chiqarish va kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishi kerak», - deydi tahlilchi.
Jurnalist va olima Dilbar Samadova ham gazetalar zamonga qarab o‘z materiallarini shakl va mazmunu mohiyat jihatidan o‘zgartirishi kerakligini aytadi.
«Afsuski, begungi kunda gazetalar tiraji juda kamayib ketdi. Buning sababini internetga bog‘laydilar. Haqiqatdan shundaydir, rad etmayman. Ammo bugun biz o‘quvchi, xalq talabiga qarab ishlashimiz kerak. Auditoriya talabiga qarab material yozishimiz kerak. Biz majburlikdan tayyorlab chop qilgan materiallarimizni o‘qimaydi. Gazetalar begungi kunda «Nima bo‘ldi?», «Qachon bo‘ldi?», degan savolga emas, «Nima sababdan shunday bo‘ldi?», degan savolga javob berishi kerak. Chunki to gazeta chop etilib, o‘quvchi qo‘liga yetib borgunicha, avvalgi ikki savolga onlayn resurslar javob berib ulguradi», - deydi Samadova.
Your browser doesn’t support HTML5
Uzoq yillardan beri gazeta sotuv do‘konida ishlab kelayotgan ziyoli Mahmudjon Ahmedovning aytishicha, gazetalarda obyektiv tahlil va tanqidiy materiallar yo‘qligi tufayli o‘z xaridorlarini yo‘qotib bormoqda.
«Bir haftada men sotadigan “Aziya-plyus” gazetasi soni 40 tadan 10 taga tushdi. “Oila” 45 donadan 15 donaga tushib qoldi. Shuningdek, boshqa gazetalar ham. Ba’zi gazetalar butunlay yopilib ketdi. Nima uchun bunday bo‘ldi? Chuni gazetalarimiz kundan kunga odamlarga ma’qul kelmay qoldi. Gazetalarda maqtov materiallar ko‘paydi, tanqidiy materiallar kamaydi. Odamlar tanqidiy materiallarni o‘qishni istaydi. Gazetxonlar keladi, gazetani olib, birma-bir varaqlab ko‘radi, o‘qish uchun biror yaxshi materialni topa olmay va qayta qo‘yib ketadi», - deydi gazeta sotuvchisi.
Yana bir gazeta sotuvchisi Aminjon Boboyevning aytishicha, asosan, yoshi kattalar gazeta sotib oladi. Yoshlar deyarli gazeta o‘qimaydi.
Tojikistonlik o‘zbek ziyolilari ham gazetxonlar soni keskin kamayib ketganining sababini gazetalar mazmun-mundarijasi bilan bog‘lab, ko‘ngildagi gazetalar yo‘qligi bilan izohlaydi.
«Ilgari gazetalarda satira, yumor bo‘limlari bo‘lar edi. Xalq xo‘jaligining turli sohalaridagi kamchiliklar shu yo‘l bilan yoritilar edi. Keyingi vatqlarda shu narsalar qariybki matbuotdan ko‘tarildi. Gazeta, jurnallarda tanqidiy bo‘limlar qariybki yo‘q», - deydi mahalliy adib va publisist Hakim Zokir.
O‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Erali Jiyanboyev fikricha, «agar gazetada xalqqa kerakli materiallar chop etilsa, odamlar bu nashrlarni qidirib, topib o‘qiydi».
«O‘zbekistonda ham gazeta va jurnallar tiraji tushib ketgan. Bu muammo hatto AQShda ham bor. Bosma OAV elektronlashishi kerak, shundagina ularni inqirozdan va yo‘qolib ketishdan saqlab qolish mumkin», - deydi o‘zbekistonlik jurnalist Ravshan Burhonov.
Ammo soha mutaxassislari va tahlilchilar fikricha, Tojikistonda so‘z erkinligi cheklanishi natijasida gazetalar kamchiliklar haqida ochiq va xolis yoza olmaydi va natijada odamlar gazetalardan yuz o‘girmoqda. Shuning uchun ham aksariyat ijtimoiy-siyosiy mavzularni yoritadigan gazetalar o‘z o‘quvchilarini yo‘qotib, iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutmoqda, ba’zilari o‘z yukini torta olmay, yopilib ketdi.
Mustaqil jurnalist Mas’um Muhammadrajab fikricha, o‘quvchilar kamayib borishining sababi «gazeta va jurnallardagi aksariyat materiallar quruq va rasmiy xabar hamda maqtov maqolalardan iborat bo‘lib, ularning fakt va raqamlariga ishonish qiyin» bo‘lganligi bilan bog‘liq.
Siyosatshunos olim Sherali Rizoyon ham bosma nashrlarning oradan ko‘tarilib borayotganligining sababini «gazetxonlik madaniyati yo‘qolib borayotganligi va dolzarb va o‘qimishli materiallar qamayib ketganligi, taliliy va tanqidiy materiallar deyarli chop etilmasligi» bilan izohlaydi.