Rossiyaning Ukrainadagi urushi davom etar ekan, provokatsiyalar, raketa hujumlari, vahshiyliklar, yutuq va yo’qotishlar xususida minglab da’volar yangramoqda.
Kiyevda asoslangan “StopFake” tashkiloti va “Eyes on Russia” (Rossiyaga Nigoh) loyihasi faktlarni yolg’ondan ajratish bilan shug’ullanadi.
Prezident Vladimir Putinning Ukrainani “denatsifikatsiya qilish” haqidagi bayonotidan tortib, Ukraina kuchlari binolar ostiga portlovchi moddalar joylashtirayotgani haqidagi postlargacha – ijtimoiy tarmoqlar, vebsaytlar, “Telegram” va “Viber” kabi platformalar va hatto telekanallarni dezinformatsiya to’lqini qamragan, deydi tahlilchilar.
O’z holiga tashlab qo’yilsa, bunday postlar va propaganda odamlarni chalkashtirishi, omma fikriga ta’sir o’tkazishi mumkin.
“Faktlarni tekshiruvchilar Rossiya ommaviy axborot vositalarining (OAV) ishonchli manba degan reputatsiyasiga dog' tushiradi”, - deydi “StopFake” asoschilaridan biri, jurnalist Ruslan Deynichenko.
U bir paytlar “Amerika Ovozi” Ukrain xizmati bilan hamkorlik qilgan.
“Jurnalist sifatida odamlarga “miyasi yuvilmasligi” uchun yordam berayotganingizni bilish o’ta muhim”, - deydi u.
Buni ham ko'ring Qirg’izistonda Ukrainaga oid xabar ortidan telekanal yopildi
Faktlar ketidan…
Rossiya tomonidan postlar bosqinni oqlashga qaratilgan. Masalan, Putinning Ukrainani “natsistlardan tozalash” haqidagi da’vosi. Yoki Rossiyaning jang maydonidagi yutuqlari ko’z-ko’z qilinib, talafotlari kamaytirib ko’rsatiladi.
Ukraina tomonidan esa e’tibor ko’proq o’z askarlarining jasoratini yoki Rossiya armiyasining muvaffaqiyatsizliklarini ko’rsatishda. Internetda asirga olingani aytilayotgan rus askarlarining uyiga, ota-onasiga qong’iroq qilib, bosqinni qoralayotgan videolari muntazam qo'yib borilyapti.
“Mustaqil Kiyev” gazetasining Nyu-Yorkdagi muharrirlaridan biri Lili Bivingsga ko’ra, ayrim da’volar qayerdan kelib chiqqanini aniqlash qiyin. Lekin Rossiya tomonidan postlarning maqsadi ayon, deydi u.
“Bu ukrainaliklarni salbiy tasvirlashga, odamlarni chalg’itishga qaratilgan dezinformatsion kampaniyaning bir qismi. Ukraina tomonidan chiqayotgan ayrim ma’lumotlar esa vayronagarchilikni davom ettirishga emas, odamlarning kayfiyatini ko’tarishga qaratilgan”, - deydi u.
Bivings “Kiyev sharpasi” deb atalmish uchuvchi Rossiyaning olti samolyotini urib tushirgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganini misol keltiradi. Ammo bu bitta uchuvchining ishi ekanini isbotlovchi dalillar yo’q.
“Snopes” saytiga ko’ra, keng tarqalgan videolardan biri alsida haqiqiy emas, balki “Kiyev sharpasini” sharaflash uchun yaratilgan simulyatsiyadir.
Chin va yolg’on ma’lumotni bir-biridan ajratish mushkul vazifa. Bivings fikricha, bir yechim shuki, mahalliy OAV faqatgina tasdiqlangan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
“Imkon boricha tasdiqlangan ma’lumotlarni chop etishga harakat qilsangiz, siz o’sha “virusni” tarqatmayotgan bo’lasiz”, - deydi u.
Buni ham ko'ring AQShda moliyaviy axborot manbai Rossiya propagandasini yoyganlikda gumon qilinmoqda
Ichki auditoriya
Dezinformatsiyani kuzatuvchi tashkilotlarga ko’ra, Moskvaning asosiy maqsadi ikkita: urush asosli ekanini mahalliy auditoriyaga isbotlash va ukrainaliklarning ruhini tushirish.
Rossiya turli auditoriyalarni mohirona nishonga oladi, deydi Ukraina hukumati harbiy maslahatchisi Lyubov Sibulska. U Ukraina Madaniyat vazirligi qoshidagi Strategik kommunikatsiya va axborot xavfsizligi markazini yuritadi.
“Hozirda Rossiya uchun asosiy auditoriya – o’z xalqi. Ular odamlarni bu maxsus harbiy operatsiya ekaniga, Ukraina va dunyo natsistlardan tozalanayotganiga, tinch aholi jabrlanmayotganiga ishontirishga urinishyapti”, - deydi Sibulska.
U ilgari Ukraina Inqirozi bo’yicha media markazda ham faoliyat yuritgan.
“Rossiyaning Ukrainaga qaratilgan dezinformatsion kampaniyasi odamlarni qo’rqitish, tushkunlik va sarosimaga solish, tartibsizlik keltirib chiqarishni maqsad qiladi”, - deydi suhbatdosh.
Rossiya propagandasi hozircha samara bermayapti, deydi Sibulska, chunki Ukrainadagilar dezinformatsiyada tasvirlanayotgan va o’zlari boshlaridan kechirayotgan reallikka guvohdir.
Londonda asoslangan Axborot barqarorligi markazi rahbari Ross Berlining aytishicha, Putin uchun asosiy auditoriya – ruslar, chunki “u hokimiyatni yo’qotishdan qo’rqadi”.
Tashkilotning “Rossiyaga Nigoh” nomli loyihasi 150 kishidan iborat, ular Rossiyadan kelayotgan dezinformatsiyani kutazadi. Berli “Amerika Ovozi”ga jarayonni tushuntirib berdi.
Masalan, yaqinda Xarkov shahriga ruslar emas, ukrainlar o’zi raketa hujumi uyushtirgani haqidagi da’voni oling. Guruh qurol kimniki ekanini aniqlash uchun bir qancha omillarni tekshiradi, jumladan manba, video tasvir, geolokatsiya, metama’lumotlar, shrapnel va jarohatlar.
“Yuqori aniqlikdagi videoni topib, tasvirni sekinlashtirib, snaryad uchayotgan kadrni muzlatamiz va uni identifikatsiya qilamiz”, - deydi Berli.
Mana shunday analiz orqali, deydi suhbatdosh, “bunday qurol faqat Rossiyada borligi, Rossiya uni safarbar etganini bilamiz, demak hujumni Rossiya amalga oshirgan”.
Lyubov Sibulska va Ross Berli fikricha, bunday yolg’on xabarlar qanchalik effektiv ekani haqida xulosa qilishga erta.
Urush Ukrainani “demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish” uchun zarur degan iddaolarga, Rossiyada “yolg’on xabar” deb ko’rilgan har narsani taqiqlash to’g’risida qonun qabul qilinganiga qaramasdan, minglab rossiyaliklar namoyishlarga chiqdi. “OVD-Info” huquq tashkiloti hibsga olinganlar sonini kuzatib boradi.
Rossiya mulozimlari va “Roskomnadzor” agentligi G’arb OAVlarini soxta xabarlar tarqatayotganlikda ayblaydi, jumladan Rossiya tinch aholi yashovchi hududlarni nishonga olayotgani borasida. Vaholanki, buni ko’rsatuvchi ko’plab foto va video dalillar mavjud.
Front
Kiyevda “StopFake” tashkiloti xodimlari har kuni minglab onlayn xabarlarni ko’zdan kechiradi. Bu ko’p vaqt talab qiladigan jarayon.
“Feyk yaratishga besh daqiqa vaqt ketishi mumkin, lekin feyk ekanini isbotlashga ba’zida bir necha hafta vaqt ketadi. Biz Ukrainadagi vaziyatga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan eng muhim ma’lumotlarni tekshirishga harakat qilamiz”, - deydi jurnalist Ruslan Deynichenko.
Kiyevda joylashgani sababli jamoa ikki frontda kurashishga majbur. Biri raqamli kurash, biri jismoniy.
“Ma’lumotni tekshiruvchilar oddiy fuqarolar. Ularning ham oilasi bor, xavfsizlik haqida o’ylashi kerak”, - deydi u.
Jamoa a’zolari oilalar va qo’shnilarni himoya qilish sa’y-harakatlarida qatnashadi, hududiy mudofaa guruhlariga ham qo’shilgan.
“Xavfsiz joyda emasman, lekin Rossiya mediasini kuzataman. Ijtimoiy tarmoqlarda propaganda va dezinformatsiyani monitoring qilaman. Mamlakatimizni boy bersak, bu xabarlarni tekshirishga hojat qolmaydi”, - deydi Deynichenko.