Isroil Rossiyaning yahudiy oligarxlarini himoya qiladimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Sanskiyaga uchragan ba’zi Rossiya oligarxlari ayni paytda Isroil fuqaroligiga ham ega. AQSh Isroilni rossiyaliklarga sanksiyalarni aylanib o’tish imkonini bermaslikka chaqirdi. Isroil bunga yo’l qo’yilmasligini bildirib, bu masalada yangi siyosat ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu orada boy rossiyalik yahudiylar Isroilga ko’chib ketishga urinmoqda.

Sanksiyaga uchragan rossiyalik milliarder yahudiy Roman Abramovich Isroilga tez-tez borib turibdi.

U va yana boshqa ko’plab rossiyalik oligarxlar ham Isroil, ham Rossiya fuqaroligiga ega va shu bois Isroil hukumati ularning kelishiga yoki mol-mulkiga taqiq qo’ya olmaydi.

Hukumat ayni paytda xalqaro sanksiyaga uchragan fuqarolariga qanday munosabatda bo’lish masalasini ko’rib chiqmoqda.

“Isroil AQSh va boshqa G’arb davlatlari tomonidan Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni aylanib o’tish vazifasini bajarmaydi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Isroil Banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Aeroportlar ma’muriyati, Energiya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bu masalani ko’rib chiqmoqda”, - dedi Isroil Tashqi ishlar vaziri Yair Lapid.

Buni ham ko'ring Bayden: Amerika va ittifoqchilari Putinning adabini beradi

O’nlab rossiyalik yahudiy oligarxlar Isroil fuqaroligiga ega ekani hamda ular ko’plab yahudiy xayriyalariga salmoqli hissa qo’shishi aytiladi. Abramovich Ukraina bosqini boshlanishidan ikki kun avval Isroildagi Yad va-Shem xolokost muzeyiga o’nlab million dollar mablag’ berishini ma’lum qildi. Ammo unga nisbatan xalqaro sanksiyalar e’lon qilinishi ortidan xotira markazi milliarder bilan aloqani uzdi.

Roman Abramovich Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo’lgani uchun jazoga tortildi. Uni hatto “Putinning hamyoni” deb atashadi.

“Roman Abramovich Yad va-Shemning ikkinchi eng katta donori edi, lekin u anti-Semitizmga qarshi boshqa ko’plab loyihalarga ham homiylik qilgan. Sanksiya e’lon qilganingizda, uning yaxshi ishlari ham bormidi, deb qaramaysiz, balki bu pullar Putinning erkinlik va demokratiyaga qarshi kurashiga qanchalik hissa qo’shganiga e’tibor qaratasiz”, - deydi Isroil hukumatining sobiq rasmiysi Natan Sharanskiy.

Boylardan tashqari, Isroil Rossiyani tark etishni istayotgan yuz minglab yahudiylar uchun yangi panoh bo’lishi mumkin.

Immigratsiya huquqi bo’yicha tel-avivlik advokat Eli Gervitsning aytishicha, so’nggi ikki hafta ichida unga minglab murojaatlar bo’lgan.

Buni ham ko'ring AQSh Rossiyani agressiyada ayblab, yangi sanksiyalar e'lon qildi

“Ofisimizga bo’layotgan murojaatlarni ikki toifaga bo’lish mumkin. Ulardan birinchisi o’z hayotini qutqarish ilinjida bo’lgan odamlar. Ular Rossiyani, Moskvani tark etib, Isroilga kelishni xohlayapti. Ikkinchi toifa esa mol-mulkini asrab qolish harakatida bo’lganlar. Ular o’z pulini, mol-mulkini nafaqat Rossiyadan, balki butun dunyodan Isroilga olib kelish niyatida”, - deydi huquqshunos.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressiga qilgan murojaatida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishni so’rashi ortidan Rossiya boylari uchun o’z mol-mulkini asrab qolish yanada qiyinlashishi mumkin. Qolaversa, Putin katta miqdordagi pulni mamlakatdan olib chiqishga taqiq qo’yishi vaziyatni yanada og’irlashtirdi.