Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov 21-mart kuni Botkenda Navroʻz bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda qilgan nutqida hududdagi chegara muammosi haqida ham fikr bildirdi. U oʻz soʻzida bu masala keyingi avlodlarga qolmasligini aytgan.
“Bunga qadar hal boʻlmay, hukumatdan hukumatga muammoli meros boʻlib qolayotgan chegara masalasida nizolar qurolli janjalga aylanib, fojiali voqealar yuz berdi. Biz, Xudo xohlasa, bunday vaziyatni keyingi avlodlarga qoldirmaymiz”, - dedi Sadir Japarov.
Botken viloyati Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududda joylashgan. Tojikiston bilan chegaraning 40 foizi, Oʻzbekiston bilan 15 foizi aniqlanmagan. Yer va suv talashish ortidan Botkenning chegaradosh hududlarida mojarolar koʻp yuz beradi.
Shu yilning 10-11-martida ham Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasida qurolli otishma yuz berdi. Chegaradagi toʻqnashuvlarda ikki davlat bir-birini ayblab keladi.
Nega bu hududda qurolli toʻqnashuvlar tez-tez sodir boʻlmoqda? Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi umumiy chegaraning delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan hududlari boʻyicha nega tomonlar uzoq vaqtdan beri bir fikrga kela olmayapti? Sadir Japarov oʻz nutqida aytganidek, kelajak avlodga bu muammoni qoldirmaslik uchun nimalar qilish kerak?
Your browser doesn’t support HTML5
Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi umumiy chegaraning (987 kilometr) yarmidan koʻprogʻi (500 km) 2002-2013-yillar oraligʻida, yaʼni 10-11 yil davomida delimitatsiya va demarkatsiya qilingan. Ammo undan keyin mana oradan yana 9-10 yil oʻtyapti, ammo qolgan mintaqalar boʻyicha tomonlar kelisha olmayapti.
Tojikistonlik tahlilchi Neʼmatulla Mirsaidov fikricha, ikki davlat orasidagi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilishda ish aholi yashaydigan mintaqalarga yetib kelganida masala murakkablashib ketdi.
“Chegarani aniqlashda odamlar yashamaydigan mintaqalarda ish osonlik bilan hal boʻlar edi. Ammo ish aholi yashaydigan mintaqalarga kelar ekan, toʻqnashuvlar, noroziliklar, mojarolar boshlandi. Qoʻshma komissiya tomonidan shu paytgacha aniqlangan hududlar eʼtirof etilishi kerak. Aks holda ishlar yana boshi berk koʻchaga kirib qoladi”, - deydi u.
Qirgʻizistonlik inson haqlari himoyachisi Izzatillo Raxmatullayev esa “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ikki davlat oʻrtasidagi chegara muammolarini hal qilishda siyosatchilardan koʻra, koʻproq mahalliy aholining pozitsiyasini hisobga olish kerak degan fikrda. U Botken hududidagi chegara masalasini bir chiziq tortish bilan hal qilib boʻlmasligini, rasmiy Bishkek esa u yerdagi vaziyatni toʻliq his qila olmayotganini aytdi.
“Botken hududini yaxshi bilaman. Bir chiziq chizib, chegaraning u tomoni seniki, bu tomoni meniki deyish mumkin boʻlgan joy emas. Qirgʻiziston va Tojikistonning bu hududda yashaydigan aholisi bir-biri bilan quda-anda boʻlib, aralashib ketgan. Bugungi chegara muammosi ana shu oilalarni ham ikki lagerga ajratib qoʻymoqda. Botken muammosini faqat tinchlik yoʻli bilan, siyosatchilarning emas, mahalliy aholining pozitsiyasi bilan, ularning talab va takliflari bilan hal qilish mumkin. Poytaxtda oʻtirgan rasmiy amaldordan koʻra, ana shu mahalliy aholi oʻz muammosini qanday hal qilishni yaxshiroq biladi. Bizda esa bunday boʻlmayapti. Bishkekda turib, u yoki bu rasmiy bayonot bilan chiqib, buning ortidan ikki davlat aholisi bir-birini yomon koʻrib, bugungi vaziyatga keldi”, - deydi huquq himoyachisi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu bilan birga tojikistonlik tahlilchilar, mahalliy aholi va harbiylar orasida kuzatilayotgan mojarolar, toʻqnashuvlarning oldini olish uchun ularni keltirib chiqarayotgan omillarga eʼtibor qaratish kerak degan fikrni bildirmoqda.
““Hammadan oldin mojarolarning oldini olish kerak. Buning uchun shu mojarolar asosini yoʻqotish kerak. Mojaro yuzaga kelishiga sabab boʻladigan omillar qolmasligi kerak”, - deydi Raxmatullayev.
Tojikiston uchun eng katta muammo bu Vorux eksklavi. Bu taqriban 40 ming tojiklar yashaydigan qishloqning Qirgʻiziston ichida anklav sifatida qolishi. Oʻtgan yili Qirgʻiziston Xavfsizlik xizmati raisi Qamchibek Tashiyev bu qishloqni almashtirish taklifi bilan chiqqan edi. Ammo bundan ikki haftalar oʻtib shu qishloqqa safar qilgan Tojikiston prezidenti bu hudud qoʻshni davlatga berilishi haqida gap ham boʻlishi mumkin emasligini aytdi. Mirsaidov fikricha, Voruxning anklavligi ham bahsli masala. Chunki oʻtgan asrning 50 yillarigacha boʻlgan kartalarda bu mintaqa anklav emas. Ammo 1989-yillardagi kartalarga koʻra, bu hudud anklav. Asli ikki davlat kelisha olmayotganligining asosiy sababi ham shunda, Tojikiston tomoni chegaralarni aniqlashda 1924-1927-yillar kartalariga eʼtibor qaratishni istaydi. Qirgʻiziston esa 1989-yillar kartalariga afzallik berilishini talab qilmoqda.
“Ikki davlat orasidagi eng katta masalalardan biri bu Tojikistonning Vorux qishlogʻi. Bu qishloqni anklav deb atamoqdalar. Lekin sobiq Sovet ittifoqi tashkil topganining avvalgi yillaridan to 50-yillar ikkinchi yarmigacha boʻlgan hujjatlarga koʻra, Vorux hech qachon anklav boʻlmagan”, - deydi tahlilchi Neʼmatulla Mirsaidov.
Uning qo’shimcha qilishicha, “Agar oʻtgan ishga salavot, deganimizda ham Voruxning 40 minglik aholisi oʻz yoʻllariga ega boʻlish huquqiga ega. Shuning uchun ham Qirgʻiziston tomoni muammolar hal boʻlishini istasa, Voruxning yoʻl bilan taʼminlanishiga xalal bermasligi kerak”.
Buni ham ko'ring Tojikiston-Qirg‘iziston: Chegara muammolari yechilmayotganidan aholi aziyat chekmoqdaQirgʻizistonlik ayrim siyosatchi va siyosatshunoslar ikki davlat chegarasida yuz berayotgan qurolli toʻqnashuvlarga Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon rejimi asosiy sabablardan biri ekanini daʼvo qilmoqda. Xususan, siyosatchi, sobiq deputat Tursunboy Bakir oʻgʻli ham “Amerika Ovozi”ga shu fikrni bildirdi.
“Ayniqsa, Qozogʻistonda yuz bergan voqealardan keyin, Emomali Rahmon qoʻrqib qoldi. Bir kuni xalq mendan ham norozi boʻlib, namoyishlarga chiqadi deb, tojikistonliklarni chalgʻitishga urinmoqda. Shu bilan birga, Emomali Rahmon xalq shunda ham qoʻzgʻolon qilsa, YXHTga murojaat qilaman va Putin bosh boʻlib, harbiylar Tojikistonga kiradi va prezidentligimni saqlab qoladi, deb oʻylayapti. Boshqa bahona yoʻq”, - deydi u.
Oʼz navbatida Tojikistonda ham Qirgʻiziston rasmiylariga nisbatan aynan shu kabi daʼvolar aytilmoqda. Tojikistonning maxfiy xizmatlari, chegara xizmatlari va siyosiy tahlilchilari orasida chegara muammosining toʻliq hal boʻlmayotganida Qirgʻizistonni ayblaganlar ham bor. Ularning fikricha, rasmiy Bishkek, hukumat rahbarlari chegara mojarolaridan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmoqda. Ichki muammolarni hal qilish yoki aholini ichki muammolardan chalgʻitish maqsadida chegarada turli nizolar qoʻzgʻatishadi, deydi tojikistonlik tahlilchilar.
Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi aloqalar 2021-yilning 28-29-aprelida yuz bergan qonli voqeadan keyin keskin yomonlashgan. Ushbu voqeada 36 nafar qirgʻizistonlik halok boʻlib, 154 nafari jarohatlangan. Tojikiston tomondan esa 19 kishi halok boʻlib, 87 nafar tojikistonlik jabrlangan. Ikki tomonda ham uylar va boshqa binolar, avtomobillar yonib ketgan. Bu ikki davlatning mustaqillik tarixidagi eng yirik chegara janjali boʻlib qoldi.