Kiber faollar rossiyaliklarga urush haqiqatini yetkazishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Urushga qarshi kiber faollar

Kreml Ukrainadagi urush haqida gapirganlarning ovozini o’chirishga urinar ekan, xakerlar Rossiya fuqarolarining telefon raqamlariga to’g’ridan to’g’ri xabar jo’natish yo’lini topdi.

Ukraina bosqini boshlangandan beri Rossiya hukumati fuqarolari oladigan axborot ustidan nazoratni kuchaytirdi. Ko’plab mustaqil ommaviy axborot vositalari bloklandi. Ukrainadagi amaliyotni urush deb ataganlarni jinoiy javobgarlikka tortuvchi maxsus qonun qabul qilindi.

Ba’zilar bu choralarni raqamli temir parda deb atamoqda.

Polshada joylashgan kiber faollar millionlab Rossiya fuqarolarining telefon raqamlariga har qanday odam urush haqida xabar jo’nata oladigan maxsus sayt yaratdi.

“Rossiyaliklarga “WhatsApp”, “email” va “sms” orqali 40 milliondan ortiq xabar jo’natdik”, - deydi loyiha rahbari Yan Zumbax.

Polshalik urush qahramoni ismini o’ziga taxallus qilib olgan bu shaxsning aytishicha, ular Sovuq urush davrida qo’llangan choralardan ilhom olgan.

“Men va ota-onam “Ozodlik” radiosini tinglaganimiz esimizda, chunki u dunyo haqidagi haqiqatning yagona manbasi edi”, - deydi u.

Buni ham ko'ring Rossiya armiyasi Ukrainada qirg’inda ayblanmoqda

1920.in deb nomlangan saytda telefon raqamlari va rus tilidagi matnlar berilgan. Maktubni bir necha soniya ichida jo’natish mumkin.

O’zini Keysi deb tanishtirgan san-fransiskolik o’qituvchi shu sayt orqali rossiyaliklarga murojaat qilayotganini aytadi.

“Bolalar kasalxonasi, tug’ruqxonalar va oddiy fuqarolar uxlayotgan teatr bombalandi. Bu Rossiya va Ukraina uchun fojia, deb aytdim”, - deydi u.

Keysi o’z maktubiga rasmlar va boshqa yangiliklarni ham ilova qilmoqda.

“95 yo 96 odamga xat yozdim, 12 tasi javob berdi”, - deydi ayol.

Ba’zilar yetkazilgan ma’lumotni savol ostiga olgan.

“Bunga ishonishingizdan afsusdaman, bu haqiqatdan uzoq narsa, deb javob berishdi. Kamida ularga ko’rib chiqish uchun boshqa manbalar ham borligini eslata oldim”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York, Kichik Odessa: Muhojirlar asosan Ukraina tarafida

Tunislik 19 yoshli rassom Anis Jerbi yuzlab xabar jo’natganini aytadi.

“Hozircha bitta javob oldim. U meni yolg’onchilikda aylab, Ukrainadagi ish qonuniy va qahramonlik ekanini aytdi”, - deydi yosh faol.

Jerbi maktublarni yanada ishonarli qilish ustida ishlayotganini aytadi.

“Aslida nima yuz berayotganini ular tushunishadi, degan umid bor. Rossiya xalqiga ishonaman”, - deydi u.

Hukumatdan qo’rqib ba’zilar javob qaytarmayotgan bo’lishi mumkin. Ammo, deydi Zumbax, maktublar allaqachon ta’sir o’tkazishni boshlagan. Rossiya hukumati saytni yopishga urinmoqda.

“G’arbdan va dunyoning boshqa qismlaridan axborot ololmaslik yomon narsa. Kun kelib, yanada ko’proq odamlar muloqotga chiqadi, degan umiddaman”, - deydi kiber faol.