Ijtimoiy tarmoqlarda 1,4 million kuzatuvchiga ega Vika Li o'zini "hayot blogeri" va "taomlar shinavandasi" sifatida taqdim etadi.
"O’z taqdimotlarim orqali sizni Xitoy bo'ylab sayohat qildiraman, sizni Vikaning hayotiga olib kiraman", - deydi u yanvar oyida “YouTube” va “Facebook”ga joylagan videolaridan birida.
Uning ma’lumotlari Xitoy davlat televideniyesi CGTN tomonidan boshqarilishi mumkin, chunki Vika Li telekanal saytida internet muxbiri sifatida ishlashi yozilgan.
Li o‘z muxlislariga “bu kanallarning barchasini o‘zi yaratganini” aytsa-da, uning “Facebook”dagi sahifasini kamida to‘qqiz kishi boshqarayotganini ko‘rish mumkin.
Bu kabi ma’lumotlar Xitoyning AQShga qarashli ijtimoiy media platformalariga ta'siri kuchayib borayotganining bir belgisidir, deyiladi “Associated Press” o’tkazgan tadqiqotda.
Xitoy o'zining iqtisodiy qudratini isbotlashda davom etar ekan, xalqaro miqyosdagi ta’sir doirasini kengaytirish uchun global ijtimoiy media ekotizimidan foydalanmoqda, deyiladi surishtiruvda.
Xitoyning davlatga aloqador ba'zi muxbirlari o'zlarini Instagramda zamonaviy influenserlar yoki blogerlar sifatida ham taqdim etadi. Hukumat ijtimoiy media foydalanuvchilariga o'z imidjini oshiradigan, puxta ishlab chiqilgan xabarlarni yetkazib berish uchun mana shunday ta'sir o'tkazuvchilarni yollashi aytiladi.
Bundan tashqari, “YouTube” va “Twitter” sahifalarida Pekinning uyg‘ur musulmonlariga bo‘lgan munosabatidan tortib, so‘nggi Qishki o‘yinlarda Xitoy uchun kurashgan olimpiadachi Eylin Gugacha bo‘lgan turli mavzularda Xitoy hukumati siyosatiga mos xabarlarni tarqatishda g’arblik ba’zi media faollar ham jalb qilinmoqda.
Buni ham ko'ring Urush axborot maydonida ham avjida: Haqiqiy va yolg’on xabarlarChet el dezinformatsion operatsiyalarini kuzatuvchi Miburo firmasining tadqiqotiga ko‘ra, Xitoy hukumati yoki uning davlat ommaviy axborot vositalariga aloqador kamida 200 ta bloger 38 xil tilda ish olib bormoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini mavzusida ham G’arbni yomonotliq qiluvchi materiallar tarqatilgan.
Bosqin demokratiyaga shafqatsiz hujum sifatida qoralanar ekan, Li Jingjing ismli bloger o‘zining 21 000 YouTube obunachisiga Rossiya tashviqotini aks ettiruvchi va noto‘g‘ri da’volarni, jumladan, AQSh va NATO Rossiyaning bosqinini gij-gijlagani haqidagi videolarni joylashtirgan.
“YouTube”da Li Jingjing o‘zini “sayohatchi va jurnalist ekanligini aytadi.” Lekin u o‘zining Xitoy davlatiga qarashli CGTN telekanali muxbiri ekanligini oshkor qilmaydi. Chiqishlarida u nafaqat o‘zining, balki Xitoy hukumatining qarashlarini ham bayon qiladi. Vika Li ham, Li Jingjing ham “AP” savollariga javob bermadi.
“AP” axborot agentligi o'nlab shunga o'xshash akkauntlarni aniqlagan; ular jami 10 milliondan ortiq obunachilarga ega.
Xorijiy hukumatlar uzoq vaqtdan beri ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarga yashirincha ta'sir o'tkazish uchun foydalanib kelishi aytiladi. Jumladan, 2016-yilgi AQSh saylovlari natijasiga ta’sir o’tkazish uchun Rossiya ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalangani fosh etilgan.
“AP” tekshiruvining ko’rsatishicha, xitoylik ta'sirchan ijtimoiy media akkauntlarining aksariyati davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalari sifatida belgilangan. Li Jingjing va Vika Liga tegishli sahifalar “Facebook” yoki “Instagram”da shunday tamg’aga ega, lekin “YouTube” yoki “TikTok”da bunday emas. Vika Lining akkaunti “Twitter”da ham davlatga aloqador ekani eslatilmagan. O'tgan oy “Twitter” Li Jingjingning akkauntini Xitoy davlat ommaviy axborot vositasi sifatida belgilashni boshladi.
CGTN ushbu surishtiruv yuzasidan intervyu so'rovlariga javob qaytarmagan. CGTN AQSh Adliya vazirligida xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va xalqaro axborot tashkilotlari, jumladan, AP, CNN va Reuters bilan tijorat kelishuvlariga ega.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyuning aytishicha, "Xitoy ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar normal faoliyatlarini mustaqil ravishda amalga oshiradi va Xitoy hukumati tomonidan boshqarilmaydi yoki ular faoliyatiga aralashilmaydi".
Ingliz tilida so'zlashuvchi bloger orasida ham “YouTube” va “Twitter”da Xitoyga moyil ma’lumotlar tarqatuvchilar bor.
Buni ham ko'ring Jurnalistlar: Xitoy chet el matbuotini ezmoqdaO'tgan yili aprel oyida CGTN butun dunyo bo'ylab ingliz tilida so'zlashuvchi ta’sirchan blogerlarni maxsus tanlovga taklif qildi. Tanlov g’oliblariga London, Vashington kabi shaharlarda ish bilan ta’minlanish va’da qilindi.
Britaniyalik Jeyson Laytfut “YouTube”da G’arbga qarshi Xitoy da’volarini yorituvchi inglizzabon blogerlardan biri. U "Olimpiada AQShga teskari ta'sir ko'rsatdi - halokatli afsus" va "G'arb ommaviy axborot vositalari Xitoy haqida yolg'on gapiradi" kabi sarlavhalar bilan 200 000 obunachi to’plagan.
Kanadada yashovchi AQSh fuqarosi Sayrus Yanssen ham Xitoyga xayrixoh blogerlardan biri. Olimpiada paytida Yanssen va Laytfut Xitoy qo’lga kiritgan muvaffaqiyatni olqishlovchi bir xil tasvirlarni tarqatdi.
Yanssenning APga aytishicha, u Xitoy hukumatidan hech qachon pul olmagan. Ammo Xitoy texnologik firmalari bilan ba'zi hamkorliklari haqida ma’lumot berishni istamadi.
Amerikalik YouTuber Metyu Tye va janubiy afrikalik Uinston Sterzel Xitoy kontent uchun pul to'layotganiga ishonadi.
Ular o'tgan yili o'zini Gonkong Pear Technology deb tanitgan kompaniyadan electron maktub olgan. Bu maktubda Xitoyning sayyohlik uchun moʻljallangan Xaynan provinsiyasini reklama qilib berish so’ralgan. Pear Technology yana bir elektron maktubida COVID-19 Xitoydan emas, Shimoliy Amerika oq dumli kiyiklaridan kelib chiqqanligi haqidagi targʻibot videosini joylashtirishni taklif qildi.
Sterzel va Tye kompaniyadan bu da'voni tasdiqlovchi dalillarni so'raganidan keyin kompaniya ularga qaytib murojaat qilmadi.
"Muvaffaqiyatga erishishning juda oson formulasi bor, - deydi Sterzel intervyuda. - Bu shunchaki Xitoy hukumatini maqtash, Xitoyni maqtash va Xitoy qanchalik buyuk va G'arb qanchalik yomon ekanligi haqida gapirishdan iborat".