Lukashenko: KXShT G'arbga qarshi birlashishi kerak

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Moskvadagi sammiti, 16-may, 2022

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq a’zolarini, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarini ham NATO kengayishiga qarshi turishga chaqirmoqda.

Bu haqda u Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) Moskvadagi sammitida aytgan. Unda harbiy ittifoq a’zolarini Ukrainadagi urushga jalb etish masalasi ko’tarilmagan, ammo yopiq tarzda muhokama o’tgan.

Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistondan iborat blok 16-may kuni Moskvada muloqot qilgan.

Lukashenko a’zolarni NATO kengayishiga nisbatan kurashayotgan Rossiyani yolg’izlatib qo’ymaslikka, “Ukrainani qurol-aslaha bilan to’ldirayotgan” G’arbga qarshi turishga undagan.

Rossiya yetakchiligidagi bu harbiy ittifoq a’zo davlatlarni tashqi xavfdan himoyalash uchun tuzilgan. Ammo KXShT shu yil yanvar oyida Qozog’istonda kuzatilgan ommaviy noroziliklarni bostirishga jalb etildi. Bu qaror Qozog’istoning ichki ishiga aralashish sifatida baholangan, jamoatchilikda jiddiy tanqid bilan kutib olingan edi.

Prezident Vladimir Putin sammitdagi nutqida KXShTning Qozog’istondagi missiyasini olqishlab, “Qozog’istonda hokimiyat ekstremistlar hujumidan himoya qilinganini” qayd etgan.

Prezident Putin, Moskva, 16-may, 2022

Qozog’iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayevga ko’ra, KXShT - ko’p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi. To’qayev, shuningdek, tashkilot faoliyatini kengaytirish, BMT missiyasi doirasidagi amaliyotlarda qatnashish, Afg’onistondagi vaziyat mintaqaga xavf solishi haqida gapirgan.

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon ham Afg’oniston masalasiga diqqat qaratgan.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan KXShT a’zolarini arman-ozar urushi paytida Ozarbayjonga qurol sotishda ayblab, tanqid ostiga olgan.

KXShT sammitida asosiy bayonotlar Lukashenko va Putin tomonidan qilingan. Putin harbiy ittifoq sarhadlarida xavfsizlikka doir vaziyat tarangligi, Ukrainadagi amaliyot davomida Rossiya bu mamlakatda biologik qurollar yaratishga urinishlarni aniqlaganini iddao qilgan.

Rossiya prezidenti deydiki, KXShT doirasida qo’shma harbiy mashg’ulotlar davom etadi va shu yil kuzda yirik harbiy o’quv mashqlari rejalangan.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Moskvadagi sammiti, 16-may, 2022

Lukashenko fikricha, KXShT NATOga nisbatan bir pozitsiyani shakllantirganda edi, G’arb Rossiya va uning davlatiga sanksiyalar joriy etishga botinmagan bo'lardi.

“Davlatlarimiz yaqin orada bu borada yaxlit bo'lmas ekan, siyosiy, iqtisodiy, harbiy aloqalarimizni mustahkamlamas ekanmiz, ertaga biz yo’q qilinishimiz mumkin”, - degan Lukashenko.

KXShT a’zolaridan biri tashqi hujumga uchragan taqdirda bu davlatga ittifoq a’zolari birgalikda harbiy yordam ko’rsatib, uni himoya qilishi kerak.

Ukraina hukumatiga ko'ra, u Rossiyaga ham, tashkilotning boshqa a’zolariga ham xavf solmayapti. Rossiya esa Ukrainaga bostirib kirib, bu urushni “maxsus harbiy amaliyot” deb atamoqda.

Moskvadagi sammit yakunida prezidentlar qo’shma bayonot qabul qilib, unda “KXShT mintaqadagi ziddiyatni bartaraf etish uchun NATO bilan amaliy muloqotga hozirlik ko'rishi” ham ta'kidlanadi.