Falastinning Jenin shahrida “Al-Jazira” telekanalining uzoq yillik jurnalisti Shirin Abu Aqlaning otib o‘ldirilgani dunyo bo‘ylab aks-sado berishda davom etmoqda. Falastinliklarga ko’ra, Abu Aqla Isroil askarlari tomonidan qasddan o'ldirilgan, Isroil esa qotillikka kim javobgarligi aniq emasligini aytib, birgalikda tergov o'tkazishga chaqirdi. Juma kuni Abu Aqlaning dafn marosimida Isroil kuchlari motam uchun yig’ilganlarga yana hujum qilgan. Bu xalqaro miqyosda keskin norozilik va tanqidlarga sabab bo’ldi.
Isroil politsiyasining da’vo qilishicha, motamga yig’ilganlar Falastin bayroqlarini ko'tarib, millatchilik shiorlarini aytgan holda marosimni namoyishga aylantirgan.
"Politsiyada ular nafaqat mashinalardan foydalanib, qabristongacha borishadi, balki juda tajovuzkor namoyishni boshlashadi, degan xavotir bor edi", - deydi Isroil Milliy xavfsizlik kengashining sobiq direktori Giora Eyland.
Abu Aqla oilasi a'zolari politsiya iddaolarini rad etadi.
"Juma kuni kasalxonaga kelganimizda hayron bo'ldik, yo'llar to'sib qo'yilgan edi. Isroil politsiyasi to'liq qurollangan, g'alayonga tayyor edi. Ular tobutni ko’targanlarga hujum qilishni boshladi, hatto tobutni yerga tushirishgacha harakat qilishdi", - deydi o’ldirilgan jurnalistning ukasi Anton Abu Aqla.
Isroil politsiyasining dafn marosimidagi harakatlari falastinliklarni Abu Aqlaning o'ldirilishidan ham ko'proq g'azablantirgan bo'lishi mumkin, deydi falastinlik tahlilchilar.
Buni ham ko'ring "Al-Jazira" muxbiri Isroil o'qidan o'lgan bo'lishi mumkin
“Politsiyaning dafn marosimini bostirishga urinayotgan manzarasi odamlarni g'azablantirdi. Bu yerliklar isroillik askarlar tomonidan odamlarning o‘ldirilishiga o‘rganib qolgan, ammo Isroil odamlarning motam tutishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinishi kamdan-kam uchraydi”, - deydi Falastin maʼmuriyatining sobiq matbuot kotibi Gassan Xatib.
Falastin ma'muriyati va Isroil rasmiylari Abu Aqlaning o'limi va keyingi tergovlar haqida bir-biriga zid fikrlarni bildirdi.
"Bu jinoyat jazosiz qolmaydi. Biz Isroil rasmiylari bilan qo'shma tergov o’tkazishni rad qildik, chunki bu jinoyatni ular sodir etgan va biz ularga ishonmaymiz", - deydi Falastin ma’muriyati Prezidenti Mahmud Abbos.
"Afsuski, otishmada “Al-Jazira” jurnalisti Shirin Abu Aqla halok boʻldi. Falastin maʼmuriyati uning oʻlimida Isroilni ayblashga shoshildi va Falastin prezidenti hech qanday tergov oʻtkazilmasdan turib Isroilga qarshi asossiz ayblovlarni aytdi”, - dedi Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet.
Buni ham ko'ring G'arbiy Sohilda "Al-Jazira"muxbiri o'ldirildi
Shirin Abu Aqla Amerika fuqaroligiga ega bo’lgan. Vashington qotillik va dafn marosimidagi zo'ravonliklarni to'liq tergov qilishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi ham Isroil politsiyasining dafn marosimidagi xatti-harakatlaridan "dahshatga tushganini" ma’lum qildi.
Abu Aqla o'limidan bir hafta o'tgan bo’lsa ham, Isroilga qarshi keskin norozilik va tanqidlar kamaygani yo’q.