Prezident Jo Bayden Shvetsiya va Finlyandiyaning NATO a’zoligi uchun ariza topshirganini olqishlamoqda. Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Anderson va Finlyandia Prezidenti Sauli Niinistyo bilan Oq uyda alyansga a’zolik va Yevropa xavfsizligi yuzasidan muzokaralar bo’lib o’tdi.
“Ikki buyuk demokratik davlat, yuqori salohiyatga ega ikki yaqin hamkorimizning tarixdagi eng kuchli, end qudratli harbiy ittifoqqa qo’shilish istagini AQSh to’la qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Bayden mehmonlar bilan o’tgan matbuot anjumanida.
Bayden yaqingacha neytral pozitsiyada bo’lib kelgan ikki davlatning a’zolik arizalari Kongressga yo’llanishi va tezda ma’qullanishiga umid bildirdi.
“Shvetsiya va Finlyandiya kuchli demokratik institutlarga, armiyaga, kuchli va shaffof iqtisodiyotga ega. NATOning har bir talabiga keragidan ham ortiq javob berishadi”, - deydi AQSh rahbari.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shvetsiya va Finlyandiya nomzodini Bryusseldagi yig’inda e’lon qildi. 30 a’zo konsensus asosida ikki davlatni qabul qilishga rozilik berishi darkor. Bu jarayon odatda bir yilgacha davom etadi, ammo bu gal tezroq bo’lishi kutilmoqda.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATO a’zoligiga intilishi ularning o’nlab yillik neytral maqomiga nuqta qo’yadi. Rossiyaning qo’shni Ukrainani bosib olishi har ikki davlatda qo’rquv uyg’otgan. Finlyandiyaning Rossiya bilan chegarasi 1300 kilometrni tashkil etadi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Pentagonda Shvetsiya Mudofaa vaziri Piter Xultkvist bilan muloqot qilgan.
“Yevropa va Shimoliy Amerika demokratiyalari Rossiya tajovuziga birgalikda qarshi turishi shart”, - deydi Xultkvist.
Biroq Turkiya alyansga bu ikki mamlakatning qo’shilishiga e’tiroz bildirib, ularni “terrorchilarga” boshpana berganlikda, Turkiyaga qarshi sanksiya qo’yganlikda ayblamoqda.
“Biz 30 nafar terrorchini ekstraditsiya qilishni so’radik, ular [Shvetsiya] rad etdi. Terrorchilarni bizga topshirishdan bosh tortasiz-u, lekin NATOga qo’shilishingizga rozilik berishimizni so’raysiz. NATO – xavfsizlik tashkiloti. Shunday ekan, bu tashkilotni xavfsizlikdan mahrum qilishga “xo’p” deya olmaymiz”, - deydi Prezident Rajab Toyib Erdog’an.
Anqaraga ko’ra, Shvetsiya va Finlyandiya terrorchi deb hisoblangan guruhlarga, xususan, Kurdiston Ishchilar Partiyasi (PKK) va Fathulla Gulenga aloqador shaxslarga boshpana bergan. AQShda yashovchi diniy ulamo Gulenni Anqara 2016-yilgi to’ntarishni uyushtirganlikda ayblaydi.
Erdog’an, shuningdek, Turkiyaga sanksiya qo’yganlarning NATOga qo’shilishiga qarshimiz, deydi. Turkiya 2019-yilda Suriyadagi kurdlarga qarshi harbiy operatsiyalar boshlagach, Shvetsiya va Finlyandiya Anqaraga qurol eksportini taqiqlab qo’ygan edi.
Vashingtonda so’zlar ekan, Finlyandiya prezidenti Turkiya bilan bu mavzular muhokama etilganini bildirdi.
“NATO ittifoqchilari sifatida biz Turkiya xavfsizligini ta’minlashga, ular esa bizning xavfsizligimizni ta’minlashga so’z beradi. Terrorizm biz uchun jiddiy masala. Uning har qanday ko’rinishini qoralaymiz va unga qarshi kurashamiz. Turkiyaning a’zolik bilan bog’liq barcha xavotirlarini ochiq va konstruktiv tarzda muhokama qilishga tayyormiz”, - deydi Sauli Niinistyo.
Tahlilchilar fikricha, harbiy blok kengayishi Rossiyani yanada g’azablantirishi mumkin.
“Finlyandiya va Shvetsiyaning tashkilotga qo’shilishi provokatsion harakat sifatida qabul qilinishi mumkin. Ularning alyans uchun ahamiyati to’g’risidagi fikrlar qanday bo’lishidan qat’i nazar, bu ishga hozir qo’l urilgani oqilona qaror ekaniga shubha bilan qarayman. Aksincha, bu strategik sabr yetishmayotganini namoyish etadi”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Melani Sisson.
Prezident Vladimir Putin NATOning sharq tomon kengayishini Rossiyaga tahdid deb hisoblaydi. U Ukrainaning alyansga kirish istagini hozirgi urushning sabablaridan biri sifatida ko'rsatgan.
“NATOning kengayishi – bu butunlay sun’iy ravishda yaratilgan muammo, chunki bu AQShning tashqi siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, NATO bir davlatning tashqi siyosiy quroliga aylangan”, - deydi Putin.
Prezident Bayden bugun Osiyo safarini boshladi, Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrif buyuradi. Ittifoqchilar bilan uchrashuvlarda Ukrainadagi vaziyat ham muhokama qilinadi.