Qozog'iston tashqi ishlar vaziri Vashingtonda bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda, Vashington, 20-may, 2022

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi 20-may kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muloqot qildi.

Blinken deydiki, uzoq yillik strategik hamkor bo'lmish Qozog'iston hozirda yangi davrga qadam tashlamoqda. Bayden ma'muriyati respublikada siyosiy-iqtisodiy islohotlar avj oladi degan umidda.

Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev xalqqa shuni va'da qilgan. 2022-yilning boshida Qozog'iston bo'ylab norozilik namoyishlari o'tib, ular qonli g'alayonlarga aylangan va o'nlab insonlar halok bo'lgan edi.

Natijada "elboshi" deya ulug'langan oldingi rahbar Nursulton Nazarboyev siyosatdan uzoqlashtirildi. 5-iyunda o'tadigan referendum bosh qomusg kamida 56 o'zgartirish kiritishi, jumladan elboshining rolini yanada cheklashi kutilmoqda.

Qozog'iston-AQSh muloqoti, Davlat departamenti, Vashington, 20-may, 2022

"Biz Qozog'istonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlab kelganmiz va bu quvvatlov o'zgarmas", - deydi Blinken.

Tileuberdi muzokara arafasida media oldida gapirar ekan, AQSh bilan strategik sheriklikni mustahkamlash uning tashrifdan asosiy maqsadi ekanini aytdi.

Muloqotning katta qismi mintaqaviy xavfsizlik xususida kechgan. Rossiyaning Ukrainadagi urushi, G'arbning Rossiyaga sanksiyalari - har ikkisining ta'siri muhokama qilingan.

Ukrainadagi mojaroda Nursulton netaraf ekanini aytadi. Rossiya bilan chegaradosh Qozog'iston uning yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo.

Oziq-ovqat ta'minoti, energetika bozori, moliyaviy tizimlar faoliyati, ikki tomonlama aloqalar - diplomatlarning aytishicha, bu mavzular va ular bilan bog'liq boshqa masalalar ham bugungi uchrashuvda ko'tarilgan.

Qozog'iston-AQSh muloqoti, Davlat departamenti, Vashington, 20-may, 2022

Tileuberdi Vashingtonga kelishidan oldin Nyu-Yorkda global oziq-ovqat xavfsizligi anjumanida ham qatnashgan. AQSh tashabbusi bilan o'tgan bu yig'inda o'nlab davlatlardan vazirlar fikr va takliflar almashgan.

AQSh xususiy sektorining Markaziy Osiyodagi eng yirik sarmoyasi Qozog'istonda, xususan neft sanoatida.

Yanvar oyidagi voqealarda Vashington hukumatni fuqaro erkinligini hurmat qilishga, norozi omma bilan murosaga chaqirgan.

Davlat departamenti Qozog'istonni real va konkret islohotlarni amalga oshirishga undamoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari, ichkarida ham, tashqarida ham To'qayev ma'muriyatini va'dabozlikda ayblaydi. Tizimni tubdan yangilash uchun iroda yo'q, islohotlar yuzaki o'tkazilishi ehtimoli yuqori, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan muxolifatchilar.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston diplomatlari bilan ko'rishmoqda, Davlat departamenti, Vashington, 20-may, 2022

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Qozog'iston muloqoti/Kazakh-US Talks