BMT oliy komissari Xitoyga tashrifini boshladi

  • Amerika Ovozi

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bashelet

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bashelet Xitoyga tashrifini boshladi.

Olti kunlik tashrifi davomida Bashelet Shinjonning Qashqar va Urumchi shaharlariga boradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoyni Shinjonda bir milliondan ortiq musulmon etnik uyg‘urlarni hibsda saqlaganlikda ayblab keladi. Xitoy esa bu ayblovlarni rad etadi.

Huquq faollarining ogohlantirishicha, Basheletning tashrifi Shinjondagi huquqbuzarliklarni oqlab berishga xizmat qilishi mumkin.

Uning safari davomida jurnalistlar hamrohlik qilmaydi va unga uyg’urlar saqlanadigan qamoqxonalarga borishga ruxsat beriladimi yoki yo’qmi, bu ham aniq emas.

Xitoy majburiy lagerlarni qayta tarbiyalash ta'lim markazlari deb ataydi va u yerda uyg’urlar kasb-hunar o’rganayotganini hamda ekstremizmga qarshi ta’lim olishini da’vo qiladi.

Buni ham ko'ring BMT bosh kotibi: Shinjonga, albatta, boramiz

Huquq tashkilotlarining aytishicha, Xitoy Shinjondagi uygʻurlar, qozoqlar va boshqa musulmon ozchiliklarning diniy va madaniy o’zligini yo’q qilishni maqsad qilgan. AQSh hukumati Xitoyning harakatlarini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb e’lon qilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbinga ko’ra, Bashelet xonim safari davomida bir qator masalalar bo’yicha uchrashuvlar o’tkazadi.

"Umid qilamanki, bu tashrif ikki tomon o'rtasidagi almashinuv va hamkorlikni yanada rivojlantiradi va xalqaro inson huquqlari ishini yaxshilashda faol rol o'ynaydi", dedi Xitoy rasmiysi.

Bashelet 2005-yildan beri Xitoyga ilk bor tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha birinchi oliy komissari hisoblanadi.

Bashelet idorasining “Tvitter”da yozishicha, BMT vakili Xitoyda "inson huquqlari bilan bog'liq nozik, muhim masalalarni muhokama qiladi" va "bu tashrif Xitoyda va butun dunyoda inson huquqlarini yaxshilash uchun birgalikda ishlashimizga yordam beradi”.

Huquq tashkilotlari Basheletni Xitoyda bo‘lganida uyg‘urlarga nisbatan qo‘llanilayotgan tazyiq siyosati haqida gapirishga chaqirgan.

Buni ham ko'ring 40 dan ortiq davlat Xitoyning uyg'urlar siyosatini qoraladi

“Mishel Basheletning Shinjonga uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan tashrifi mintaqadagi inson huquqlari buzilishini bartaraf etish uchun muhim imkoniyatdir. U ayni paytda Xitoy hukumatining haqiqatni yashirish harakatlariga qarshi kurash bo‘ladi”, - dedi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Bosh kotibi Agnes Kallamard.

Huquq guruhlari, shuningdek, Basheletni Shinjondagi inson huquqlari ahvoli haqidagi BMT hisobotini e’lon qilishga chaqirdi. O'tgan hafta AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays ham hisobotni e'lon qilishga chaqirgan edi.

"Oliy komissarning, ayniqsa, u BMTning inson huquqlari bo‘yicha yetakchi ovozi bo‘la turib, Shinjondagi vahshiyliklarga oid shubhasiz dalillar oldida jim turishi chuqur tashvishga soladi", - dedi Prays.