5-iyun kuni Qozog'istonda konstitutsiyaviy o’zgarishlarga doir referendum rejalangan. Qonunchilikka ko’ra, referendum natijasi hisobga olinishi uchun 50 foizdan oshiq ovoz berilishi kerak.
Tanqidchilar fikricha, Qozog’istonda konstitutsiyaviy o’zgarishlarga jiddiy ehtiyoj yo’q. Mamlakatda yil boshida kuzatilgan ommaviy noroziliklar ortidan o’tkazilayotgan referendum Qosim-Jo'mart To’qayev hokimiyatini mustahkamlash, aholini tinchlantirish maqsadida tashkil qilinmoqda, deydi norozi fuqarolar.
Ba'zi faollar referendumni boykot qilishga chaqirishmoqda. Ular nazarida, shoshilinch o’zgartirilayotgan bosh qomus jamoatchilikning jiddiy muhokamasidan o’tmagan. To’qayev qarorni bir oy avval e’lon qilgan.
Taklif qilinayotgan asosiy o’zgarishlar - prezidentning yaqin qarindoshlari hukumatda mansab egallashini taqiqlash, prezident o’z lavozimini bajarishi davomida partiyasiz bo’lishi shartligi, o’lim jazosini man etish, shuningdek, sobiq prezident Nursulton Nazarboyev bilan bog’liq maqomlar bekor qilinishi.
Qozog'istonni 30 yil boshqarib, rahbarlikdan 2019-yilda rasman ketgan va aslida esa hokimiyatni tebratishda davom etgan Nazarboyevga qarshilik kuchli. Sharhlovchilar bu referendum Nazarboyev davrini tugatishi kerak, deya ta'kidlamoqda.
To’qayev qayd etishicha, bu tuzatishlar qonun ustuvorligini mustahkamlab, fuqarolar manfaatini himoyalaydi va boshqaruv samaradorligini oshiradi.
Uning aytishicha, referendum prezidentlik vakolatini uzaytirish uchun bahona emas.
“Mendan xorijdagilar, ichkaridagilar ham davlat rahbari referendum orqali prezidentlik vakolatini uzaytirish, muddatlarini nollashtirishni reja qilyaptimi deb so’rashmoqda. Javobim: Menda bunday niyat bo’lmagan va bo’lmaydi ham”, - degan To’qayev Almatida o’tgan yig’inda.
Fuqaro jamiyati vakillari To’qayevning bu gaplariga shubha bilan qaraydi.
Qozoq muxolifati faollaridan Aydos Sodiq deydiki, konstitutsiyaviy o’zgarishlar nega bu qadar shoshilinch o’tkazilayotganining sababi jamoatchilikka noma’lum.
“Ko’pchilik hali tushunib yetgani yo’q, nima, nega o’zgartirilyapti. Konstitutsiyada o’zgarishlar qilish uchun bir oy juda qisqa muddat. Shoshilinch qilinayotgan bu islohotdan faqat amaldagi hokimiyat manfaatdor, o’tdi deyilgan ko’rsatkich kerak. Chunki aholida hamon norozilik kuchli, namoyishlarda otib tashlanganlarning yaqinlari adolat talab qilishda davom etishyapti. Hokimiyatga hujum qilgan “terrorchilar” kimligi esa hamon ko’rsatilgani yo’q, ko’rsatilmaydi ham, chunki namoyishlar ortida terrorchilar emas, oddiy xalq turgan edi. Bu noroziliklar ortidan shoshilinch referendum o’tkazilishi o’z obro’yini yo’qotib bo’lgan To’qayev hokimiyatini rasmiylashtirish uchun qilinmoqda ”, - deydi Aydos Sodiq.
Shu yilning yanvar oyida Qozog’istonda kuzatilgan ommaviy noroziliklar va g'alayonlarda, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 200 ga yaqin odam o’lgan.
Qozog’iston prezidenti bu noroziliklarni “xorijdagi jangari guruhlar tomonidan rejalangan terror xuruji ” deb atagan. Noroziliklarni bostirish uchun mamlakatga Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq (KXShT) kuchlari ham kiritildi.
To’qayev aholiga jiddiy siyosiy islohotlar va’da qildi. Nazarboyevning qudrati cheklanib, u hokimiyatdan chetlashtirildi.
Ayrim ekspertlar siyosiy islohotlar shiori ostida ketayotgan hozirgi jarayonlarni jiddiy sinov deb hisoblasa, boshqalar nazarida ular reformalardan darak emas.