Rossiya amerikalik jurnalistlarni haydashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Mariya Zaxarova, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays: Rossiya jurnalistlariga AQShda munosabat salbiy emas; visa olishyapti, birortasi guvohnomasidan ayrilmagan.

6-iyun kuni Moskva AQSh axborot vositalarining muxbirlarini mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Tashqi ishlar vaziri Mariya Zaxarova ularni bu borada ogohlantirib, agar Rossiya ommaviy axborot vositalariga Amerika munosabati ijobiylashmasa, ularni ham "munosib reaksiya" kutayotganini aytgan.

Zaxarova bilan uchrashgan amerikalik muxbirlardan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bosim qattiq.

"Zaxarova akreditatsiya uzog'i bilan uch oyga cho'zilishi mumkinligi va agar AQSh Rossiya jurnalistlariga yondashuvini yaxshilamasa, Rossiya uning jurnalistlarini man etishi haqida gapirdi", - deydi ism-sharifini bildirmaslikni so'ragan muxbir.

Moskva odatda xorijiy OAV vakillarini bir yilga akreditatsiyadan o'tkazadi va shuncha muddatga viza beradi.

AQSh Tijorat vazirligi o'tgan oy Rossiyaning uch davlat teleradiosiga sanksiya qo'yib, ularni Kremlning urush propagandasini yoyayotgan vositalar deya qoraladi.

Zaxarovaga ko'ra, rossiyalik muxbirlar AQShga viza olish va mamlakatda turishni uzaytirish masalalarida qiynalmoqda. Ularning bank hisoblariga to'siqlar qo'yilgan. Rossiya hukumati, shuningdek, Amerika maxfiy xizmatlarini uning jurnalistlariga bosimlarda ayblamoqda.

Sanksiyalar sabab Rossiyaning bir necha axborot vositalari Amerikadagi muxbirlariga va boshqa xodimlariga maosh to'lay olmayapti.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays deydiki, Rossiya jurnalistlariga AQShda munosabat salbiy emas. Visa olishyapti, birortasi guvohnomasidan ayrilmagan, deydi u.

AQSh hukumati nazarida esa Kremlni mamlakatda xorijiy va mahalliy jurnalistlarga zug'um o'tkazmoqda.

Mustaqil media man etilayapti, professional jurnalistlar Rossiya hukumati propagandasini tarqatishga majburlanmoqda, chet eldan axborot oqimi cheklangan, deya tasvirlaydi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

"Rossiya hukumati o'z adolatsizligini bizning munosabatimizga tenglashtirishi asossiz", - deydi Prays, 6-iyun kungi brifingda.

"AQSh Rossiya jurnalistlariga viza berayapti. Xorijiy matbuot markazimiz rossiyalik biror muxbirning guvohnomasini bekor qilmagan".

Rossiya 24-fevralda Ukrainaga bostirib kirganidan beri axborot vositalari va ularning xodimlariga keskin talablar qo'ygan. Urushni "urush" emas, "maxsus harbiy amaliyot" deb yoritish ulardan biri. Aks holda muxbirlar yoki muharrirlar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

May oyida Rossiya qonunchilari ma'qullagan qonunga ko'ra, g'anim deb qaralgan davlatlarning matbuotiga mamlakatda joy yo'q.

"Ozodlik" radiosi Moskva "soxta" deb hisoblagan ma'lumotni o'chirmagani uchun shu kunlarda 325 ming dollarlik jarimaga tortildi. Bu axborotda urushda o'lgan ukrainlar va rossiyalik harbiylar soni haqida gap ketgan.

Venada joylashgan Xalqaro matbuot instituti hisobicha, Ukrainani yoritgan jurnalistlardan kamida 72 nafari Rossiyada hibs qilingan yoki tergov ostida.

"Amerika Ovozi" va Britaniya teleradio korporatsiyasi Rossiyada blokda.

AQSh sanksiyalari ostidagi "Rossiya-1", "Birinchi kanal" va NTV dan tashqari Yevropa va Kanadada RT ham cheklangan.

Gollandiyada ayrim jurnalistlar Yevropa Ittifoqini bunday taqiqlarni joriy etmaslikka chaqirmoqda. Ular Kreml pozitsiyasini yoqlamaydi, ammo erkin tuzumlarda hukumatlar mediani man etishini ham xohlamaydi.

Rossiyadan kelayotgan ogohlantirishlar Pekinga xos siyosatni eslatadi. Vashington Xitoy hukumatini yovuzlikni targ'ib qilganlikda ayblab, unga tegishli axborot vositalarining AQShda turishi va ishlashini cheklaganida, narigi tomon ham Amerika jurnalistlarini siquvga olgan.

"Rossiya va Xitoy matbuotni ezishga o'rgangan. Avtoritar tuzumlar uchun bu doimiy hol. O'z geosiyosiy maqsadlari yo'lida ular jurnalistikani nishonga olishdan hech toymaydi", - deydi Tanos Dimadis, AQShdagi xorijiy muxbirlar uyushmasi rahbari.

Chunki, deydi u, bu hukumatlar jurnalistlar ularga xizmat qilishini istaydi.

"Xorijiy muxbirlar esa o'z davlatlarining agentlari deb qaraladi", - deydi Dimadis.