Amerika rasmiy tekshiruvi natijalari ko'ra, Afg'onistonning sobiq prezidenti Ashraf G'ani va uning hukumati a'zolari 2021-yilning avgust oyi o'rtasida Kobuldan qochar ekan, o'zlari bilan millionlab dollar olib ketmagan. 15-avgust kuni qurolli muxolifat poytaxtga yaqinlashar ekan, G'ani, uning muovinlari va yordamchilari prezident saroyidan va shu tariqa mamlakatni tark etgan edi.
O'sha paytda G'anini davlatni o'marganlikda gumon qilgan asosiy tomon Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi bo'lgan. Rus diplomatlari 16-avgust kuni o'z hukumati axborot vositalari orqali tarqatgan bayonotlarida G'ani o'zi bilan to'rt avtomobil, vertolyotlar va taxminan 169 million dollar olib ketganini da'vo qilgan.
Bu bayonotlar keng yoyilib, boshqa rasmiy taraflar ham unga jo'r bo'lgan. G"ani bu gumon va ayblovlarni mutlaq inkor etib, ularni "qip-qizil yolg'on" deb atagan.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus inspektori Jon Sopko hisobotiga ko'ra, haqiqat har ikki tomonni ham oqlamaydi.
“Saroydan naqd pul olib ketilgani tasdiqlandi. Vertolyotlarda ketilgani ham rost. Biroq mablag' millionlab dollar bo'lmagan, hatto 1 million ham emas. 500 ming dollarga yaqin pul bilan ketilgan", - deyiladi Sopko Kongressga uzatgan xatda.
“Bu mablag'ning aksariyati hukumat xarajatlari uchun ajratilgan pul bo'lib, G'ani hukumatidan saroyda 5 million dollar qolgan. Lekin u keyinroq o'marilgan".
Sopkoning bildirishicha, “qolgan pul prezident xavfsizlik xizmatida ishlaganlar va orasida bo'lib olingan. Bu ish G'ani ketganidan keyin va Tolibon saroyni egallamasdan oldin yuz bergan".
Hisobotda G'anidan iqtiboslar va to'g'ridan-to'g'ri ma'lumotlar yo'q, lekin Afg'onistonning 30 dan oshiq sobiq rasmiylari bilan gaplashilgan. Ularning tasvirlashicha qochayotganda hukumat a'zolari o'zlari bilan eng zarur narsalarni olgan xolos, og'ir yuksiz ketishgan. Prezident saroyidagilar Kobulni to'rt vertolyotda tark etgan.
Buni ham ko'ring G’ani Afg’onistondan qop-qop dollar bilan qochgani haqidagi da’volar tekshirilmoqdaGuvohlarning qayd etishicha, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari Qahhor Kochay va Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi o'rinbosari Rafi Fozilning chemodaniga bir necha xaltada 440 ming dollarga yaqin pul solingan. Yana bir necha ming dollar rasmiylar orasida taqsimlangan.
“Har birimiz 5-10 ming dollar orasida olganmiz", - degan yuqori lavozimda ishlagan guvohlardan biri. “Hech kim millionlab dollar bilan qochmagan".
Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi bo'lgan Hamidulla Mohib Amerika telekanallari bilan suhbatda "hech kim pul olib ketmagan, faqat o'z jonimizni o'yladik xolos", degan.
Mohib "Amerika Ovozi" bilan intervyuda bildirishicha, u haqiqat yuzaga chiqishi uchun inspektorga bor gapni aytgan.
“Bank hisobim va mulkim borasida maxsus barcha ma'lumotlar ular qo'lida", - degan edi u.
Amerika tekshiruvi Rossiya diplomatlari qilgan da'volarni asoslovchi biror dalil topmagan.
Hisobotda ta'kidlanishicha, ruslar gumon qilganidek, 169 million dollar naqd pul qariyb 2 tonna yuk bo'lardi va buni olib chiqish qo'shimcha vositalar talab qilardi.
Vertolyotlar odamga to'la bo'lgan, boshqa xohlovchilarga joy qolmagan. Rossiya bayonotlarini to'g'ri deb chiqqanlar esa maxsus inspektor idorasi bilan gaplashishdan bosh tortgan, uning savollariga javob bermagan.
Buni ham ko'ring Ashraf G'ani: Qochishdan boshqa chora yo'q ediOlib ketilgan yarim millionga yaqin pul esa tezda tugagan. G'ani bilan qochganlarning aytishicha, 120 ming dollar O'zbekistondan Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketish uchun sarflangan. To'rt vertolyot yonilg'i to'ldirish uchun O'zbekistonga qo'nishga majbur bo'lgan, deydi guvohlar. Ularda jami 54 yo'lovchi bo'lgan.
Abu Dabi shahriga yetib kelgach afg'onlar qolgan pulni oralarida bo'lib olgan. Ular bir necha kun Sent-Rejis mehmonxonasida yashashgan.
“Pulning bir qismi Afg'onistonda qolgan yaqinlarga va xizmatchilarga yuborilgan. Yana bir qismi Afg'onistondan chiqib ketish harakatida bo'lgan sobiq rasmiylarga uzatilgan", - deyiladi hisobotda.
AQSh inspektori G'anining komandasi millionlab dollar bilan qochmaganiga ishonch hosil qilgan, ammo hukumat hisobida qolgan mablag' taqdiri hamon savol ostida.
Tolibon hokimiyatni qo'lga olishidan bir necha oy oldin prezident idorasi qoshidagi Milliy xavfsizlik boshqarmasi iznida 70 million dollar mablag' bo'lgan.
Inspektor bilan gaplashgan sobiq rasmiylari bu mablag' Kobulda ishlatib bo'lganini aytgan.
“Qurol sotib olingan, xavfsizlik uchun sarflangan. Viloyatlarning rahbarlariga ham berilgan, chunki ular yordam so'ragan edi. Qabila yetakchilariga ham naqd pul uzatilar edi", - degan guvohlardan biri.
Inspektor tekshiruvining tasdiqlashicha, G'ani hukumati bag'oyat korrupsiyalashgan tizim bo'lgan va xalqqa tegishli mablag', Afg'oniston ravnaqi uchun xorijiy davlatlardan, jumladan Amerikadan kelgan yordam suiiste'mol qilingan.