Prezident Jo Bayden AQSh Global Media Agentligi (AGMA) rahbarligiga “Amerika Ovozi”ning sobiq direktori Amanda Bennett nomzodini ko’rsatgan. Senatdagi tinglovda Bennett dezinformatsiya kuchaygan bir sharoitda erkin matbuot yuzlashayotgan muammolar, haqqoniy informatsiya ahamiyati yanada oshgani haqida so’zladi.
Agarda tasdiqlansa, Amanda Bennett bir necha media tashkilotlarni, jumladan “Amerika Ovozi”ni o’z ichiga olgan, yillik byudjeti 840 million dollarga teng AQSh Global Media Agentligiga rahbar bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Tarixning muhim pallasidamiz. Jurnalistika va xalq diplomatiyasi avtoritar rejimlar tomonidan har qachonigan ko’proq bosimga uchramoqda. Ularning qurollari – uydirma va dezinformatsiya. Odamlar faktlarga asoslangan informatsiya olishni istaydi. Butun hayotim jurnalistika ichida o’tgan”, - deydi Bennett.
Jurnalistika olamidagi yuksak mukofot - Pulitzer sovrindori Bennett yirik axborot vositalarini boshqargan, nufuzli nashrlarga muharrirlik qilgan. Amerikaning yetakchi jurnalistlaridan biri deya e’tirof etiladi.
Global Media Agentligining avvalgi rahbari, konservativ rejissor Maykl Pek 2021-yilda ishdan olingan. U axborot vositalari faoliyatiga hukumat aralashmasligini kafolatlovchi tizimni o’zgartirishga uringan edi.
“Global Media Agentligining maqomini, qarorlar qabul qilishda mustaqilligini qanday ta’minlaysiz? Sizni savolga tutayotgan har ikki partiyani, global auditoriyangizni maqsadingiz faqat ishonchli va serqiqqa axborot berish ekaniga qanday ishontirasiz?” - deb so’radi senator Brayan Shatz.
Bennettning javobi:
“Qariyb 50 yillik jurnalistik faoliyatim davomida doimo betaraflik, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga amal qilganman. Bundan keyin ham bu tamoyillarga sodiq qolish niyatidaman. Global Media Agentligi ham shu asnoda ish olib boradi. Xususan, “Amerika Ovozi”da tarafkashlikka o’rin yo’q”.
Uning direktorlik davrida Tramp ma’muriyati “Amerika Ovozi”ni Xitoydagi koronavirus bilan bog’liq vaziyatni ijobiy yoritganlikda tanqid qilgan.
Bennett Xitoyga yon bosganlik haqidagi da’volarni inkor etdi. Masalaning barcha tomonlarini faktlar asosida yoritganmiz, deydi u.
“Matbuot erkinligi va demokratiya chekinayotgan bir paytda, AQShning xalqaro teleradiosi o’ta muhim rol o’ynashi lozim, - deydi senator Jon Barraso. – Avtoritar hukumatlar axborot vositalarini yopib, senzurani kuchaytirmoqda. Xalqaro hamjamiyatga muvozanatli va obyektiv axborot uzatish kerak, ayniqsa dezinformatsiya, propaganda va terror mafkurasi keng tarqalgan hududlarga”.
Senat tinglovlarida nomzodlar obdan savolga tutiladi. Amanda Bennett nomzodi yaqin haftalarda ovozga qo’yilishi kutilmoqda.